MIB xodimi o‘zi qutqargan bola holidan xabar oldi

Shuyam xabarga mavzu bo‘ldimi, demang. Gap o‘z hayotini garovga qo‘yib, yosh umrni qutqarib qolgan inson haqida ketyapti. Inson hayoti esa har narsadan aziz hisoblanadi.
Endi asosiy gapga o‘tsak.
Shu yilning yilning 6-iyul kuni Majburiy ijro byurosining Baliqchi tuman bo‘limi xodimi Murodjon Karimov «Katta Andijon» kanalida oqib ketayotgan o‘n bir yashar O‘tkirbek Abdumajidovni qutqarib qolgan edi.
O‘sha kuni o‘zi mas’ul bo‘lgan hududda xizmat vazifasini bajarayotgan M.Karimov «Katta Andijon» kanalida goh qo‘li, goh oyog‘i suv sathiga qalqib chiqarayotgan yigitchaga ko‘zi tushadi. O‘zgalarni yordamga chaqirish u yoqda tursin, hatto o‘ylashga fursat yo‘q ediki, MIB xodimi forma-pormasi bilan o‘zini suvga otadi...
Yaxshiki, hammasi xayrli yakun topdi: bola ham, uni qutqarishga shoshilgan inson ham qirg‘oqqa eson-omon chiqadi.
...Oradan olti oy o‘tdi. Bugun O‘tkirbekning tug‘ilgan kuni: u 11 yoshga to‘ldi.
Murodjon Karimov O‘tkirbekni tabriklash uchun uning uyiga bordi. Bolakayni qo‘shaloq sana (yangi yil eshik qoqmoqda) bilan qutlab, sovg‘a (kitoblar) ulashdi.
Bugun aslida ikkisining ham tug‘ilgan kuni. Axir o‘sha yoqimsiz hodisa sodir bo‘lgan kuni ikkisi ham qaytadan tug‘ilmadimi, aslida?!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter