Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zgartirilgan marshrut va o‘zgarmayotgan rahbarlar. Prezident ko‘rgan mahalla haqida

O‘zgartirilgan marshrut va o‘zgarmayotgan rahbarlar. Prezident ko‘rgan mahalla haqida

— Shu yerga kelishimiz kerakmidi? Bu boshqa joyku!

— Qayerga ketyapmiz? Yo‘l buncha yomon!


— Ana, qara! Prezident ketdi, yugur...

Kecha eshitgan aksariyat gaplarimiz shunaqaroq ohangda bo‘ldi — atrofda yugurib yurgan ko‘p-ko‘p «galstukli akalar»ni ko‘rdik. Avvaliga odatiy boshlangan kun bir zumda shunchalar alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib ketdiki, o‘zimiz ham nimaga ulgurishni bilmay qoldik. Telefonga olingan videolarni redaksiyaga yuboraylikmi, ko‘rgan taassurotlarni yozaylikmi yoki har soatda o‘zgarib turgan marshrutdan qolib ketmaslik uchun ildamroq bo‘laylikmi?

Savol qancha ko‘p bo‘lmasin, tanlov shuncha oson bo‘ldi. Bu kun faqat kuzatish kerak! Biror jarayondan chetda qolmaslik muhimroq...

Namangan viloyat faollar yig‘ilishi tushdan so‘ng, soat ikkilar atrofida tugadi. Shunga qadar hammasi bir maromda ketayotgandi, prezident nutq so‘zladi, qilinadigan ishlardan gapirdi, viloyatga yangi hokim tavsiya qilindi, tasdiqlandi. Shundan so‘ng ikki-uchta ob’yektga tashrif bo‘lishi kutilayotgandi. Yo‘lga ham chiqdik. Hammasi shundan so‘ng boshlanib ketdi.

Namangan viloyatidagi «Bunyodkor» mahallasida nimalar bo‘lib ketganini hozir hamma yaxshi biladi. Kecha Shavkat Mirziyoyev kutilmaganda tashrif marshrutini o‘zgartirdi va shahar chetidagi og‘ir ahvoldagi mahallaga bordi. O‘ydim-chuqur ko‘chalar, rangsiz, tussiz, deyarli tashlandiq bino, atrofdagi chiqindilar. Bularning barchasini insayd videolarda yetarlicha ko‘rgansiz.

Men uchun esa o‘sha vaziyatda prezidentni kuzatish qiziqroq bo‘ldi. U — davlat rahbari, to‘rt yildan buyon islohot o‘tkazishga urinayotgan, buning uchun jon kuydirayotgan, ammo qaysidir sohada muvaffaqiyatga erishgan bo‘lsa (bank, konvertatsiya, propiska, majburiy mehnatni yo‘qotish, tekstil sanoati, matbuot erkinligi, qo‘shnilar bilan munosabat va hokazo), boshqasida muammolarga uchrab turgan shaxs (kadrlar yetishmovchiligi, korrupsiya, turli rahbar shaxslar mas’uliyatsizligi) vaziyatni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgach, o‘sha tuproq ko‘chalarda turgancha qanday qaror qabul qilarkan, shunisini bilish qiziq edi.

«Bunyodkor» mahallasiga yetguncha yo‘lning o‘zi odamni ado qiladi. Mahalla binosini ko‘rganda esa tushunasiz, bu yerlarning egasi yo‘q ekan. Vodiyda 15-20 sotix joyni qarovsiz, tuprog‘i o‘ynab yotgan holda ko‘rish g‘alati bo‘larkan. Biror tup daraxt yo‘q. Har bir qarich yerni ardoqlaydigan namanganlik mirishkorlar qayerda qoldi? Prezident ham mahalla raisidan shuni so‘radi. Ikki soatgina oldin, faollar yig‘ilishida deputatlardan kimdir Shavkat Mirziyoyevga qarata: "Siz urishganingizda ham ko‘zingizda baribir mehr bo‘ladi", degan edi. Bu safar prezidentning ko‘zida mehr emas, ko‘proq istehzo ko‘rindi — mahallaga shuncha e’tibor berilyapti, pul berilyapti, bu nimasi...

«Mushuk ham o‘rnini dumi bilan supirib o‘tiradi», deyisharmidi. Aftidan bu yerda dum ham bo‘lmagan, bosh ham. O‘zini idorasini obod qila olmagan mahalla raisi fuqarolardan nimani so‘raydi? Nimani o‘rgatadi? Nimani talab qiladi?

Eng yomoni — O‘zbekistonda yana qancha shunday mahallalar bor?

Prezident shundan so‘ng fuqarolar bilan ko‘rishdi. Muammolar ko‘p — gaz yo‘q, suv yo‘q, svet o‘chadi, yo‘llar yomon. «Shuning uchun ham shaxsan o‘zim keldim mahallangizga», — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatida ish boshlaganda bir gapni ko‘p aytgandi — «men asl vaziyatni yaxshi bilaman, mana bu devor orqasidagi ko‘chalarda haqiqiy ahvol qanday ekanidan xabarim bor». O‘sha devorning orqasidagi holatni mahalla vaziriyu boshqa vazirlar ham, hokimlar ham yaxshi bilishadi. Ammo davlat rahbarining gapidan hozirga qadar ham yetarlicha xulosa chiqarilmagan ko‘rinadi. Balki shu sababdir, prezident devorning orqasiga o‘zi o‘tishga qaror qildi. Ko‘p ehtimol, bu ham joylardagi mutasaddilarga katta qo‘ng‘iroq — tayyor tur, sening ko‘changga ham borib qolaman...

Endi ham o‘zgarish bo‘lmasmikan? Yoki prezident O‘zbekistondagi 10 mingdan oshiq mahallaning har biriga o‘zi kirib borishi kerakmi?

PS: Tahririyatga xabar qilinishicha, bugun erta tongdan, balki kechaning o‘zidadir, "Bunyodkor" mahallasi idorasida obodonlashtirish ishlari boshlanib ketibdi. Bunga videodalil ham bor. Ko‘p ehtimol bu mahallada endi yo‘l ham bo‘ladi, gaz, suv, svet ham. Bu yaxshi albatta. Ammo bunaqa joylar O‘zbekistonda bitta bo‘lmasa kerak. Qolganichi? Prezident kelishini kutib turadimi?..

Zafar QOSIMOV

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring