Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Parkentda «sud-sud o‘yini». Bosh rollarda Oliy sud va OAV xodimlari!

Parkentda «sud-sud o‘yini». Bosh rollarda Oliy sud va OAV xodimlari!

Aynan shunday va hech qanday iztehzosiz: Oliy sud va ommaviy axborot vositalari (OAV) xodimlari «sud-sud o‘yini»ni o‘ynashdi. Faqat voqelik sud binosida emas, Parkentning Kumushkonidagi «Edelweiss Hotel & Resort» tog‘ hordiq chiqarish maskanida kechdi.

Hammaning ham cho‘ntagi ko‘tarmaydigan bunday maskanga sud va OAV xodimlari o‘yin o‘ynash uchungina borishgani yo‘q, albatta.

Gap shundaki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va AQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) BMT Taraqqiyot Dasturining «O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik» qo‘shma loyihasi doirasida qator tadbirlar o‘tkazib keladi. Shunday tadbirlardan biri o‘tgan hafta yuqorida aytilgan maskanda uyushtirildi.

Ayni tadbir doirasida Oliy sud va OAV xodimlari... Bu yog‘ini bir boshdan aytsak, a?

1

...Alqissa, hafta burun Oliy sud matbuot xizmati — bosh, USAID (AQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi) — yonbosh bo‘lib, qator OAVning huquqiy mavzuga ixtisoslash(yot)gan xodimlarini Kumushkonning (Parkent tumani) tog‘ hordiq chiqarish maskaniga taklif etdi. Aytilganidek, dam olishga emas, seminar-treningga.

Hordiq maskanida o‘tadigan tadbirdan samara ko‘proq bo‘lishini chamalagan tashkilotchilar yanglishishmadi. Buning ilk hosilasi shuki, Oliy sud binosi oldidan (avtobusda) to Parkentga yetguncha bir-biriga «sigirqarash» qilib ketgan sud va OAV xodimlari safar yakunida samimiy, hatto quchoqlashib xayrlashdi deng?! Vaholanki, bir yarim kunlik tadbir davomida ikki soha vakillarda o‘rtasida ozmuncha bahs-munozara, bir-biriga «tashlanishlar» (yaxshi ma’noda) bo‘lgani yo‘q...

2

Seminar bahs-munozaralarga to‘la o‘tishi avvaldan ma’lum edi, sirasi. Sababiki, mavzu sud jarayonlarining OAVda yoritilishi, bunda jurnalist va blogerlarning ko‘nikma va malakasiga oid edi-da. Bilasiz, sud va OAV xodimlari o‘rtasidagi aksariyat tushunovchiliklar «sud jarayonlarining matbuotda yoritilishi»da yuzaga kelmoqda...

Jurnalistning sud majlisida paydo bo‘lishini ko‘pgina sudyalar o‘zlariga bosim o‘laroq qabul qilishi sir emas. Bunday «bosim»dan xalos bo‘lish yo‘lida qilingan xatti-harakatlar esa (jurnalistni sud majlisiga kiritmaslik yoki unga o‘ta bahsli talablar qo‘yish yoxud sudni boshqa kunga qoldirvorish va hokazo...) OAV xodimining haqli noroziligiga sabab bo‘lishi aniq. Qarabsizki, achchiqqina tanqidiy lavha (axborot, feleton) tayyor...

Yoki hali sud majlisi yakuniga yetmay qanday hukm (qaror) chiqishini oldindan bashorat qilib yozilgan axborot-maqolalar, shuningdek, sud hujjati hali qonuniy kuchga kirmasidan OAVda boshlanadigan muhokamalar ayrim sudyalarining oromini qimmatga tushirayotgani ham bor gap.

3

Har ikki holat katta bahs-munozara, raddiyabozlikka (ba’zan qo‘ng‘iroqbozlikka ham) olib kelishi ehtimoli yuz-u o‘n foizga teng. Bahs-munozaraning yomon jihati yo‘q, biroz siyqasi chiqqan bo‘lsayam «haqiqat bahslarda tug‘iladi» degan hikmat to‘g‘ri baribir. Ammo ko‘pincha sud va OAV o‘rtasidagi munozaralarda «mana senga bo‘lmasa?!» qabilidagi harakatlarga o‘tish darajasiga boriladiki, shunaqa paytda donishmand Abdulla Qahhorning bir gapi yodga tushaveradi: «Mushtlashishdan bahslashish yomon...».

Xulosa qilinsa, sud majlislari — tomosha maydonmas, ularning yoritilishiga xos tartiblar, qonun-qoidalar bor. Shuningdek, sud majlisiga borgan hamma jurnalistning maqsadi raislik etuvchi yoki hay’at a’zolarini esdalik uchun suratga tushirib, jarayon haqida paxtavon axborot yozishgina emas.

Demak, sud jarayonlarini yoritish borasi malaka OAV xodimi uchun qanchalar muhim bo‘lsa, e’lon qilinayotgan tanqidiy materiallarga nisbatan sud xodimlarida ko‘nikma shakllanishi shunchalar zarur. Sud hokmiyati va OAV o‘rtasidagi hamkorlik deganda sudya bilan jurnalist hammualliflikda birorta hukm yoki qarorni «maqolabashara» shaklida chop etish tushunilmaydi-da, axir?!

Shu ma’noda tashkilotchilar tadbir o‘tkazish uchun nafaqat zo‘r joy, shunga monand mavzuniyam topishibdi, gap yo‘q.

4

Insof yuzasidan aytish shart, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan munosabat masalasida sud hokimiyati boshqa davlat organlaridan ancha ildamlab ketdi. Oliy sud Plenumi «Sud muhokamasi oshkoraligini ta’minlash va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini ta’minlash to‘g‘risida» maxsus qaror qabul qilganining (21.02.2020-y.) o‘zi bunga yaqqol dalil. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qarori hazilakam hujjat emas (uning qonun hujjatlarini qo‘llash masalalari bo‘yicha tushuntirishlari sudlar, (ushbu tushuntirishlar berilgan qonun hujjatlarini qo‘llayotgan) boshqa organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslar uchun majburiy hisoblanadi). Masala shundaki, ayni hujjat yetarlicha targ‘ib-tashviq qilinmaganday... Negaki, tadbirda OAV va sud munosabatida ko‘zga tashlanayotgan tushunmovchiliklar, sud jarayonlarini yoritish masalasida qancha bahs-u munozara bo‘lmasin, Oliy sud Plenumi qarori juda kam tilga olindi, rosti. Holbuki, sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqiga oid masalalar mazkur hujjatda, ta’bir joiz bo‘lsa, «chaynab berilgan».

5

Seminarda o‘zimizning Oliy sud sudyalaridan tashqari AQSh (Jonatan Pires, Jorjiya unversiteti dotsenti), Buyuk Britaniya (Tim Kuk, Qo‘shma Qirollikning Jurnalistlar instituti vitse-prezidenti) va BMT Taraqqiyot dasturi (Jeyms Brindley) ekspertlari ham ishtirok (masofadan) etib, odil va ochiq sudlov, ularning ommaviy axborot vositalarida yoritilishi, bu boradagi o‘z yurtidagi tartiblar haqida ma’ruzalar qildilar. Rost, boshqa sohalar qatori sud va OAV o‘rtasidagi munosabatlar masalasida ham ilg‘or xorij davlatlari bilan tenglashishimizga hali vaqt bor. Ularning tajribalarini o‘rganish, (milliy qadriyatlarni unutmagan holda) o‘zlashtirish koni foyda, albatta. Biroq, pirovard xulosa shuki, gap huquq haqida ketganda, xorij yoki o‘zimizda bo‘lsin, buyuk Avloniyning quyidagi hikmatiga rioya etaverish kerak ekan: «Haq berilmas, olinur!».

6

Biror shaxsning ayniqsa, taniqli insonlarning muayyan masalada bildirgan fikrlarini matndan «yulib olib» shov-shuv yasash odat tusiga aylanayozganday. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari-ku, o‘z yo‘liga, biroq elektron ommaviy axborot vositalarida ham bu hol yaqqol ko‘zga tashlanib qolmoqda. Sudda inson taqdiriga doxil ishlar ko‘rilar ekan, ayni jarayonni yoritishda jurnalistdan hushyorlik karrasiga talab etiladi. Bir og‘iz aytilgan (yozilgan) mavhumroq gap nainki sud hukmi yoki sudlanuvchiga, balki uning yaqinlari taqdiriga ham ta’sir o‘tkazishi mumkin. Jahon tillari unversiteti Xalqaro jurnalistika fakulteti dekani Beruniy Alimov sud protsessini yoritishdagi professional normalar, jurnalist rioya qilishi shart bo‘lgan odob-axloq me’yorlar haqida xo‘b ba’mani chiqish qildi. To‘lib-to‘lib qilingan ma’ruzadan so‘ng berilgan savollarga to‘kilib-to‘kilib javob berdi... Nima deysizki, hurmatli olimning o‘zi tadbir yakunlanmay ijtimoiy tarmoqlarning salkam qahramoniga aylansami?! Tadbir haqida shu joyining o‘zidan peshma-pesh e’lon qilinayotgan xabarlarga ko‘zi tushgan hamkasblarimizdan biri Beruniy aytgan gapni matndan «yulib olib», tarmoqda bong urishni boshlab yuborgan ekan...

 — Bu yog‘i qiziq bo‘ldi-ku, domla?

Beruniy Alimov:

— O‘shanaqa jurnalist bo‘lmanglar deb, ma’ruza qildim-da, akasi...

7

Tadbir tasavvurlarni kengaytirdi: jurnalistlar sud majlisi tartiblari, sudning qaysi bosqichida qanday hujjat (hal qiluv qarori, qaror, ajrim, hukm va hokazo...) qabul qilinishi-yu ular qachon qonuniy kuchga kirishi, shuningdek, inson sha’ni, qadr-qimmatiga bog‘liq sud ishlaridagi nozik talablar borasida zarur ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. O‘z navbatida sud xodimlari ham jurnalistikaning xos qirralari, ayniqsa, badiiy-publitsistika janrlari, ularning talablaridan tortib, rost axborot qudrati va quvvati borasida yetarlicha tasavvur hosil qildilar(-ov). Muhimi, ikki soha munosabati va hamkorligida e’tiborga olish shart bo‘lgan omillar masalasida fikrlar deyarli bir nuqtada kesishdi...

Aytildiki, sud hokimiyati va OAV bamisoli ikki qirg‘oq, ular birlashsa daryo suvi qurib qolishi tayin, biroq kim qaysi sohilda bo‘lmasin, manzil — bir, maqsad — mushtarak... Shu va shu ma’nodagi biroz balanparvoz, ammo g‘irt samimiy gaplardan biroz hayajonga tushdi chog‘i, haligina o‘zining nohaq va noto‘g‘ri tanqid qilinganidan astoydil yozg‘irgan Oliy sud sudyasi Shamsiddin Tojiyev shartta so‘z oldi. So‘ng mamnuniyat bilan shunday dedi: «Boya jurnalistlardan bekorga xafa bo‘libman, uzr, endi tushundim: meni noto‘g‘ri tanqid qilgan muxbir emas, bloger ekan...».

Uning bunday samimiy iqroridan mening ko‘zlarimga yosh keldi...

8

Mana endi gap boshida aytganimiz — «sud-sud o‘yini»ga izoh berish fursati yetdi, chamasi...

Tashkilotchilardan hisoblanmish «PearIs Analytics» rahbari Sherali Ro‘ziyev zap ish qildi-da. «Mingta shap-shapdan — bitta chap-chap yaxshi» hikmatiga hurmati zo‘rligidan bo‘lsa kerak, shov-shuvli sud jarayonini yoritish bo‘yicha simulyasion o‘yin tashkil qilib, rollar tanlashni jurnalist va sudyalarning o‘ziga havola etdi. Sudlanuvchi va jabrlanuvchi rollarini sudyalar o‘ziga ravo ko‘rishi ehtimoli pastligi bois «Xabar.uz» va «Daryo.uz» jurnalistlari darhol tashabbusni qo‘lga oldi. Sudya va prokuror roli Oliy sud xodimlariga taqdim etildi...

Qisqa tayyorgarlikdan keyin «sud-sud o‘yini» boshlandi, jarayon tasvirga olinib, «sud zalidan reportaj» shaklida o‘sha joyning o‘zida hammaga namoyish etildi. Shu tariqa yuzimizga «oyna tutildi»ki, har kim o‘zining xato-kamchiliklarini ilg‘ab olishida qiyinchilik tug‘ilmadi.

Amaliy mashg‘ulot degani aslida shu!

Yana bir gap. «O‘yin»da ishtirok etganlar o‘z sohasi bo‘yicha qanday mutaxassis ekani o‘z yo‘liga. Ammo rol ijro etgan sudya va jurnalistlarning aktyorlik mahorati Ahad Qayumdan boshqa rejissyorlar e’tiborini ham tortgudek... Cho‘qqisoqol Shekspirning gapi to‘g‘ri: «Hayot — teatr, odamlar esa aktyorlarga o‘xshaydi». Mana, o‘zimizdan qiyos...

Tursunali AKBAROV,
«
Xabar.uz»

P.S. Yoddan ko‘tarilibdi, uzr. Tadbirga taklif etilganlar quruq borgan bo‘lishsa-da, quruq qaytishmadi. Faol ishtirokchilarga Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov o‘zgacha mamnuniyat bilan maxsus sertifikat topshirdi...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring