Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qachon bankdan naqd dollar sotib olamiz?

Qachon bankdan naqd dollar sotib olamiz?

Foto: «Xabar.uz»

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqot vaqtida Markaziy bank mutasaddilari valyuta ayirboshlash borasidagi muammoli savollarga javob qaytardi. Bu haqda Xabar.uz muxbiri tomonidan ma’lumot berildi.

Xususan, jurnalistlarni nima sababdan naqd xorijiy valyutani banklarda sotib olish imkoniyati yo‘qligi qiziqtirdi.

— Bunaqa savol oldin ham berilgan. Bu o‘rinda bir jihat bor . E’tibor bersangiz, ko‘p davlatlarda, masalan Rossiyada aynan shu sohada ortga qaytish bo‘ldi. Savolga javob oddiy. Bizda xorijiy valyuta olish imkoni mavjud, bankka bormay turib ham konvertatsiya qilish mumkin. Siz xorijiy valyutani kartangizga tushirib olishingiz va keyin bemalol naqdini bankomatlardan yechib olishingiz mumkin.

Shuningdek ko‘p banklarda qo‘shimcha kartochkalar berilishi yo‘lga qo‘yilgan. Undan foydalangan holda bemalol xorijga chiqib, kartangizda so‘mda bo‘lgan pulni xorijiy valyutada yechib olish mumkin.

To‘g‘ri, hozir valyutani naqd ko‘rinishda olishning imkoni yo‘q. Ammo biz bunga jiddiy muammo deb qaramayapmiz. Biz yaratgan imkoniyatdan aholi to‘laqonlik foydalanmoqda. Har oy qariyb 90-100 million AQSh dollari bankomatlardan yechib olinyapti.

— U holda qora bozor saqlanib qolayotganiga sabab nimada? Nega odamlar bankka borib, karta ochtirib, so‘ng pullarini bankomatdan yechib olishdan ko‘ra qorabozordan naqd holatda sotib olishni ma’qul ko‘rmoqda?

— Qora bozor saqlanib qolayotganiga sabab hamon yashirin iqtisod mavjud. Ya’ni, chetdan mol olib kelayotganlarning barchasi ham to‘g‘ri ishlamaydi, soliq to‘lamaydi. Tabiiyki ular valyutani qorabozordan olishga harakat qiladi. Biz iqtisodimizni sog‘lomlashtira olsak qorabozor muammosi ham o‘z-o‘zidan hal bo‘lib ketishi mumkin.

— Ko‘chadagi «dollarfurushlar» faoliyatini legallashtirish orqali ularni soliq to‘lovchilarga aylantirish mumkin emasmi? Aytaylik, hozir bozorda yashirin faoliyat olib borayotganlarga ma’lum talablarni qo‘ygan holda, ularga litsenziya berish va ko‘chalarda kichik valyuta ayirboshlash shahobchalari ochishga ruxsat etish ma’qul emasmi?

— Savollar juda ko‘p va har doim ham unga javob topa olmaymiz. Ko‘chalarda budka qo‘yib, valyuta almashtirish ham bir qator muammolarni yuzaga keltiradi — nazorat, xavfsizlik va hokazo. Biz bu masalaga hali kelamiz. Albatta bularning barchasi gapni quruq olib qochish, deb o‘ylashingiz mumkin. Ammo hali bu narsalarga tayyormizmi yoki yo‘q, buni bilmaymiz. Eng asosiysi xavfsizlik.

Sizga naqd valyuta kerakmi? Marhamat, karta ochtiring va bankomatdan yechib oling. Nima uchun bu savolga qaytaverishimiz kerak? — deydi mutasaddi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring