Istanbul ramzi bo‘lgan tarixiy inshoot qisqa tanaffusdan keyin qayta ochildi

Istanbuldagi afsonaviy Qiz qal’asi (Kız kulesi) bir yarim yillik ta’mirlash-tiklash ishlari yakuniga yetib, muzey sifatida qayta ochildi. Bosfor bo‘g‘ozida joylashgan yodgorlikning qayta ochilishi Turkiya Respublikasining 100 yilligi sanasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Dengizning qoq o‘rtasida joylashgan tarixiy inshoot ob-havo sharoiti tufayli doimiy ta’mirni talab etadi. Shunga ko‘ra Turkiya madaniyat va turizm vazirligi 2021 yil sentyabr oyida Qiz qal’asini qayta tiklash loyihasini boshlagan.
Ko‘p asrlik minorani tiklash-ta’mirlash ishlari Istanbul texnika universiteti va Fotih Sulton Mehmet universiteti xulosalari va Madaniy merosni muhofaza qilish kengashi tasdiqlagan loyiha asosida, vazirlik hamda yetakchi ekspertlar nazoratida amalga oshirildi.
Orolning qiyin sharoitiga qaramay, 570 kun davom etgan tiklash-ta’mirlash jarayonida 150 kishilik jamoa zamonaviy qurilish texnikasi va dengiz transporti yordamida ishladi. So‘nggi restavratsiya doirasida minoraning tarixiy hujjatlarda mavjud bo‘lmagan beton qismlari asosiy konstruksiyadan olib tashlandi. Shu tariqa Qiz qal’asi tarixiy ko‘rinishiga qaytdi. Bundan tashqari, minora va u joylashgan orol qoziqlar, seysmik izolyatorlar bilan mustahkamlandi.
Qiz qal’asi miloddan avvalgi V asrda hozirgi Uskudar qirg‘og‘idan 20 metr uzoqlikdagi orolda Bosfor bo‘g‘ozi orqali o‘tadigan kemalarni boshqarish va soliq yig‘ish uchun bojxona punkti sifatida barpo etilgan. Sharqiy Rim imperatori Manuel Komnenos XII asrda kichik orolda mudofaa inshooti qurishni buyurgan. Minora orqali Bosforning kirish-chiqishi nazorat qilingan.
1453 yilda Istanbul Sulton Muhamdad Fotih tomonidan zabt etilgach, bu yerda yog‘och minora qurilgan va keyingi asrlarda kuzatuv minorasi, dengiz mayog‘i va karantin hududi bo‘lib xizmat qilgan.
Jumhuriyat davrida shaharning port boshqarmasi tomonidan uzoq muddat foydalanilgan minora 1964 yilda Turkiya mudofaa vazirligiga, 1983 yilda Turkiya dengiz korxonalariga xizmatga topshirilgan. Ayni paytda u tarixiy-me’moriy obida sifatida alohida muhofazaga olingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter