Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston – Pokistonning Markaziy Osiyodagi eng yirik hamkori

O‘zbekiston – Pokistonning Markaziy Osiyodagi eng yirik hamkori

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri o‘rtasidagi onlayn-sammit o‘zining tarixiy ahamiyati bilan g‘oyatda muhim voqea hisoblanadi.

Davlatimiz rahbarining Markaziy Osiyodagi barcha mamlakatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro manfaatli va amaliy hamkorlik ruhidagi ochiq va do‘stona aloqalarni rivojlantirish borasidagi qat’iy siyosiy irodasi bizga yondosh keng mintaqalar bilan ham o‘zaro hamkorlik muhitiga katta ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Xususan, Pokiston O‘zbekistonning Janubiy Osiyodagi yirik savdo-iqtisodiy va madaniy hamkori hisoblanadi. 2019 yil Pekinda, iyun oyida Beshkekda ikki davlat yetakchilari o‘rtasida  bo‘lib o‘tgan ochiq va sermahsul muloqotlar chog‘ida, hamkorlikning barcha ustuvor yo‘nalishlari batafsil muhokama qilingan edi.

Qolaversa, joriy yilning iyul oyida Toshkentda Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqaviy bog‘liqligi bo‘yicha xalqaro konferensiyaning o‘tkazilishi, bu strategik va geosiyosiy jihatdan muhim ikki mintaqa o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga, hamkorlik mexanizmlarni muhokama qilib olishga xizmat qiladi.

Dunyoning yirik va qudratli davlatlaridan biri bo‘lgan ushbu mamlakat yurtimizning vaqt sinovlaridan o‘tgan muhim va an’anaviy hamkoridir. Oxirgi yillarda, pandemiya sharoitiga qaramay, chuqur tarixiy ildizlarga asoslangan Pokiston bilan aloqalarimiz jadal rivojlanib bormoqda.

Xususan, so‘nggi to‘rt yilda o‘zaro savdo hajmi uch yarim barobarga o‘sib, 2020 yilda 123 million dollarga yetgani (eksport ulushi salkam 100 million dollar bo‘ldi), qo‘shma korxonalar soni esa salkam 150ga yetgani fikrimizning yaqqol isbotidir.

Vaholanki, rasmiy Islomobodning Markaziy Osiyo barcha davlatlari bilan o‘zaro savdo aylanmasi umumiy hajmi qariyb 200 million dollardan oshmaganini inobatga olsak, uning mintaqamizdagi eng yirik va asosiy hamkori aynan O‘zbekiston ekani yaqqol ayon bo‘ladi.

220 milliondan ortiq aholiga ega zamonaviy Pokiston hukumati bugungi kunda sanoatni yanada rivojlantirish, ishbilarmonlikka katta e’tibor berish, kam ta’minlangan oilalar va yoshlarga ko‘mak ajratishga, o‘z siyosatining asosiy qirralari sifatida qaramoqda.

Bosh vazir Imron Xon hukumati murakkab pandemiya sharoitida ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirishga, murakkab vaziyatga tushib qolgan aholi qatlamlariga qo‘ldan kelgan barcha ko‘mak va yordamni ko‘rsatishga salmoqli moliyaviy resurslarni ajratib kelmoqda.

14 aprel holatiga ko‘ra, mamlakatda 730 mingdan ortiq kishi koronavirus xastaligi bilan kasallangan bo‘lib, 1 apreldan ommaviy emlash ishlari boshlab yuborilgan. Hozirgacha 1,1 million kishi emlandi. Tibbiyot xodimlari va pensiya yoshidagi shaxslarga vaksinalar bepul amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, 2019 yil aprelda «Yangi Pokiston» («Naya Pokiston») dasturi hayotga tatbiq etila boshladi. Davlat-xususiy sherikligi asosida kam ta’minlangan, muhtoj va uysiz oilalarni uy-joy bilan ta’minlashga qaratilgan ushbu dasturda qatnashgan qurilish kompaniyalari mulk solig‘ining 90 foizidan ozod qilinsa, banklar tomonidan imtiyozli kreditlar ajratiladi. Hukumat dastur doirasida qurilish sektoriga 180 million dollar miqdorida subsidiyalar ajratdi.

O‘zaro hamkorlikni kengaytirishda hududlararo aloqalar istiqbolli yo‘nalish hisoblanadi. Joriy yil fevral oyida Panjob viloyati gubernatorining yetakchi kompaniyalar bilan Namangan viloyatiga safari va imzolangan qator manfaatli hujjatlar bu yo‘nalishda katta salohiyat borligini ko‘rsatmoqda.

Yana bir e’tiborli jihat, bu sayyohlik sohasidagi hamkorlikdir. Pokiston aholisi yurtimizdagi muqaddas qadamjolarimizga «tabarruk ziyorati»ni amalga oshirishni juda istaydi.

Misol uchun, Pokistonda Naqshbandiya tariqati keng tarqalgan bo‘lib, uning vakillari bugungi kunda 10 milliondan ziyodni tashkil etmoqda. Tariqatning yirik vakillaridan biri Hosib ur-Rahmon 2020 yil sentyabrda O‘zbekistonning Pokistondagi «turizmi elchisi» etib tayinlangan.

Ziyorat ixlosmandlari Buxorodagi yetti pir allomalari qadamjolarini, Samarqanddagi Imom Buxoriy va Moturidiy, Surxondaryodagi Imom Termiziy qadamjolarini ziyorat qilishni ma’qul ko‘radilar. Ularga O‘zbekistonda ziyoratlarini amalga oshirish uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilgan.

Bundan tashqari, yirik transport-logistika loyihalarini birgalikda amalga oshirish, savdo va sarmoya, sanoat kooperatsiyasi, energetika, qishloq xo‘jaligi, tranzit, ilm-fan va ta’lim yo‘nalishlari ham katta istiqbollarga ega.

Hech shubhasiz, bugun o‘tkazilgan onlayn-sammit ushbu imkoniyatlarni to‘liq ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.

Dilafro‘z Xudoyberdiyeva,
Markaziy Osiyo xalqaro instituti yetakchi mutaxassisi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring