Poytaxt hokimligi ekologik vaziyatni yaxshilashga doir loyiha ishlab chiqyapti
Toshkent shahar hokimligi so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtda ekologik vaziyat yomonlashayotgani, havo ifloslanishi, yo‘llarda tirbandliklar ko‘payib borayotgani haqida keng muhokama bo‘layotganini eslatib, bu borada kompleks chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi.
«Bunda eng avvalo ekologik barqarorlikni ta’minlash, havoga chiqayotgan maishiy chiqindilarni kamaytirish, jamoat transporti tizimini ham sifat, ham son jihatdan yaxshilash, yo‘llarda ustuvorlikni mashinalarga emas, eng avvalo piyodalarga, undan so‘ng jamoat transportiga berishga qaratilgan infratuzilmani yaratish va shu kabi bir qator o‘zgarishlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda», – deyiladi hokimlik xabarida.
Hokimlik, shuningdek bu borada qabul qilinadigan ayrim qarorlar keskin bo‘lishini ham istisno etmayapti.
«Shu sababli mazkur qarorlar kelgusida salbiy oqibatlarni keltirib chiqarmasligi uchun ilmiy tadqiqotlar hamda tahlillarga asoslangan bo‘lishi zarur.
Ayni kunlarda shahar hokimligi huzurida har bir yo‘nalish bo‘yicha, mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda, ishchi guruhlar faoliyat olib bormoqda. Har bir ishchi guruhning tahliliy xulosalari asosida poytaxt miqyosida qilinadigan amaliy choralar haqida taqdimot tayyorlanmoqda», – deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, ushbu taqdimot tez orada keng jamoatchilik e’tiboriga havola etiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter