Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Erdo‘g‘on Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga kirishiga nega qarshi chiqdi?

Erdo‘g‘on Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga kirishiga nega qarshi chiqdi?

Foto: IHA

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 16-may kuni Anqarada o‘tkazilgan matbuot anjumanida Shvetsiya hamda Finlyandiyaning NATOga a’zo bo‘lib kirishiga qarshi ekanini bildirdi. Turkiya rahbari bunday pozitsiyada ekani sabablarini ochiqladi.

Qayd etilishicha, rasmiy Stokholm ham, Helsinki ham kurd jangarilariga nisbatan aniq pozitsiyada emas.

«Bu mamlakatlarning birortasi terrorchi tashkilotlarga nisbatan aniq-tiniq pozitsiyaga ega emas. Qolaversa, biz Turkiyaga nisbatan sanksiya joriy etayotganlarning NATO kabi xavfsizlik tuzilmasiga qo‘shilishlariga rozilik bildira olmaymiz», – dedi Erdo‘g‘on.

Turkiya yetakchisi Shvetsiyaning ayrim deputatlari xalqaro hamjamiyat terrorchi tashkilot deb tan olgan RPKni qo‘llab-quvvatlashini qayd etgan.

Erdo‘g‘onga ko‘ra, Shvetsiya va Finlyandiya 2016-yilda Turkiyada davlat to‘ntarishini amalga oshirishga uringan FETÖ guruhi a’zolarini ekstraditsiya qilishdan ham bosh tortgan.

Rasmiy Anqara ko‘pdan buyon ikki Skandinaviya davlatini kurd jangari guruhlarini dastaklashda ayblab keladi. Qolaversa, mazkur davlatlar 2019-yili turk qurolli kuchlari Suriyadagi YPG jangarilariga qarshi harbiy amaliyot o‘tkazganidan keyin Turkiya mudofaa sanoatiga nisbatan sanksiya joriy etgan.

Hatto «sovuq urush» davrida ham betaraf maqomni saqlab kelgan Shvetsiya va Finlyandiya Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan keyin oshig‘ich ravishda NATOga a’zo bo‘lishga qaror qildi.

Yuzaga kelgan diplomatik taranglikka munosabat bildirgan NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg Turkiya muhim ittifoqchi ekani, bu borada rasmiy Anqaraning fikrlariga quloq tutilishini qayd etgan.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovga ko‘ra esa, prezident Erdo‘g‘onning Skandinaviya davlatlariga e’tirozi ortida YeIga a’zolik masalasi turgan bo‘lishi mumkin.

«Erdo‘g‘on – geosiyosiy shaxmat doskasidagi men bilgan eng mohir o‘yinchi. Putin ham qopqonga tushdi. Erdo‘g‘on – qildek dor ustida chopib yurgan dorbozga o‘xshaydi. Menimcha, Erdo‘g‘onning niyati bitta – Yevropa Ittifoqiga Turkiyani kirishini tezlashtirish. Ukraina–Rossiya urushida Turkiya Kiyev tomonida turibdi. YeI Ukrainani tezroq o‘ziga qo‘shish niyatida. Lekin, YeIning ko‘plab davlatlari Turkiyani chetlab o‘tib, qanday qilib Kiyevni qo‘shib olishni bilmaydi. Ukrainani qo‘shib olib, Turkiyani chetda qoldirsa, katta janjal chiqadi. Ayni paytda Fransiya va boshqa kontinental yevropatsentrist davlatlar Turkiyani YeIga qo‘shish niyatida emas», – deb yozadi K.Rabbimov.

Eslatib o‘tamiz, NATO safiga yangi davlat qabul qilish uchun unga a’zo barcha davlatlar rozilik bildirishi kerak. Bitta davlat norozi bo‘lsa ham, yangi davlat a’zolikka qabul qilinmaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring