Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, tamaki yiliga 8 milliondan ortiq odamning umriga zomin bo‘lmoqda. Bu jami o‘lim ko‘rsatgichininng 10 foiziga teng. Har 4 soniyada Yer yuzidagi bir inson chekish yoki u bilan bog‘liq turli kasalliklardan vafot etadi.
Achinarli tomoni ushbu ko‘rsatgich yildan yilga o‘sib borayotganligi.
Chekish tarixi miloddan avvalgi 5000-yilda Amerikada shamoncha marosimlarda boshlangan. XVI asrda ushbu qit’aga yevropaliklarning kelishi bilan tamaki iste’mol qilish, yetishtirish va savdosi tezda oshib ketdi. Qishloq xo‘jaligi uskunalari va ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish Amerika Qo‘shma Shtatlarida qayta qurish davridan keyin sigaretalar ko‘payishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi.
Ommaviy ishlab chiqarish 1960 yillardagi qarama-qarshiliklarga qadar o‘sgan iste’mol ko‘lamini tezda kengaytirdi. 1980 yillarga kelib esa sigareta ishlab chiqarish keskin qoralandi. Tamaki tarqalishiga bir necha omillar sabab bo‘ldi. Bulardan biri farovonlik bo‘lsa, boy mamlakatlarda chekishga moyillik ko‘proq hisoblanadi. Bundan tashqari, dunyodagi ba’zi davlatlarda chekish ijtimoiy madaniyatning bir qismiga aylanib ulgurgan va yerkaklar uchun deyarli oddiy holatdek qaraladi…
Tamaki tutunida saratonga olib keladigan 70 dan ortiq kimyoviy moddalar mavjud.
Nikotin nafas olganda yoki iste’mol qilganda, tezda qon oqimiga kiradi va miyaga yetib boradi, u yerda nikotin retseptorlari bilan bog‘lanadi va dofamin kabi neyrotransmitterlarni chiqaradi, bu esa zavq va dam olish tuyg‘ularini keltirib chiqaradi. Bu nikotinning o‘ziga qaram qilishining sabablaridan biri, chunki u insonda ko‘proq narsaga intilishni keltirib chiqaradi. Bugungi kunda barcha tamaki mahsulotlarining tarkibida nikotin mavjud. Nikotin miyaning ishlashini o‘zgartiradi. Sigaretalar nikotinni miyaga bir necha soniya ichida yetkazib berish uchun mo‘ljallangan. Nikotin tabiiy ravishda tamaki o‘simliklarining o‘zida paydo bo‘lsa-da, ba’zi tamaki mahsulotlarida qo‘shimchalar mavjud bo‘lib, ular tanangizga ko‘proq nikotinni singdirishni osonlashtiradi.
Dunyo bo‘ylab eng yuqori chekish ko‘rsatkichlari Janubi-Sharqiy Osiyo va Yevropa Bolqon davlatlarida aniqlangan. G‘arbiy Yevropa mamlakatlari va Amerika qit’asida chekish darajasi pastroq, ammo bu har doim ham shunday bo‘ladi, degani emas. Chunki, birgina Chili davlati dunyodagi eng yuqori chekish ko‘rsatkichlardan biriga ega. 2018 yilda dunyoda chekish darajasi eng yuqori bo‘lgan beshta mamlakatdan uchtasi Tinch okeani orollarida, biri Janubiy-Sharqiy Osiyoda va biri Janubiy Amerikada qayd etilgan. Ko‘pgina Janubiy hamda Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida chekish darajasi erkaklar uchun juda yuqori, ayollar uchun esa juda past. Nauru davlati 52,1 foiz bilan dunyodagi eng yuqori chekish ko‘rsatkichiga ega. Ajabnarli tomoni shundaki, Naurada ayollar erkaklarga qaraganda ko‘proq chekishadi: 52,6 foizdan 51,7 foizgacha. Ikkinchi eng yuqori ko‘rsatkich Kiribatiga tegishli bo‘lib, jami erkaklarning 68,6 foiz va ayollarning 35,5 foizi chekishadi.
Quyida chekish darajasi eng yuqori bo‘lgan 10 ta mamlakat bilan tanishing:
Nauru – 52,1 foiz
Kiribati – 52 foiz
Tuvalu - 48,7 foiz
Myanma - 45,5 foiz
Chili - 44,7 foiz
Livan - 42,6 foiz
Serbiya - 40,6 foiz
Bangladesh - 39,1 foiz
Gretsiya - 39,1 foiz
Bolgariya - 38,9 foiz
Ushbu ko‘rsatgichlar texnik jihatdan bu mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan sigareta kompaniyalari sof foydadan boshqa narsani ko‘rmasligini anglatadi.
Sigaretlar bugungi kunda nafaqat erkaklar, balki ayollar orasida ham keng iste’mol qilinadi. Viloyatlarda bu kabi holatga ko‘zingiz tushmasa-da, poytaxtda uchratishingiz mumkin. Ayollarda homiladorlik paytida chekish homila tushishi, erta tug‘ilish, kam vazn va bolaning rivojlanishi bilan bog‘liq muammolar xavfini oshiradi. Shuningdek, bu bolaning sog‘lig‘ida uzoq muddatli muammolarga olib kelishi mumkin.
Chekuvchilarning taxminan 90 foizi 18 yoshdan oldin chekishni boshlaydilar. Yoshlar o‘rtasida chekish uslubi biroz boshqacha trayektoriyaga yega bo‘lib, o‘rta maktab o‘quvchilari uchun chekish darajasi 1990 yillarning boshlarida o‘sishni boshlagan va o‘n yil oxirigacha pasaymagan. Agar chekishning hozirgi tendensiyalari davom etsa, 5,6 million yoshlar bevaqt vafot etishi mumkin. Iqtisodchi, fan doktori Kennet Uornerning so‘zlariga ko‘ra, tamaki sanoati chekuvchilarning umumiy sonini saqlab qolish uchun har kuni 5000 nafar yangi yosh chekuvchilarga ehtiyoj sezadi.
Elektron sigaretalar
O‘smirlar va sigareta chekuvchilar orasida ommalashgan tendensiyalardan biri bu so‘nggi paytlarda elektron sigaretalardir. Ushbu hodisalar veyping deb ham ataladi, ammo boshqa ko‘plab nomlari ham mavjud. 2020 yilda Qo‘shma Shtatlarda 1,3 million bola chekadi deb taxmin qilingan. 2014 yilda birinchi marta elektron sigaretadan foydalanish o‘smirlar orasida an’anaviy sigareta chekishdan yuqori bo‘ldi. O‘rta maktab o‘quvchilarining 2000 ga yaqinida o‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, elektron sigaretani ham, odatdagi sigaretani ham ishlatadigan o‘quvchilarda chekish bilan bog‘liq xavf omillari sezilarli darajada ko‘p bo‘lgan. Shu boisdan ko‘pgina davlatlarda xususan O‘zbekistonda ham sigareta chekish va uni sotish qat’iyan 20 yoshdan kattalar uchun belgilab qo‘yilgan. Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash to‘g‘risidagi qonun ham mavjud.
Ikkilamchi tutun. AQShlik bosh jarrohning hisobotiga ko‘ra, 1964 va 2014 yillar o‘rtasida sigareta tutunidan vafot etgan insonlarning jami soni 2,5 million kishini tashkil etgan. Tamaki chekilganda nikotin jismoniy va psixologik qaramlikni keltirib chiqaradi. Rivojlanmagan mamlakatlarda sotiladigan sigaretalar tarkibida smola miqdori yuqori bo‘ladi va ularni filtrlash ehtimoli kamroq, bu esa ushbu mintaqalarda tamaki chekish bilan bog‘liq kasalliklarga nisbatan zaiflikni oshiradi. Chekish yurak xuruji, saraton, insult kabi eng xavfli kasalliklarni chaqirishda yetakchi hisoblanadi.
Xo‘sh, chekishni tashlasangiz nimalar o‘zgaradi? Chekishni tashlaganingizdan 20 daqiqa o‘tib yurak urishi soni va qon bosimi normal holatga kela boshlaydi. Ikki kundan so‘ng, hid bilish qobilyati qayta tiklanadi. 25 yoshdan 79 yoshgacha bo‘lgan chekuvchilar, xuddi shu yosh guruhidagi chekmaydiganlarga qaraganda, o‘lish ehtimoli uch baravar ko‘p bo‘ladi. 65 yoshdan oldin tashlaganlar yana to‘rt yil ko‘proq umr ko‘rish ehtimoli bor. Hech qachon chekmaydigan insonlar chekuvchilarga qaraganda 80 yoshgacha yashash ehtimoli ikki baravar ko‘p bo‘ladi.
Xulosa qilib aytganda, chekishni boshlaganlarning ko‘pchiligi nima uchun chekishayotgani haqida o‘ylashmaydi. Kimdir o‘zi uchun hech qanday to‘siqlar yo‘qligini isbotlamoqchi bo‘lsa, boshqa biri stress va muammolardan chiqish uchun sigaretani vosita, deb o‘ylaydi. Unutmang, hayotingiz o‘z qo‘lingizda! Siz sigaretani emas, sigareta sizni chekishiga yo‘l qo‘ymang!
Javohir Aliqulov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter