Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Putin va Szinpin uchrashuvi: ekspertlar Rossiya matbuoti yashirishga urinayotgan jihatni ochiqladi

Putin va Szinpin uchrashuvi: ekspertlar Rossiya matbuoti yashirishga urinayotgan jihatni ochiqladi

Foto: AP

20-22-mart kunlari Xitoy rahbari Si Szinpin Rossiya prezidenti Vladimir Putin taklifiga binoan Moskvada mehmon bo‘ldi. Tashrif davomida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirishga doir hujjatlar imzolangan. Putin va Szinpin ko‘plab xalqaro masalalarda pozitsiyalar yaqin yoki mos kelishini qayd etgan.

Szinpin «Putin rahbarligida Rossiya sezilarli muvaffaqiyatlarga erishgan»i haqida gapirgan.

Rossiya tomoni o‘z navbatida Osiyo, Lotin Amerikasi va Afrika mamlakatlari bilan tashqi savdo hisob-kitoblarida yuanga o‘tishga tayyorligini ma’lum qilgan.

Safar yakunida Szinpin rossiyalik hamkasbini Xitoyga taklif qilgan.

Xitoy rahbarining Moskvaga tashrifi Ukraina bosqini ortidan Rossiya prezidenti xalqaro hamjamiyat tomonidan yakkalab qo‘yilgan davrga to‘g‘ri kelmoqda. Boz ustiga, Szinpinning Moskvaga kelishi arafasida Xalqaro jinoiy sud Putinni hibsga olishga order bergan edi.

Rossiya davlat ommaviy axborot vositalari Xitoy rahbarining tashrifini yuqori pafosda yoritgani kuzatildi. Ammo siyosiy va iqtisodiy tahlilchilar mushkul vaziyatda qolgan Rossiyaning Xitoy bilan munosabati allaqachon tenglik maqomini yo‘qotganiga e’tibor qaratmoqda.

O‘zbekistonlik tahlilchi Bahodir G‘aniyevning fikricha, Rossiya de fakto Xitoyning vassaliga aylanmoqda. 

«Si uchrashuvda rasman Putinning kelgusi muddatga saylanishini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Holbuki, nomzodlar hali e’lon qilinmagan, saylov ham kelgusi yilda o‘tishi rejalashtirilgan. Buni xo‘jayin maqomidagi davlat tomonidan vassal mamlakat prezidentiga berilgan ishonch yorlig‘i deb baholash mumkin. Sining dastagi beg‘araz bo‘lishi amrimahol. U Putinni qanday shartlar evaziga bo‘yin egishga majbur qilganini kelgusi o‘n yilliklarda bilib olamiz. Arzon xomashyo, balki hududiy yon berishlardir?!» – deb yozadi B.G‘aniyev.

Ekspert Xitoy raisi Putin lavozimdan ketishi va Ukraina urushida mag‘lubiyatga uchrashiga yo‘l qo‘ymaslik uchun kerakli choralarni ko‘rishiga ham ishonch bildirgan.

O‘zbekistonlik boshqa bir tahlilchi Yuliy Yusupovning yozishicha, o‘nlab yillar davomida xitoy ajdahosi Shimoliy Koreyani qo‘lga o‘rgatilgan maymuncha singari boshqarib  keldi. Bu g‘azabnok maymuncha egasining buyrug‘i bilan g‘arb arsloni mo‘yloviga teginib jahlini chiqarishi mumkin bo‘lgan, lekin kerak paytda darrov dumidan  tortib turilar edi. Endi esa Putinning «sharofati» bilan g‘azabnok maymuncha vazifasini rus ayig‘i bajaradigan bo‘ldi.

Karikatura: Emanuele Del Rosso.

«Agar ilgari Rossiya Xitoy bilan deyarli teng paritet miqyosida siyosiy muzokaralar olib borgan bo‘lsa, endilikda Rossiya o‘zini rasmiy ravishda Xitoyga qaram (satellit) sifatida tan olmoqda. Ayiq qo‘lga o‘rgatilgan maymunchaga aylandi. Ajdahoning yangi g‘azabnok maymunchasi ancha xavfli ko‘rinsa-da, yaxshigina boshqariluvchan va xo‘jasiga sadoqatlidir», – deya fikrlarini obrazli ifodalaydi Yu.Yusupov.

Myunxen xalqaro anjumani rahbari Kristof Hoysgenga ko‘ra, Xitoy rahbariyati Putinning kuchsiz bo‘lishidan manfaatdor. Chunki zaif hamkor sifatida u Pekin tomonida bo‘ladi va uning yo‘rig‘iga yuradi. Shu bois ham Szinpin Rossiya qo‘shini Ukrainadan olib chiqilishini talab qilmaydi. Pekin, ayni choqda, Putinning butkul zaiflashib hokimiyatdan ketishiga ham yo‘l qo‘ymaydi. K.Hoysgen fikricha, Szinpin Rossiyani xalqaro maydonda AQSh, Yevropa va boshqa demokratik davlatlarga qarshi turadigan avtoritar davlat sifatida saqlab qolishga urinadi.

Britaniya matbuoti ham Kremldagi manbalariga tayanib Rossiyaning Xitoyga qaramligi kuchayayotgani va u Chin o‘lkasi uchun xomashyo bazasiga aylanib borayotgani haqida yozgan. Xususan, Strategik tadqiqotlar xalqaro instituti katta ilmiy xodimi Mariya Shagina Moskvaga nisbatan sanksiyalar joriy etilgach, munosabatlarda tarozi posangisi Pekin tomon bosib ketayotganini qayd etgan. «Rossiya endilikda ini maqomida ekanini yashirib bo‘lmay qoldi», – degan M.Shagina. 

Rossiya media makonidagi ayrim propagandachi axborot kanallari esa allaqachon XXI asrda AQSh emas, Xitoy vassali bo‘lishning afzal jihatlari haqida yoza boshlagan.

Eslatib o‘tamiz, bir yil avval o‘zbekistonlik iqtisodchi, Viskonsin universiteti biznes maktabi (AQSh) doktoranti Behzod Hoshimov ham yaqin kelajakda Rossiya Xitoyga qaram mamlakatga aylanishini bashorat qilgan edi.

S.Salim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring