Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Namanganlik usta Rossiyaga ketishdan ko‘ra Navoiyda ishlashni ma’qul ko‘rmoqda

Namanganlik usta Rossiyaga ketishdan ko‘ra Navoiyda ishlashni ma’qul ko‘rmoqda

Murodjon Mo‘minov Namangandan Navoiyga kelib ishlaydi. Albatta uyidan uzoqqa borib pul topmoqchi bo‘lganlar uchun bu unchalik ham ommalashgan yo‘nalish emas, har holda vodiydan Navoiyga kelgunga qadar poytaxt Toshkent bosib o‘tiladi, yana 4-5 ta viloyat bor. Qolaversa, Rossiya va boshqa o‘lkalar turganda, Navoiyga kelib ishlashdan nima naf?

Hammasi juda oddiy. Murodjon Mo‘minov «Barqaror group» korxonasida shunchaki ishchi emas, balki ish o‘rgatuvchi mutaxassis sifatida faoliyat olib boradi. Yaxshi bilamiz, Namangan viloyati kichik biznes va ishlab chiqarish sohasida ancha oldingi o‘rinlarda turadi. Navoiyda esa bu soha endi rivojlanib kelmoqda. Masalan, «Barqaror group» tarkibiga kiruvchi «Barqaror Shoes»da 28 kishi ishlaydi. Murodjon aka o‘zi ham poyafzal tayyorlaydi, boshqalarga ham o‘rgatadi.


Shuningdek «Barqaror Shoes»da «Temir daftar»ga kirgan oila vakillari ham bor. Mahalla tomonidan 7 kishi korxonaga ishga joylangan. Eng muhimi — Navoiyda ishlab chiqilgan oyoq kiyimlari sifat jihatidan xorijdan olib kelingan mahsulotdan mutlaqo farq qilmaydi. Narx tomonlama esa, ancha arzon.

Korxona mutasaddilari tomonidan aytilishicha, yaqinda Navoiyda «Barqaror group»ning firma do‘koni ish boshlaydi. O‘shanda viloyat ahli uchun arzon narxlarda sifatli mahsulot sotib olish imkoni paydo bo‘ladi.

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda mehnat muhojirlarini qo‘llab-quvvatlash bilan birgalikda, mamlakat ichida ish bilan ta’minlashga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Xorijdan qaytganlar ish boshlab olishlari uchun davlat tomonidan kredit berilmoqda va boshqa sharoitlar yaratilyapti. Muhimi, o‘sha xorijda to‘plangan tajriba yurtimizda ham qo‘llanilsa, hammaga naf keltirsa bo‘lgani.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring