O‘zbekiston chegarasini noqonuniy tarzda kesib o‘tgan fuqaro o‘qqa tutildi

Chegaradan o‘tish qoidalari bo‘yicha har ikki davlatning chegaraoldi hududlari aholisi bilan muntazam tushuntirish ishlari olib boriladi.
Qirg‘iziston davlat chegara xizmati sayti ma’lumotlariga ko‘ra, 27-yanvar kuni yarim tunda qirg‘izistonlik cho‘pon O‘zbekiston chegarasini noqonuniy ravishda kesib o‘tadi.
Uni payqagan chegarachilarning to‘xtash to‘g‘risidagi chaqirig‘i va yuqoriga o‘q uzishlariga qaramay, Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Olabuqa tumanida yashovchi A.U. Qirg‘iziston tomon qochishda davom etadi. Shundan so‘ng o‘zbekistonlik chegarachilar unga qarata o‘q uzishga majbur bo‘lishgan.
Chegarani noqonuniy kesib o‘tgan va chegarachilarning qonuniy talablariga bo‘ysunmagan A.U. chap oyog‘idan yaralanib, Namangan viloyati Chust tumani shifoxonasiga yetkazilgan va unga tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Hodisa yuzasidan har ikki tomondan surishtiruv ishlari boshlandi. O‘zaro kelishuvga muvofiq, surishtiruv ishlari yakuniga yetishi hamda qonunbuzar sog‘ayishi bilan Qirg‘iziston tomoniga berib yuboriladi. Shuningdek, yaradorning yaqin qarindoshlari shifoxonaga kelib, uni ko‘rib ketishlariga ham ruxsat berilgan.
Ta’kidlash joizki, chegaradan o‘tish qoidalari bo‘yicha har ikki davlatning chegaraoldi hududlari aholisi bilan muntazam tushuntirish ishlari olib boriladi. Xususan, shunday tadbirlardan biri shu yilning 22-yanvarida Olabuqa tumanining Ko‘kserek qishlog‘ida bo‘lib o‘tgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter