Buyuk Xitoy devoriga o‘nglab bo‘lmas shikast yetkazildi

Buyuk Xitoy devoriga jiddiy zarar yetkazish holati qayd etildi. Hodisa mamlakatning Shansi viloyatida ro‘y bergan.
Qurilish bilan shug‘ullanayotgan ikki ishchi ekskavator bemalol harakatlanishi uchun qadimiy devorning bir qismini buzib, qo‘lbola yo‘l hosil qilgan.
Shansi politsiyasiga ko‘ra, ishchilar va texnika qurilish maydoniga Buyuk Xitoy devorini aylanib o‘tishga majbur bo‘lgan. «Uddaburon»lar esa yo‘lni yaqin qilish uchun ko‘hna devor bo‘lagini yer bilan bitta qilib qo‘ya qolgan.
Politsiya Min sulolasidan meros qadimiy obidaga o‘nglab bo‘lmas shikast yetkazgan 38 yoshli erkak va 55 yoshli ayolni qo‘lga olgan.
Buyuk Xitoy devori miloddan avvalgi 220 yildan milodiy 1640-yillarga qadar barpo etilgan. O‘z davrida qariyb 22 ming kilometrga cho‘zilgan ushbu mudofaa inshooti Chin o‘lkasi tarixi, madaniyati va tafakkurida muhim o‘rin tutadi. Davlat madhiyasida ham Buyuk Xitoy devori zikr qilingan.
Tarixiy ob’yekt 1987 yilda YuNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Buyuk Xitoy devori tabiiy omillar oqibatida yemirilish va inson qo‘li bilan buzish tahdidi ostida qolmoqda.
1950–60-yillarda obidaning ko‘p miqdordagi g‘ishtlari qurilish maqsadida o‘zboshimchalik bilan buzib, tashib ketilgan.
1980-yillarda Xitoy yetakchisi Den Syaopin tarixiy obida sifatida Buyuk devorni saqlab qolish talabi bilan chiqqan va unga shikast yetkazganlik uchun javobgarlik kuchaytirilgan. Ammo hozirga qadar ham ko‘p asrlik tarixga ega obidaga shikast va zarar yetkazish holatlari uchramoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter