Davlat xizmatlari yuridik shaxslarga ham, jismoniy shaxslarga ham ko‘rsatiladi

Hayotda har bir fuqaroning turli davlat organlariga ishi tushishi tabiiy. Bu jarayonda uzundan-uzun navbatlar tufayli asabbuzarliklar, sarsongarchiliklar yuzaga kelgani ham sir emas.
Adliya vazirligida OAV xodimlari uchun tashkil etilgan anjumanda Davlat xizmatlari agentligining faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniyati yaratildi.
Jumladan, prezident tomonidan xalqning og‘irini yengil qilish, ularga «davlat-fuqaro» munosabatlarida qulaylik yaratish va shaffoflikni ta’minlash maqsadida davlat xizmatlari ko‘rsatishning yangi konsepsiyasi ilgari surilganligi ta’kidlandi.
Bunda asosiy e’tibor navbatda turishlarni keskin kamaytirish, sansalorlikning oldini olish, xalqni davlat idoralaridan rozi qilishga qaratildi. Hayotda har birimiz ro‘para keladigan farzandning dunyoga kelishi, bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalariga joylashtirish bilan bog‘liq hujjatlar endilikda davlat xizmatlari markazlari orqali rasmiylashtiriladi. Bu nafaqat sarf-xarajatlarni, balki inson uchun qimmatli bo‘lgan vaqtni ham tejashga imkon beradi.
Davlat xizmatlari markazlari – aholiga barcha xizmatlar bir joyda ko‘rsatiladigan noyob, o‘ziga xos maskan bo‘lishi kutilayapti.
Markaz tomon qadam qo‘ysangiz kifoya. Davlat xizmatlari tezkor, qulay, shaffof va sifatli tamoyillar asosida ko‘rsatiladi.
Hozir respublika bo‘yicha davlat xizmatlari markazlarida aholiga innovatsion texnologiyalar va zamon talablariga mos ravishda 37 turdagi xizmat ko‘rsatib kelinmoqda. Joriy yilning birinchi aprelidan ularning sonini 50 taga yetkazish nazarda tutilgan.
Yana bir yangilik — davlat xizmatlari yuridik shaxslar bilan bir qatorda, jismoniy shaxslarga ham ko‘rsatiladi.
O‘tgan qisqa vaqt ichida tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari tomonidan aholiga jami 46380 dan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatildi. Dori-darmonlarning chakana savdosi bilan shug‘ullanish uchun ruxsatnoma berish, yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatiga olish, ipoteka to‘g‘risidagi shartnomalarni ro‘yxatdan o‘tkazish, tibbiy faoliyatni amalga oshirish huquqini litsenziyalash, elektron raqamli imzo kalitlarini ro‘yxatga olish, qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun ruxsat berish shular jumlasidandir.
Statistikaga murojaat qilsak, hozir 65 mingdan ziyod tadbirkorlik sub’yekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi, shundan ularning qariyb 7000 ga yaqini sayyor tartibda amalga oshirildi.
Aholini markazlar faoliyati, ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari bilan yaqindan tanishtirish, odamlarning markazlarga ishonchi va qiziqishini oshirish maqsadida Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi tomonidan respublikamizning eng olis, chekka hududlarida istiqomat qiluvchi aholi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan yoshlar va ishbilarmonlar bilan jami 14719 ta uchrashuv tashkil qilindi.
Shuningdek, mahallalar binosida davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar, hududlarga biriktirilgan xodimlar va ular o‘tkazadigan sayyor qabullar to‘g‘risidagi ma’lumotlar aks ettirilgan «Adliya burchaklari» stendlari joylashtirildi.
Olis hududlarda yashovchi aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatilishini ta’minlash maqsadida hokimliklar tashabbusi bilan davlat xizmatlari markazlari avtomobillar bilan ta’minlandi.
Anjumanda jurnalistlarga agentlik faoliyatiga doir barcha ma’lumotlar taqdim etildi. Ularni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar asoslantirilgan javoblar berdilar. Agentlikning rejalari xususida ham axborot berildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter