AKT vazirligi davlat xizmatlari markazlari uchun yagona axborot platformasini yaratadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida 4-aprel kuni aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatish borasidagi ishlarni tahlil qilish va eng muhim vazifalarni belgilab olishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tgani haqida ma’lum qilgan edik.
Yig‘ilishda mazkur yo‘nalishga mas’ul rahbarlarning hisoboti tinglanib, davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab olindi.
Joriy yilda davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini takomillashtirish maqsadida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Davlat xizmatlari markazlari hamkorligi uchun yagona himoyalangan axborot platformasi yaratiladi, deb xabar berdi vazirlik axborot xizmati.
Mazkur platforma o‘zida davlat xizmatlari markazlarida foydalanilayotgan 8 ta axborot tizimlari hamda ma’lumotlar bazalarini jamlaydi. Jumladan, «elektron navbat», xizmat ko‘rsatishni monitoring qilish, xizmat ko‘rsatish sifatini baholash va boshqalar.
Shuningdek, vazirlik «elektron hukumat» tizimiga davlat organlarining 20 dan ziyod axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalarini ham markazlashtiradi. Natijada, tashkil etilgan davlat xizmatlari markazlarida 26 ta davlat xizmatlariga oid ma’lumotlarni idoralararo avtomatlashtirilgan tizim orqali almashishlari mumkin bo‘ladi.
Shu bilan birga, «elektron hukumat» tizimi orqali ko‘rsatiladigan elektron davlat xizmatlari uchun to‘lanadigan davlat bojlari va to‘lovlarini amalga oshirish imkonini beruvchi yagona avtomatlashtirilgan elektron xisob-kitob tizimi ham ishlab chiqiladi.
Eslatib o‘tamiz, vazirlik tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va davlat xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan loyihalar ham tashkil qilib kelinmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter