Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Andijon aeroporti yopilmoqda. 240 xodimning taqdiri nima bo‘ladi?

Andijon aeroporti yopilmoqda. 240 xodimning taqdiri nima bo‘ladi?

Foto: «Andijonnoma»

2018-yilning 27-oktyabridan Andijon xalqaro aeroporti orqali amalga oshiriladigan barcha parvozlar bekor qilingan. «Andijonnoma» nashri vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida aeroport direktori Saydullo To‘xtasinov bilan suhbatlashdi.

— Internetda tarqalgan xabarlar mish-mishdan boshqa narsa emas, — deydi u. — Aeroport faoliyatini rasman to‘xtatgani yo‘q. Ishlayapmiz. Barcha xodimlar ish haqi olishyapti.

— Shamol bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi...

— Ko‘rib turibsiz, aeroport bugungi talablarga javob bermaydi. Aerovokzal majmuasining barpo etilganiga 40 yil bo‘ldi. Uchish-qo‘nish yo‘lagi oxirgi marta 1980-yilda, perron 1985-yilda ta’mirlangan. «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi tomonidan xarid qilinayotgan zamonaviy samolyotlarni qabul qilishimiz uchun aeroport jahon standartlariga javob berishi zarur. Mana shu sabablardan kelib chiqib, aeroportni kompleks ta’mirlash masalasi kun tartibiga qo‘yilmoqda. Aviakompaniya ma’muriyati esa reyslar to‘xtatilganligi yuzasidan hozircha rasmiy xabar bermadi.

— Bu borada aniq reja yoki dastur bormi?

— Ta’mirlash ishlarini mahalliy budjet hisobidan moliyalashtirishning imkoni yo‘q. Taxminan 350 milliard so‘mga yaqin mablag‘ zarur. Shuning uchun bu masalani Vazirlar Mahkamasi hal qiladi. Viloyat hokimligi bilan kelishgan holda takliflarimizni berdik. Natijasini kutyapmiz.

Shu kungacha haftasiga Toshkentga ikkita, Moskvaga ikkita, Sankt-Peterburgga bitta reys bor edi. Yiliga o‘rtacha 35 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatayotgan edik. Agar biz ko‘zlayotgan rejalar ro‘yobga chiqsa, bu ko‘rsatkichni 50 mingga yetkazsa bo‘ladi.

— Aeroport ta’mirlansa, qanday yangi imkoniyatlar paydo bo‘lishi mumkin?

— Agar aeroport tarkibida logistika markazi ham ochilsa, viloyatimiz tadbirkorlariga, Andijonda faoliyat ko‘rsatayotgan chet ellik investorlarga katta qulaylik yaratilgan bo‘lardi. Xorijga meva-sabzavot, trikotaj mahsulotlari eksport qilayotgan yuzlab yurtdoshlarimiz bor. Ularning yuklarini samolyotda shu yerdan yuborishni yo‘lga qo‘ysak yoki viloyatimizdagi qo‘shma korxonalarga xorijdan jo‘natilayotgan xomashyoni boshqa viloyatlar orqali emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zimizning aeroportda qabul qilsak, mahalliy iqtisodiyotga ham katta foyda keltiradi. Vazirlar Mahkamasiga bu taklifni ham kiritdik.

— Ta’mirlash ishlari boshlansa, kamida bir yoki bir yarim yilga cho‘zilishi aniq. Bu muddatda 240 kishilik jamoangizning taqdiri nima bo‘ladi?

— Farg‘ona va Namangan aeroportlariga 10 nafardan mutaxassisni vaqtincha ishga yuborishimiz mumkin. Qolgan xodimlar esa o‘z hisobidan ta’til olishlariga to‘g‘ri keladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring