Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Falastin bosh vaziri: 2022-yil fojialarga to‘la keldi...

Falastin bosh vaziri: 2022-yil fojialarga to‘la keldi...

Foto: WAFA

2022-yil davomida Isroil kuchlari tomonidan 220 nafar falastinlik o‘ldirildi. Falastin rasmiy agentligi (WAFA) xabariga ko‘ra, bu haqda mamlakat bosh vaziri Muhammad Ishtiyya hukumat yig‘ilishidagi nutqida gapirgan.

«Bu yil biz uchun fojialarga to‘la keldi: 220 dan ziyod shahid berdik, 9000 kishi jarohatlandi, 6500 kishi hibsga olindi», – degan Falastin bosh vaziri.

Yil davomida Isroil kuchlari falastinliklarga tegishli 832 ta binoni buzib tashlagan, 13 ming tup zaytun daraxtini qo‘porgan.

Poyoniga yetayotgan yilda Falastinga xalqaro ko‘mak hajmi sezilarli darajada qisqargan. Pandemiya, Ukraina urushi va Tel-Aviv tomonidan Falastinga tegishli soliqlarning olib qo‘yilishi tufayli mamlakat iqtisodiyoti jiddiy zarar ko‘rgan.

Muhammad Ishtiyya falastinliklar milliy-ozodlik ideallari yo‘lida barcha sinovlarni yengib o‘tishiga ishonch bildirgan.

BMTning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Tor Vennesland ham yaqinda Xavfsizlik kengashidagi hisobotida 2022-yil Isroil–Falastin ziddiyatida o‘limlar eng ko‘p qayd etilgan yil bo‘lganini aytgan edi.  Unga ko‘ra, joriy yilda G‘arbiy sohilda 150 falastinlik, 20 nafar isroillik o‘ldirilgan.

«Men har ikki tomondan tinch aholiga nisbatan zo‘ravonlik keskin ko‘payganidan jiddiy xavotirdaman. Bu esa ishonchsizlikni kuchaytiradi, ziddiyatni tinch yo‘l bilan hal etishga xalal beradi», – degan BMT elchisi.

Tor Vennesland begunoh bolalar zo‘ravonlik qurboni bo‘layotganini o‘ta xavotirli holat deb atagan.

Qayd etilishicha, bu yil Falastindan 44 nafar, Isroildan bir nafar bola halok bo‘lgan.  Masalan, 12 dekabr kuni Isroil harbiysi G‘arbiy Sohildagi Jenin shahridagi reyd chog‘ida 16 yoshli falastinlik qizni otib o‘ldirgan.

Yuqori martabali diplomat Falastinning ishg‘ol ostidagi yerlari, jumladan, Sharqiy Quddusda Isroil tomonidan noqonuniy qurilishlar davom ettirilayotganini ham tanqid qilgan.

BMT maxsus vakili xalqaro hamjamiyatni zo‘ravonlikka chek qo‘yish va aybdorlarni javobgarlikka tortishga chaqirgan.

Avvalroq Amnesty International tashkiloti Isroilni falastinliklarga nisbatan aparteid siyosati yuritishda ayblagan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring