Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Eron yashirin qurol bilan AQSh kemalarini cho‘ktirmoqchi

Eron yashirin qurol bilan AQSh kemalarini cho‘ktirmoqchi

Foto: «RIA Novosti»

Islom inqilobini himoya qilish korpusi qo‘mondoni maslahatchisi Murtazo Qurboniy Eronda yashirin qurol borligini aytib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, AQSh kemalarini yo‘q qilishda ushbu quroldan foydalanish mumkin.

Qurboniy AQSh provokatsiyasiga Eron armiyasi «butun qudrati» bilan javob qaytarishini ma’lum qilgan. «Urush boshlangan taqdirda biz ularga qarshi yashirin qurolimizni ishga solishimiz va ikkita aviatashuvchisini samolyotlari va ekipaji bilan birga cho‘ktirib yuborishimiz mumkin», — deydi Murtazo Qurboniy.

Eslatib o‘tamiz, biroz vaqt muqaddam AQSh prezidenti Donald Tramp Yaqin Sharqqa 1,5 ming harbiy jo‘natishini aytgan edi. 15 may sanasida esa Eron hukumati yadro dasturi bo‘yicha ba’zi majburiyatlarni bajarishni to‘xtatgan.

Eron va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar o‘tgan yili keskinlashib ketdi. Bunga AQSh 2015 yilda imzolangan yadro kelishuvidan bir tomonlama chiqqani va Eronga qarshi sanksiyalar kuchaytirilgani sabab bo‘lgan.

AQShning Eronga qarshi yangi sanksiyalari noyabr oyida kuchga kirdi. Unga ko‘ra neft eksporti, savdo va Eron markaziy bankining dollar bilan bog‘liq amaliyotlari cheklanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring