AKT vazirligi xorij tajribasiga ega mutaxassislarni rahbarlik lavozimlariga taklif etadi

Shu yilning 9-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergan edik.
Ushbu yig‘ilishda Prezident tomonidan AKT sohasini rivojlantirish yo‘lida qator ustuvor vazifalar belgilab berildi. Ulardan eng muhimlari — internet tezligini oshirish, sifatini yaxshilash hamda AKT sohasidagi ta’lim tizimini tubdan yaxshilash masalalaridir.
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ushbu yo‘nalishlarda faoliyat olib boradigan telekommunikatsiya boshqarmasi va ta’lim bo‘limi rahbarligiga nomzodlar qidirilayotganini ma’lum qildi.
Ushbu nomzodlar yangicha fikrlaydigan va ilg‘or xalqaro tajribalardan kelib chiqib, ularni O‘zbekistonda joriy qilish bo‘yicha aniq choralar ko‘ra oladigan mutaxassis bo‘lishi talab etiladi. Ular xorijda tahsil olgan va faoliyat yuritib, tajriba orttirgan bo‘lsa, albatta qo‘llab-quvvatlanadi.
Nomzodlar orasida hozirgi vaqtda chet elda mehnat qilayotgan va yurtimizga qaytib kelish niyatidagi mutaxassislar bo‘lsa, vazirlik kerakli sharoitlarni yaratib berishga tayyorligini bildirgan.
Bo‘sh ish o‘rinlariga talabgorlar o‘zlari haqidagi ma’lumot (ob’yektivka va CV)ni va amalga oshirgan loyihalari haqidagi qo‘shimcha ma’lumotlarni quyidagi manzilga yuborishlari kerak: Toshkent shahri, Amir Temur shohko‘chasi, 4-uy yoki HR@mitc.uz elektron pochtasiga. Ma’lumot uchun telefonlar: 238-41-16, 238-41-43, 238-43-12.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter