Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Olti yuz ming so‘mlik «xizmat» ko‘rsatgan shifokor qo‘lga olindi

Olti yuz ming so‘mlik «xizmat» ko‘rsatgan shifokor qo‘lga olindi

Foto: «Xabar.uz»

He yo‘q, be yo‘q «Zarafshon tibbiyot birlashmasi»ning teri-tanosil kasalliklari shifokori F.Shodiyev tibbiy ma’lumotnomalarni pullashga tushdi. Bo‘larkan-ku!!! Imi-jimida hazil-huzulga pullayotgan bir enlik qog‘ozning kun sayin narxi oshayotganidan o‘zi ham hayron edi. Yo‘q joydan shuncha daromad keltirayotgan tibbiy ma’lumotnomalarni nega pullamasin.

Uning bu galgi mijozi Zarafshon tibbiyot kasb-hunar kolleji o‘quvchisi bo‘ldi. Shifokor kollej dars soatlarida qatnashmagan F.Sa’dinovga tibbiy ma’lumotnomasini to‘g‘rilab berish evaziga pora tama qiladi. O‘quvchi yigit buni onasi G.Isroilovaga bildiradi. Ona esa o‘z o‘rnida farzandidan pul tama qilgan shifokorga yana yuzlanib, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun sanitar daftarchasiga tibbiy ko‘rikdan uning ishtirokisiz o‘tkazishni so‘raydi. Shifokor esa rozi bo‘ladi, faqat pora evaziga... Nafsim mening balodir, har kuylarga solodur... Tibbiy ma’lumotnomalarning har birini 300 ming so‘mdan pullagan oq xalat sohibining ovi baroridan kelganida...

Fuqaro G.Isroilova sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan mazkur jinoyatning oldini olish maqsadida huquq idoralariga murojaat qiladi. Zarafshon shahar IIB jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbir o‘z natijasini berdi. Teri-tanosil kasalliklari shifokori Zarafshon tibbiyot birlashmasining ko‘p tarmoqli poliklinika xizmat xonasida 600 ming so‘m porani o‘zlashtirayotganida xolislar ishtirokida qo‘lga olindi. Ayni kunda mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 214-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ish sudga oshirildi. 

L.Karimov,
Zarafshon shahar IIB
tergov bo‘limi katta tergovchisi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring