Samarqandda dorixonalar «e’londa 24 soat» aslida esa 8 soat ishlaydimi? (foto)

Bugun, 2 mart kuni soat 01.30 da sog‘lig‘im yomonlashgani sababli dori olishga chiqdim. Samarqand shahri M.Haydarov ko‘chasidagi 5-sonli oilaviy poliklinikani oldida ijarada yashayman. Dori nonday zarur extiyojga aylangan hozirgi zamonda dorixonalar peshtoqiga 24 soat ishlashi yozib qo‘yilgan. Aslida esa...
Tungi sarguzashtlarim davomida dorixonalar 8 soat ish rejimiga o‘tganiga guvoh bo‘ldim.
Tadbirkor aptekachilarni tushunsa bo‘ladi, tushum ertalab va kechki payt zo‘r bo‘ladi. Lekin «issiq jon» qachon og‘rishini bilmaysiz ekan. Arzimagan pul turadigan dori-darmon ham yarim kechasi bir inson hayotini saqlab qolishi mumkin.
5-sonli oilaviy poliklinika oldidagi ikki dorixona eshigiga «yopiq» yozuvi ilingan. Beruniy ko‘chasidagi «+Apteka» ham allaqachon «minus»ga kirgan ekan, eshigi tagidan qaytib ketdim. Bir men emas, yana bir-ikki inson ham «yopiq» yozuvli eshikni taqqillatyapti.
Shu zahoti Shahar markaziy poliklinikasi, 1-sonli shahar bolalar shifoxonasining yon-atrofidagi dorixonalarga yo‘l oldim. Bu yerda ham peshtoqiga «Ish rejimi: 24 soat» deb yozilgan eshikka esa katta qulf ilinganining guvohi bo‘ldim.
Soat 02.30da nihoyat dori topib, uyga qaytdim. Dorixonalar (ayniqsa poliklinikani oldidagi dorixonalar) tun-u kuni ishlashi shartdek, nazarimda.
G‘ayrat Madrahimov, jurnalist
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter