Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hokim: «Ikki-uch yilda yoshlarni eplab olamiz»

Hokim: «Ikki-uch yilda yoshlarni eplab olamiz»

Foto: Xabar.uz

Shofirkon keng imkoniyatlarga ega. Buni tuman hokimi Shukurullo Hakimovning o‘zi bir necha bor ta’kidlab o‘tdi. Ammo hamma gap shundaki, mana shu «keng imkoniyatlar»ga qaramasdan tuman ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha qoloq hududlardan biri bo‘lib turibdi. Shofirkon tuman Xalq deputatlarining navbatdagi kengashida aynan shu masala ko‘rib chiqildi hamda Sh.Hakimovga jurnalistlar va deputatlar qator savollar bilan murojaat qilishdi.

— Shofirkon tumani qoloq hududlar sirasiga tushib qolganiga izoh berib o‘tadigan bo‘lsam, o‘ndan ortiq bandlarga ko‘ra rejani bajara olmaganmiz. Bularning barchasi o‘zimizning kamchiliklarimiz. Shaxsan o‘zim 2020 yilning fevralida tumanga hokim bo‘lib keldim, ammo shunga qaramasdan, o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlar bizniki emas, deb o‘tirmasdan, mavjud muammolarni to‘g‘irlashga harakat qilyapmiz. Va’da berib aytamanki, 2020 yilning yakuniga qadar sariq hududga, 2021 yilning birinchi yarmida esa yashil hududga o‘tamiz. Tumanning eksport salohiyatini oshirib, aholi jon boshiga 100 dollarga olib chiqishga qurbimiz yetadi.

E’tiborsizligimiz, muammolar ichiga kirmaganimiz bois qoloq hududga aylanib qoldik. Ammo xatolarni to‘g‘irlashga va’da beramiz. Buning uchun imkoniyatlarimiz ham, tabiiy boyliklarimiz va sanoat ishlab chiqarishi ham yetarli. To‘g‘ri, tumanda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun elektr energiyasi bo‘yicha muammolar bor. Bizda to‘rtta podstansiya mavjud, ammo ularning barchasi oxirgi marta o‘tgan asrning 70-80 yillarida ta’mirlangan. Agar shuni yangilab oladigan bo‘lsak, boshqa muammomiz qolmaydi. Shofirkonda fermerlar ham yer ostidan suvni nasoslar orqali tortib olib dehqonchilik qiladi. Elektr muammosini hal qila olsak, ish boshlashga tayyor bo‘lib turgan investorlar yetarli.

— Nima uchundir Shofirkon tumanidan haftasiga kamida ikkita murojaat keladi. Aholining maishiy muammolari bu qadar ko‘payib ketishiga sabab nimada? Odamlar ishonchini hokim sifatida qanchalik oqlayapsiz?
— Murojaatlarni cheklab qo‘yish mumkin emas. Davlat rahbari ham ochiqlik siyosatini talab qilmoqda. Ochig‘ini aytsam, mana shunday murojaatlar menga ham yordam beradi. Garchi hokim bo‘lsam ham hamma joyni birdek kuzata olmayman. Aytaylik, tumandagi 45-maktabning o‘yingohi ekin maydoniga aylantirilgani haqida shikoyat keldi. Ataylab borib ko‘rdik. Shu o‘rinda bir gap — maktablarga katta stadion nimaga kerak? Katta-katta o‘yingohlarni ajratib qo‘yganmiz, ammo na maktab o‘qituvchilari va na direktor unga qarashni uddalay olyapti. Odamlarni olib chiqib, tozalaydigan bo‘lsak, majburiy mehnat bo‘lib qoladi.

— Maktabga katta stadion nimaga kerak, deyapsiz, ammo qabul qilingan ta’lim standartlariga ko‘ra har bir maktabda albatta siz aytgandek ulkan stadion bo‘lishi shart. Boz ustiga stadionlar ijtimoiy soha ob’yektlariga ham kiradi.
— To‘g‘ri, ammo o‘sha stadion maktab balansida turmaydi. Umuman, uni stadion deb ham bo‘lmas edi. Odamlar shunchaki o‘zlari o‘yingohga aylantirib olishgan.

— Tuman yoshlarini qiynayotgan muammolardan qanchalik xabardorsiz. O‘sha muammolardan uchtasini aytib bera olasizmi?
— Bizga yoshlarimiz turli sohalarda murojaatlar qilishadi. Yaqinda qabul o‘tkazdim va fuqarolar bilan muloqot qildim. Qabul davomida 7 talaba shartnoma pulini to‘lab berishni so‘radi. Ularga ta’lim krediti berishimiz mumkinligini aytdim, ammo shuni to‘lashga ham qurbi yetmas ekan.

Endi maktablar va direktorlarning reytingi bitiruvchilarning OTMlarga kirishiga qarab belgilanadi. Bu juda to‘g‘ri qaror bo‘ldi. Hozir yoshlarimiz maktabni bitirsamu, Rossiyaga ishlagani ketsam, deya orzu qiladi. Chunki qaysidir qo‘shnisi ishlab kelgan va mashina olgan. U ham bir yil ishlab, mashina minishni istaydi. Biz yoshlarni o‘zimizda olib qolishga harakat qilishimiz lozim. Shu maqsad yo‘lida turli loyihalarni ishga tushirmoqdamiz. Bir yil desam noto‘g‘ri bo‘lar, ikki-uch yilda yoshlarni eplab olamiz. Eng og‘iri — ularni ish bilan ta’minlash. Buning uchun muntazam ravishda harakatdamiz.

— Shofirkon tumanida bir qator lavozimlar vakant turganini ko‘rdik. Kadrlar qo‘nimsizligiga sabab nimada? Ular sizning talabingizga javob bera olmayaptimi?
— Shaxsan o‘zim bir kunda kamida 9-10 kilometr piyoda yuraman. Chunki aholining ichiga kirmasam, muammoni bilmayman. Afsuski hamma kadrlar ham birdek yura olmayapti. Shu bois ba’zi vakant joylar darhaqiqat yuzaga kelgan.

Yana bir sabab — investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarim ham ishini uddalay olmagani tufayli ariza yozib, ishdan bo‘shadi. Qurilish bo‘yicha o‘rinbosar bilan esa shunday holat ro‘y berdi — tumanimizdagi bozorda yangi inshoot qurila boshlagan. Surishtirib ko‘rsak, hokim qaroriga ko‘ra qurilayotgan emish. Ammo hujjatlar ko‘tarilgach, bozor qo‘mitasi qanaqadir hujjat to‘g‘irlab bergani aniq bo‘ldi. Hozirda qurilish bo‘yicha o‘rinbosarlikka loyiq deb topilgan boshqa nomzod ko‘rib chiqilyapti.

— Nima uchun yon-atrofdagi tumanlarda sanoat ishlab chiqarishi kuchayib, issiqxonalar qurilyaptiyu, Shofirkonda bunaqa tashabbuslarni ko‘rmayapmiz?
— Biz ham issiqxonalar qurishni istaymiz. Bu bo‘yicha ish ham boshlangan. Shaxsiy tashabbusimga ko‘ra 30 gektar yerda tadbirkorlar issiqxona qurishi uchun qaror chiqarib berdim. Ammo buning uchun Janubiy Koreyadan va Xitoydan uskunalar olib kelish kerak. Bu yog‘i endi mablag‘ga borib taqaladi va banklar orqali hal bo‘ladi. Albatta banklar bilan aloqada bo‘lib, iltimos qilyapmiz. Biroq hozircha samara bergani yo‘q. Agar shu yerda o‘tirganlardan kimdir bizga yordam bera olsa, bosh ustiga, rahmat aytgan bo‘lardik.

— Tumanda tariq yetishtiriladi. Yaqinda dehqonlar tariqni klasterlarga sotishga majbur qilingani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi. Bu qanchalik haqiqatga yaqin?
— Tumanda bug‘doydan bo‘shagan 2365 gektar maydonga tariq ekilgan edi. Suv tanqisligiga qaramasdan yerlarni fermerlarga ajratib berdik va ulardan hosilni «Tomorqa xizmati» yoki eksporter firmalar bilan kelishib, o‘zlari istagan narxda sotishlarini so‘radik. Biz narxiga aralashmadik, shunchaki «mahsulotingizni ko‘chada arzon-garovga pullagandan ko‘ra eksporterlarga soting», deb iltimos qildik. Umumiy hisobda 7 500 tonna tariq yetishtirilgan edi. O‘sha hosilni ikki dollardan eksport qilganimizda ham tumanga qancha naf keltirgan bo‘lar edi. Ammo fermerlar norozi bo‘lishdi va bozorga chiqarishni ma’qul ko‘rishdi. Shundan so‘ng biz ulardan faqat bir narsani talab qildik — tushumni soliq statistikasiga kiritish. Bu talabimiz qonuniymi yoki noqonuniy? Qachongacha soyadagi iqtisodiyot gullab-yashnaydi? Qolaversa katta miqdordagi tariq bozorga chiqqandan so‘ng narx ham tushib ketdi. Biz aytgan tadbirkor bir kilogrammini 1700 so‘mdan olayotgan edi, bozorda 800 so‘mga tushib qoldi. Natijada tadbirkorning o‘zi fermerlar taklif etayotgan tariqni olishdan ko‘ra, bozordan xarid qilishni ma’qul ko‘rmoqda.

Eslatma: Joriy yilning may oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni reyting baholash tizimini joriy etish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, har yili hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanganlik bo‘yicha reytinglari e’lon qilinishi ko‘zda tutilgan. Reyting tuzishda yangi ish o‘rinlarini yaratish, ishsizlikni kamaytirish, aholi turmush sifatini yaxshilash kabilarga alohida e’tibor qaratiladi.
Reyting asnosida ko‘rsatkichlari o‘ta past bo‘lgan tumanlar «qizil», o‘rtacha natija qayd etganlari «sariq» va yaxshi ish olib borilgan tumanlar «yashil» hudud sifatida belgilab olinadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring