Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida muhim hujjat imzolandi

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida muhim hujjat imzolandi

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Toshkentda Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari – tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu bilan uchrashuv o‘tkazdi.

O‘zbekiston TIVga ko‘ra, yuqori martabali diplomatlar uchrashuvida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida amalga oshirish, jumladan, o‘zaro savdo hajmini 10 milliard dollarga yetkazishga alohida e’tibor qaratilgan.

Ikki vazir, shuningdek, mamlakatlar o‘rtasidagi transport sohasida foydalanilmayotgan ulkan salohiyat, Markaziy Osiyoning xalqaro tranzit imkoniyati, oziq-ovqat xavfsizligi, akademik va bilim almashinuvi, barqaror rivojlanishni ta’minlash, mintaqaviy farovonlik va xavfsizlikni saqlash bo‘yicha hamkorlik masalalari yuzasidan fikrlashgan.

Muzokara yakunida O‘zbekiston va Qozog‘iston tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2024–2025 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi imzolangan. Ikki davlat aloqalarini sezilarli natijalar bilan boyitishga qaratilgan hujjat O‘zbekiston va Qozog‘iston keng qamrovli kun tartibining barcha yo‘nalishlarini qamrab oladi.

«O‘zbekiston va Qozog‘iston munosabatlari so‘nggi yillarda misli ko‘rilmagan darajaga ko‘tarildi, o‘tgan yili Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladik. O‘zbekiston va Qozog‘iston tashqi ishlar vazirliklari barcha sohalardagi yaqin hamkorligimizni istisnosiz yanada chuqurlashtirish uchun zarur sa’y-harakatlarini safarbar qilishga tayyor», – deb yozdi O‘zbekiston TIV B.Saidov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari – tashqi ishlar vaziri M.Nurtleu Toshkent shahridagi 20 dan ortiq yuqori texnologiyaga asoslangan, raqobatbardosh, eksportga yo‘naltirilgan korxonalarni o‘z ichiga olgan Texnoparkka tashrif buyurgan.

Delegatsiya Markaziy Osiyoning asosiy ma’naviy yodgorliklaridan biri bo‘lgan Hazrati Imom majmuasi, Toshkent madaniy-tarixiy merosining noyob durdonasi – Shayx Xovandi Tohur va To‘labiy (Qaldirg‘ochbiy) maqbaralarini ham ziyorat qilgan.

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 avgust kuni Qozog‘iston bosh vazirining o‘rinbosari – tashqi ishlar vazirini qabul qilgan. Uchrashuvda siyosiy muloqotni yanada faollashtirish, iqtisodiyotning strategik tarmoqlaridagi loyihalarni jadallashtirish, gumanitar almashinuv dasturlarini kengaytirish hamda Markaziy Osiyo mintaqasida yaxshi qo‘shnichilik va sheriklikni mustahkamlash choralarini ko‘rishga alohida e’tibor qaratilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring