Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Investorlar istalgan davlat tibbiyot muassasasiga investitsiya kiritishi mumkin

Investorlar istalgan davlat tibbiyot muassasasiga investitsiya kiritishi mumkin

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 16 apreldagi «Sog‘liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori tibbiyot sohasida yangi davrni boshlab berdi. Ushbu hujjat davlat hamda xususiy sektorlarning birgalikda ishlashi, investorlarning yurtimiz hududida, davlat sektorida faol ish yuritishi uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Endilikda investorlar o‘zlariga qulay bo‘lgan muhitda, o‘zlari istagan davlat tibbiyot muassasalariga investitsiya kiritish imkoniyatiga ega. Xususiy sherikni tanlab olish tender asosida yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.

— Buning uchun investor Sog‘liqni saqlash vazirligining Davlat-xususiy sheriklikni va tibbiy turizmni rivojlantirish bosh boshqarmasi (murojaat uchun telefon: 71-241-86-13,71/241-99-42 ) va uning hududiy bo‘limlariga Davlat-xususiy sheriklik loyihasi konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha o‘z takliflari bilan murojaat qilishi mumkin, — deydi bosh boshqarma boshlig‘i Kamolxo‘ja Eshnazarov. — Taklif jarayonida tadbirkor quyidagi ma’lumotlarni, jumladan, loyihaning nomi, uni amalga oshirish shakli (jamoat infratuzilmasini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, tashkil etish, jihozlash, modernizatsiyalash, moliyalashtirish, foydalanish va unga xizmat ko‘rsatish, sog‘liqni saqlash sohasidagi ishlarni amalga oshirish, xizmatlar ko‘rsatish va tovarlar bilan ta’minlash), loyihaning yakuniy natijalari, amalga oshiriladigan manzili, loyiha qamrab oladigan tibbiy muassasalar, shuningdek, yer uchastkalari, bino va inshootlar yoki ularning qismlari, davlat tibbiyot muassasalari binolari (xonalari) to‘g‘risidagi ma’lumotlar, loyihani amalga oshirishning taxminiy reja-jadvali va muddatlari, jamoat infratuzilmasining texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari, rejalashtirilayotgan investitsiyalar hajmi, daromad manbalari hamda uni amalga oshirishning asosiy xavflarini aniq ko‘rsatishi kerak.

Bitimning amal qilish muddati davlat va xususiy sherik tomonidan belgilanib, bunda u uch yildan kam bo‘lmasligi va 49 yildan oshmasligi lozim. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishda xususiy sherikka ajratilgan yer uchastkalari, sotib olingan tibbiy va boshqa uskunalar, shuningdek, ular tomonidan qurilgan ob’yektlar bitimning amal qilish muddati tugagandan so‘ng davlat sherigiga topshiriladi.

Yana bir muhim jihati, ushbu hujjat bevosita sog‘liqni saqlash tizimidagi bo‘sh turgan uchastka va binolardan samarali foydalanish, tibbiy xizmatlar ko‘rsatilishini ta’minlashga yordam beradi. Masalan, laboratoriya, sterilizatsiya, tibbiyotda yuzaga keladigan chiqindilarni utilizatsiya qilish va onkologiya kabi yo‘nalishlaridagi xizmatlarni ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring