Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident Toshkent viloyatiga oid yirik loyihalar bilan tanishdi

Prezident Toshkent viloyatiga oid yirik loyihalar bilan tanishdi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Toshkent viloyatining tuprog‘i unumdor, suvi mo‘l. Bundan samarali foydalanilsa, hosildor bog‘ va tokzorlar barpo etish, intensiv sabzavotchilikni yo‘lga qo‘yish, odamlarning bandligini ta’minlash mumkin.

O‘zbekiston Prezidentining joriy yil 10-sentyabrdagi «Dehqon xo‘jaliklari tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash orqali aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida shu borada qator vazifalar belgilangan. Xususan, Toshkent viloyatida 2023 yilda 9 ming gektar paxta va g‘alla maydoni qisqartirilib, 25 sotixdan aholiga beriladi. Bu 60 mingdan ortiq kishini ish bilan ta’minlash imkonini beradi.

Davlatimiz rahbarining topshirig‘i bilan, mutaxassislar ishtirokida Toshkent viloyatida foydalanilmayotgan imkoniyatlar o‘rganildi va qo‘shimcha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Yig‘ilishda ana shu takliflar haqida axborot berildi. Unga ko‘ra, viloyatda 62 ming gektar yerni foydalanishga kiritish hisob-kitob qilingan. Ularda yaylov o‘simliklari urug‘chiligini yo‘lga qo‘yish, suv kam talab qiladigan moyli, dukkakli va ozuqa ekinlari yetishtirish, chorva boqish mo‘ljallangan.

Shuningdek, Toshkent viloyatining har bir tumani meva-sabzavotchilik, kartoshkachilik, uzumchilik kabi muayyan tarmoqqa ixtisoslashtiriladi. Masalan, Ohangaron, Toshkent, Zangiota, Parkent, Yangiyo‘l, Qibray tumanlarida qariyb 5 ming gektarda intensiv usulda sabzavot yetishtirish, Bo‘stonliq, Yangiyo‘l, Ohangaron, Parkent, Bo‘ka, Bekobod, Chinoz, Oqqo‘rg‘on tumanlarida 1 ming 300 gektar yerni bog‘ qilish, Parkent, Qibray va Piskent tumanlarida 2 ming gektardan ziyod tokzor barpo etish mumkinligi aytildi. O‘rta Chirchiq, Toshkent va Bo‘stonliq tumanlarida «in-vitro» laboratoriyalari tashkil etib, urug‘lik kartoshka yetishtirish mo‘ljallangan. Umuman, mazkur chora-tadbirlar natijasida 24 mingdan ziyod ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

Prezidentimiz bu chora-tadbirlarni ma’qullab, ularni amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring