Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Bizga ham «Mitxun»lar kerak!

Bizga ham «Mitxun»lar kerak!

Foto: Videolavhadan skrinshot

Bir paytlar «Disko raqqosi» degan hind badiiy filmi bo‘lardi. O‘sha paytlari bu filmni ko‘rmagan odam bo‘lmasa kerak. Kinoda bir sahna ko‘rinishi bor. Mahallada yashaydigan odamlarning uyini buzish uchun 2-3 nafar zo‘rovon majburlik bilan ashyolarini ko‘chaga uloqtirayotganlarga aholi dod-voy qiladiyu, ammo bas kelolmaydi. Shunda shu mahallada yoshligida yashagan mashhur qo‘shiqchi Jimmi (Mitxun Chakraborti) yakka o‘zi bir necha zo‘rovonga bas kelib, ularni mahalladan quvib soladi. Kinoda ixchamgina yigitning bir necha barvasta erkaklarga bas kelishi mantiqsizdek tuyuladi va kulgingni qistaydi. Ammo ana shu ertakmonand sahna ko‘rinishiga ishonging kelib ketadi. Shu bilan birga ularga bas kelgan yigitning qilgan ishidan zavqing jo‘shadi. Allamzamonlar Hindistonda ham ana shunday uy buzilishlaridan xalq zada bo‘lgan va Mitxun Chakrabortidek qahramon orqali bu jarayon ochib berilgani bejiz emasligini o‘ylaysan.

Kuni kecha «Fasebook» tarmog‘ida bloger Dima Qayum — Dilshod Boltaboyevning Rishton bozori buzilishi haqidagi postini o‘qib qoldim:

«Bunday chiroyli bozor vodiyda sanoqli. Rishton tuman dehqon bozori yillar davomida 6 marta buzildi...

Bu safar ham buziladi deyishmoqda va tadbirkorlarni «Paxta punkt» deb ataladigan bozorga ko‘chirmoqda... lekin u joyda sharoit yo‘q, go‘sht va oziq-ovqatlar ayniydi, chang...

Buzilishiga qarshi emas, lekin kecha ogohlantirib bugun buzamiz deyishganiga tadbirkorlar shok holatda... o‘zi yaqindagina buzamiz deb tiklashgan edi..

Avval yangisini qurib keyin eskisini buzmaydimi? (o‘zi yangi)

Tadbirkorlarni huquqini himoya qilish tashkiloti bormi?

Darvozalar berk! Bozor ichiga xalq darvoza tagidan kirmoqda...»

Buzilishga tushgan Rishton bozori.

O‘ylaysanda, nimaga tuppa-tuzuk bozorni buzib qayta qurishadi. Buning ortida biror manfaat yashiringan emasmi? «Bozorga tegma, mozorga tegma» degan hikmatli gaplar allaqachon bizning yurtimizda o‘z qiymatini yo‘qotgandek go‘yo.

«Fasebook»ning «Xalq bilan muloqot» guruhida kuni kecha yana bir xabar video yozuv bilan jamoatchilikning bahs-munozarasiga sabab bo‘ldi.

Bu xabarda aytilishicha, M.Ulug‘bek tumani Parkent ko‘chasini Bosh prokuror, Toshkent hokimi topshirig‘iga bo‘ysunmasdan Murod Bilding tashkiloti nomidan Doniyor ismli yigit tomonidan hovlilar buzib tashlanmoqda ekan. Va bu xabarga xorijda faoliyat yuritayotgan hamkasbimiz Ibrat Safo mana bu tarzda o‘z fikr-mulohazalarini bildirgan: «Bu haqiqatdan ham Murad Bildingning odamimi, yo‘qmi, bilmadimu, lekin butun O‘zbekiston uchun oxirgi ikki yilda odatiy holga aylangan sahna. Buzamiz deb keladi, qo‘lida na hujjati bor, na birov bilan gaplashishni biladi. Turishini qara qornini do‘ppaytirib, telefonini titkilab. Haqiqiy shpana. San kimsan birovning uyiga bostirib kelib va uy dokumentini so‘rab? Darvoqe, bu sharmandaliklar allaqachon xorij matbuotigayam yoyildi, ayniqsa Toshkentdagi bunday arbitrar buzilishlar haqida maqolalar, butun boshli tergov va ilmiy ishlar yozilyapti. Bu dunyoga ochilaman deyayotgan davlat imidji uchun juda yomon...»

«Qushning ham uyasi buzilmasin», degan gaplarning eskirgani ham ancha bo‘lgan ko‘rinadi.

Bugun O‘zbekistonda uyi buzilayotgan odamlarning noroziligini eshitish oddiy holga aylandi. «Ozodlik» radiosi biror post qo‘ysa, doimo Xosiyat ismli ayol mavzuga to‘g‘ri keladimi yo‘qmi 500 tup daraxti bor bog‘i buzilgani haqidagi «nola»sini izoh qilib qo‘yadi. «Ozodlik» ni o‘qiydiganlar zora mening ham dardimni eshitarmikan degan ilinjda. Bugun O‘zbekistonda bu masalada xalqning huquqlari buzilayotgani hech kimni tashvishga solayotgani yo‘q. Yaponiyada bir insonning bog‘ini buzib yangi idora qurmoqchi bo‘lganda bog‘bon sudda yutib chiqadi, uning nafaqat bog‘i saqlanib qoladi, hatto bog‘dagi daraxtlarga zarar yetkazilmasligi uchun bog‘ning tepasidan samolyot ham uchib o‘tmaydi, balki aylanib o‘tadi.

«Disko raqqosi» kinosidagi Mitxun Chakrabortining bir o‘zi bir necha odamga bas kelgani, buzg‘unchilarni mahallasidan quvib solganiga unchalik ham ishonging kelmaydi, kulguli tuyuladi, ammo bizdagi bugungi jarayonni kuzata turib, Mitxunning ishiga ishonmay turib qahramonligiga zavqing keladi. Bizga bugun o‘z bilak kuchi bilan emas, qonun bilan noqonuniy buzilishlarga chek qo‘yadigan Mitxunlar kerak...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring