Psixologga murojaat qildingiz, lekin natija yo‘qdek – nima uchun?

Hozirgi kunda psixologga murojaat qilish ommalashib bormoqda. Bu albatta quvonarli hol, chunki insonlar o‘z ruhiy muammolariga e’tibor qaratishni boshlashdi. Ammo, ayrimlar psixolog bilan ishlash samara bermaganligidan shikoyat qilishadi. Ko‘pincha buni mutaxasislar «o‘zgarishni istamayotgan ichki qarshilik»ka yo‘yishadi. Haqiqatdan bu keng tarqalgan tendensiya, turli sabablarga ko‘ra ish boshlangach mijozda o‘zi sezmagan va bilmagan holda qarshilik boshlanadi. Xo‘sh, aslida muammo nimada? Qarshilikdami yoki noto‘g‘ri tanlangan mutaxassismi?
Keling, bu masalani ko‘rib chiqamiz.
Samarasizlikning sabablari nimada?
Psixolog va mijoz o‘rtasidagi nomuvofiqlik: Har bir psixologning o‘z uslubi bor. Agar siz psixolog bilan «til topisha olmasangiz» yoki uning uslubi sizga mos bo‘lmasa, bu baribir samarasizlikka olib keladi. Ya’ni, mutaxassis malakali va siz o‘zgarishlarga tayyor bo‘lsangiz ham. Deylik, Sizga amaliy maslahatlar kerakdir, psixolog esa faqat o‘tmishingizni tahlil qilish bilan cheklanayotgandir. Yoki ayni damda siz emotsional qo‘llab quvvatlash va faqat eshitilishga muhtoj bo‘lsangizu (aslida o‘zgarishga hali tayyor emassiz, buni o‘zingiz anglamasligingiz mumkin, bu tabiiy), lekin mutaxasisga aniq masalalar bilan chiqib va aniq natijalar kutsangiz (ratsional talab qo‘yishingiz mumkin, bu ham tabiiy) nozik nomuvofiqlik yuzaga kelishi mumkin.
Psixologning malakasizligi
Har bir psixolog ham bir xil darajada professional emas. Psixologning tajribasi, malakasi va mutaxassisligi juda muhim. Bolalar psixologlari kattalar bilan ishlashda, aksincha, kattalar psixologlari bolalar bilan samarali ishlashda qiynalishlari mumkin. Yoki, psixolog o‘zi ishlashga tayyor bo‘lmagan biror soha doirasidagi mijozni qabul qilib qo‘yishi, lekin bu masala bilan ishlashga tayyor bo‘lmasligi mumkin.
Haqiqatdan uzoq bo‘lgan kutilmalar
Ba’zi mijozlar psixologga sehrgardek qarab, bir necha seansdan keyin mo‘’jiza kutishadi. Psixologik konsultatsiyalar uzoq muddatli jarayon. Natija uchun vaqt, sabr va mehnat kerak. Bir marta konsultatsiyaga yozilish va qandaydir masalalaringiz haqida psixologga ma’lumot berishingiz, bu xuddi notanish odamlarning bir biriga yoshi, jinsi va ismi haqida qisqa axborot berib tanishuvga o‘xshaydi. Va, albatta ishlash keyin boshlanadi. Bu yerda albatta, ekstrim psixologik yordam holatlarini nazarda tutmayapman.
Muammoning chuqurligi
Ba’zi muammolar bir necha seansda hal bo‘lmaydi. Chuqur ildiz otgan psixologik jarohatlar uzoq vaqt davomida ishlashni talab qiladi.
Esda tuting psixologga borishning o‘zi yetarli emas. Mijoz ham faol bo‘lishi, topshiriqlarni bajarishi va o‘zgarish uchun harakat qilishi kerak. Mutaxassis qanchalik malakali bo‘lmasin sizda faollik yetishmasa bu ham samarasiz, ya’ni siz o‘zingiz haqingizda ko‘p narsalarni bilib olishingiz, har seansda insaytlar olishingiz mumkin, lekin bularni qayta ishlab hayotga tadbiq qilishni albatta siz amalga oshiringiz kerak.
Xo‘p, shu joyigacha mutaxasis bilan bog‘liq holatlar haqida yozdim. Ana endi, deylik siz mutaxassis bilan «til topisha» oldingiz, mutaxassis ham malakali, ishlash uslubi ham sizga ma’qul, lekin nimadir o‘xshamayapti....
O‘zgarishlarga qarshilik
Quyidagilar o‘zgarishlarga qarshilik belgilari bo‘lishi mumkin: Seanslarga kechikish yoki ularni bekor qilish, psixolog bilan ochiq gaplashmaslik, ma’lumot yashirish, topshiriqlarni bajarmaslik, muammolar uchun tashqi omillarni ayblashda uzoq davom etish (deylik, ota-ona bilan bog‘liq masalarda jarayon uzoq vaqt talab qiladi), terapiyadan tez natija kutish va sabrsizlik.
Agar siz psixolog bilan ishlayotgan bo‘lsangiz-u, lekin natija sezmasangiz, avvalo o‘zingizni tahlil qiling. O‘zgarishlarga qarshilik qilyapsizmi? Agar yo‘q bo‘lsa, unda psixologni almashtirish haqida o‘ylab ko‘ring. Esingizda bo‘lsin, sizga mos keladigan va siz bilan «tillasha oladigan» psixologni topish juda muhim.
Sabrli bo‘ling va o‘z ustingizda ishlashdan to‘xtamang!
Madina Miytan, psixolog
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter