Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga raislik Eronga o‘tdi

Bugun, 9-noyabr kuni Toshkent shahrida «Hamkorlikda iqtisodiy barqarorlik va taraqqiyot sari» shiori ostida Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16-sammiti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Anvar ul-Haq Kakar, Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Alixan Smailov va IHT bosh kotibi Xusrav Noziriy ishtirok etdi.
Kun tartibiga muvofiq, IHT doirasida ko‘p qirrali hamkorlik istiqbollari va uni yangi bosqichga olib chiqish muhokama qilindi, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
O‘zbekiston Prezidenti sammitni ochar ekan, ushbu muhim tadbirdagi ishtiroki uchun oliy martabali mehmonlarga samimiy minnatdorlik bildirdi, bu har tomonlama va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga bo‘lgan umumiy intilishlarning tasdig‘i ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, mintaqaviy xavfsizlik, a’zo davlatlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport-logistika kabi masalalarga to‘xtaldi.
Sammitda Ozarbayjon, Eron, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston, Pokiston, Qozog‘iston delegatsiyalari rahbarlari hamda IHT bosh kotibi Xusrav Noziriy ham so‘zga chiqdi.
Kun tartibiga muvofiq, O‘zbekiston Prezidenti sammit raisi sifatida tashkilotning ilm-fandagi muvaffaqiyatlar uchun mukofoti g‘oliblarini e’lon qildi. Har bir mamlakatdan bir nafar vakil mukofotga sazovor bo‘ldi.
Tadbir yakunida Toshkent kommyunikesi qabul qilindi.
Tashkilotga raislik Eronga o‘tdi, navbatdagi sammit Ozarbayjonda o‘tkazilishi belgilandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter