Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nahotki foydasi yo‘q?

Nahotki foydasi yo‘q?

Foto: «Oukas.info»

«Matbuot va televideniyeda kompyuter o‘yinlarining zarari haqida ko‘p yozishadi, ko‘rsatishadi. Nahotki bu o‘yinlarning umuman foydasi bo‘lmasa?»

Bobur Nazarov,
Samarqand shahri


To‘g‘risi, bu savol butun dunyo jamoatchiligini o‘ylantirib kelyapti. Masalan, ingliz olimlarining fikricha, kompyuter o‘yinlari o‘smirlar uchun foydali! Besh mingdan ortiq 10-15 yoshli maktab o‘quvchilari o‘rtasida so‘rov o‘tkazgan oksfordlik psixologlar ana shunday favqulodda to‘xtamga kelishdi. Buni qarangki, virtual olamga oshno bolalar o‘z tengqurlari bilan tezroq til topisha olar va hayotlaridan mamnun ekan.

Ammo barcha zamonlardagi oltin qoida bu yerda ham o‘z kuchida: «Hamma narsa me’yorida bo‘lsin». Shu o‘rinda biz barcha bolalar va ularning ota-onalariga O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlashga ko‘maklashish markazi tomonidan ishlab chiqilgan  «Onlayn muhitda yoshlarni himoya qilish bo‘yicha qo‘llanma» bilan tanishib chiqishni tavsiya qilgan bo‘lardik

Qo‘llanmada bolalarni internetdagi xavf-xatarlardan asrash va ularning axborot xavfsizligi me’yorlariga rioya qilishlari, shu jumladan, onlayn o‘yinlar o‘ynashda nimalarga e’tibor berish kerakligi bo‘yicha yaxshi tavsiyalar berilgan.

Smartfon, planshet va hokazo kompyuter qurilmalarining o‘z bolalari ruhiyati va salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishidan bugun aksariyat ota-onalar tashvishda. Ammo bolalarni bu qurilmalardan butkul mahrum qilish qanchalik o‘rinli? Bu savolga xorijiy matbuot va internetdan javob olishga harakat qildik:

«Ko‘p talabalar kompyuterdan to‘g‘ri foydalanishni bilmasligi bizni hayron qoldirmoqda. Na internet-qidiruvga savolni to‘g‘ri kiritishadi, na elektron pochta yuborishni qoyillatishadi, — deydi Rossiya xalqlar do‘stligi universiteti «Ijtimoiy va differensial psixologiya» kafedrasi dotsenti Yelena Chebotaryova. — Axborot texnologiyalari — moslashish lozim bo‘lgan reallik. Umuman olganda, internetda bolalarning rivojlanishi uchun kerakli resurslar oz emas. Ota-onalar bolalari bilan yanada yaqinlashish uchun ularning qiziqishlaridan xabardor bo‘lishsin. Masalan, farzandlarining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga kirishsin, bolalari nimalarni istashadi, kimlar bilan do‘stlashyapti, bilib olishadi. Demakki, ota-ona va bola munosabatlari virtual olamga ham ko‘chishi lozim».

Nazoratni yo‘qotmang!

Asalning ham ozi shirin. Psixologlarning fikricha, bolalar kompyuterdan begim kunlari 1,5 soat, dam olish kunlari 4 soatdan ko‘p foydalanmasligi kerak.  Agar bola ijtimoiy tarmoqlardagi vaqtini nazorat qilmayaptimi, bu ishni ota-ona o‘z zimmasiga olsin.

Biroq bir qo‘l bilan bolaning qo‘lidagi planshetni tortib olib, ikkinchi qo‘l bilan unga kitobni tutqazish aslo yaramaydi. Eng yomoni — ularni kompyuterdan butkul mahrum qilish. Bunday qilgan taqdiringizda kompyuter va internetni bola faqat shuning uchun yashash va ishlaydigan «qadriyat»ga aylantirib qo‘yishingiz hech gap emas.

Diqqat qiling!

Kompyuterning bolaga salbiy ta’sirini nimalardan bilsa bo‘ladi:

  • Bola ilgari o‘ziga yoqqan narsalardan voz kecha boshlaydi, bunga uning voyaga yetayotgani emas, balki kompyuter uning hayotida bosh planga chiqqani sabab;
  • Maktabda past baholar olib kelishi, darslarni qoldira boshlashi;
  • Do‘stlari bilan jonli muloqot qilmay qo‘yishi;
  • Ko‘zining ko‘rish qobiliyati, gavdasini tutishi keskin yomonlashishi.

Biroq hamma aybni faqat kompyuterga to‘nkash ham to‘g‘ri emas: yuqoridagi kabi o‘zgarishlar bolaning o‘sish-o‘tish davri bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin. Bu borada psixolog bilan bamaslahat ish ko‘rgan ma’qul.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring