Qoloqlik qachongacha? Jurnalistlar va deputatlar hokimni savolga tutishdi

Buxoro viloyati, Jondor tumani ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan juda past ko‘rsatkich qayd etgan. Tuman Xalq deputatlari kengashi vakillari ushbu vaziyatni «qoloqlik», deb izohlashdi. Ha, darhaqiqat, buni boshqacha nom bilan atab bo‘lmaydi. Shu sababli ham tuman hokimi Kamol Ro‘ziyevich Kamolovning kengashdagi hisoboti ancha og‘ir o‘tdi. Deputatlar bilan bir qatorda jurnalistlar ham hokimni savolga tutishdi. Dastlabki savol esa ishsizlik masalasida bo‘ldi.
— Tumanda tashkil etilayotgan bitta ish o‘rniga 12 nafar ishsiz da’vogarlik qilayotgan ekan. Bu juda yomon ko‘rsatkich. Muammoni qanday hal qilmoqchisiz?
— Tumandagi ishsizlarning 5869 nafari kambag‘al oila vakillari hisoblanadi. Asosiy e’tiborimiz ularning doimiy ish o‘rinlariga ega bo‘lishiga qaratilgan. Shu maqsadda ishsizlarni qishloq xo‘jaligi va qurilish sohasidagi ishlarga joylashtiryapmiz. Ikki mingdan ortiqroq fuqaro hamon ishsiz bo‘lib turibdi. Ularni asosan o‘zini-o‘zi band qilish yoki tadbirkorlikka jalb etish orqali ishli qilish niyatimiz bor. Bundan tashqari kichik brigadalar tashkil etganmiz, ular issiqxonalar qurish bilan shug‘ullanmoqda. Shunchaki issiqxona qurib berish bilan ish tugamaydi, tegishli mutaxassislar ish yuritishni ham o‘rgatadi.
— Tumanda ko‘rsatkichlar past ekan, demak bunda sizning aybingiz bor. Hokim sifatida qanday kamchiliklaringiz borligini ayta olasiz? Qo‘l ostingizdagi qaysi soha xodimlari sizga pand berishdi?
— Tan olish kerak, 2019-2020 yillarda birmuncha ijobiy ishlar bilan bir qatorda e’tiborsizlikka ham yo‘l qo‘ydik. Aynan shu holat qizil hududga tushib qolishimizga sabab bo‘ldi. Biz qayd etilayotgan ko‘rsatkich va raqamlar statistikada qanday aks etayotganini inobatga olmaganmiz. Shuning uchun ham bajarilgan ish bilan statistika bir-biridan farq qilishini ko‘rish mumkin. Aytaylik, eksport borasida shunday anglashilmovchilik bo‘lgan. Tumanda 8 million AQSh dollari miqdorida eksport amalga oshirilgan. Ammo statistikada boshqacha raqam qayd etilgan.
Iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosarim hisobotni nazoratga olmagan. O‘rganish davomida statistika bo‘limida ishlaydigan xodimlar o‘z vaqtida hisobot topshirmagan taqdirda jarimaga tortilishi aniqlandi. Xodimlar turli sohalarni bo‘lib olgan, agar o‘z vaqtida topshira olmasa ularga belgilangan jazo choralari bor. Shu sababdan har oyning 24-25 sanasida hisobot topshirilgan. Oqibatda ulardagi raqamlar va bizniki farq qiladi. Mana shunday e’tiborsizligimiz va nazorat qilmaganimiz oqibatida vaziyat shunga borib yetdi.
Statistika borasida yana bir misol — aytaylik bir fuqaro qabulxonaga bir masalada besh, olti, kerak bo‘lsa 10 martalab murojaat qilgan. Raqamlarda esa bir xil mazmundagi o‘sha murojaat 10 marta qanoatlantirilmagan bo‘lib qayd etilgan. Bu bo‘yicha vaziyatni inobatga olib, bundan so‘ng har bir hisobotni oxiriga qadar nazorat qilishga kelishib oldik.
Statistikani yo‘lga qo‘ysak, tumanimizda so‘nggi 9 oyning natijasidan keskin farq qiladigan o‘zgarishlar bo‘ladi. Yil yakuniga qadar qoniqarsiz qizil hududdan sariq hududga o‘tishga va’da beraman.
— Xorijdan investitsiya jalb etish uchun qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
— Bizda joriy yil bo‘yicha investitsiya olib kirish rejasi 10 million dollar edi. O‘tgan vaqt davomida tumanga 11 million dollarlik sarmoya olib kirildi va reja ortig‘i bilan bajarildi. Masalan, Eron bilan qo‘shma korxona ochildi. Ular 4 million dollar sarmoya kiritgan. Shuningdek Rossiya va Afg‘onistondan investorlar bor, donni qayta ishlaydigan korxonalar ishga tushirildi. Mana shunday korxonalardan birini afg‘onistonlik yigit tashkil qilgan. Tumanda ilgari investitsiya deyarli yo‘q edi, mana endi ish yurishib ketdi.
— O‘tgan yili Prezident qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga qilingan murojaatlarning faqat 40 foizi qanoatlantirilgan. Qolgan 60 foiz murojaat nima sababdan yechimsiz qoldi?
— Bu masala ancha chigal. Masalan fuqaro murojaat etib keladi va vakolatimiz doirasiga kirmaydigan masalani hal qilib berishni so‘raydi. Misol uchun: «men tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchiman va yer bering». Vaholanki tadbirkorga yer ajratish tuman hokimi vakolatida emas. Yana bir murojaat turi — tumanda uy-joy qurilyapti. Ammo murojaatchi: «Menda imkoniyat yo‘q, boshlang‘ich to‘lovni davlat to‘lab bersin yoki o‘zingiz homiy topib to‘lab bering», deya talab qo‘yishadi. Biz imkon darajasida yordam beramiz, ammo juda ko‘p miqdordagi murojaatlarni qanoatlantirishning imkoni bo‘lmaydi.
— Tumanda ko‘p xonadonli uylar bor, ammo kanalizatsiya mutlaqo yo‘q. Bu masala qanday hal qilinadi?
—Viloyatga suv-oqova tizimi va yo‘llarni ta’mirlash uchun 370 million dollar atrofida kredit ajratilgan. Ayni vaqtda joylarni o‘rganish va loyihalash ishlari olib borilyapti. Jarayon yakuniga yetgach, bir-ikki oy ichida suv o‘tkazish, kanalizatsiya yotqizish va yo‘llarni ta’mirlash ishlari boshlanadi.
— Ba’zi hududlarda chiqindi o‘z vaqtida olib ketilmasligi natijasida zovurlarga tashlanyapti. Oqibatda yerning sho‘rlanish darajasini ushlab turadigan zovurlar ko‘milib ketyapti. Chiqindini olib ketadigan maxsus texnika sotib olinadimi?
— Shunday muammo borligini o‘zimiz ham yaxshi bilamiz. Tuman bo‘ylab aylanib yurganimizda zovurlarga chiqindi tashlanishi holatiga guvoh bo‘lganmiz va to‘xtatganmiz. Shu vaqtga qadar maxsus texnika yetishmas edi, nihoyat ikki tumanga chiqindi tashish mashinalari olib keldik. Oktyabr oyidan grafik qilib, axlat olib chiqilishini ta’minlaymiz.
— Zangi qishlog‘ida avtomobil yo‘li bor. Xalq shu yo‘l ta’mirlanishini kutib charchadi. Bu borada nima deya olasiz?
— Zangi qishlog‘i eski mahallalardan. Nafaqat u yerdagi, balki tumandagi ko‘plab yo‘llar ta’mirtalab ahvolda. Yaqinda yil yakunlanadi, shunday ekan, darhol asfalt qilamiz, deb va’da bera olmayman. Ammo ertagayoq qum va shag‘al tashlab, oktyabr-noyabr oylarida biroz bo‘lsa-da o‘nglab beramiz. Muammoli yo‘l o‘zi bir yarim, ikki kilometr chiqsa kerak. Kelasi yil o‘sha yo‘lni asfalt qilib beramiz.
— Yuqorida tumandagi vaziyat og‘irligiga statistika noto‘g‘ri hisoblanganini sabab qilib ko‘rsatdingiz va o‘sha raqamlarni to‘g‘irlash orqali tumanni qizil hududdan sariqqa olib o‘tishni aytdingiz. Gapingizdan shunday ma’no kelib chiqmoqdaki, qog‘ozdagi raqamlarni o‘zgartirish orqali muammoni hal qilmoqchideksiz...
— Yo‘q, aslida bunaqa demoqchi emas edim. Gap shundaki, umumiy hisobda 9 ta bandda muammolar qayd etilgan bo‘lsa, shundan ikkitasida raqamlar farq qilishini aytgandim. Biz mana shunga e’tiborsizlik qilganmiz. Qolgan sohalarda darhaqiqat past ko‘rsatkichlar qayd etilgan. Buni tan olamiz. Qog‘ozdagi statistika bilan xalqni rozi qilib bo‘lmaydi. Tumanni sariq hududga chiqaramiz, deya va’da berganimda amaldagi ishlar bilan bunga erishishni nazarda tutgan edim.
— Jondor tumani to‘liq gazlashtirilmagan. Aholi qishga tayyorlanish uchun yulg‘un va saksovul yig‘ishni boshlaydi. Tumanga ko‘mir yetkazib berish bo‘yicha yetarlicha ish olib borilganmi?
—Tuman 40 foiz gazlashtirilgan. Tabiiy gaz bosimi yetarli bo‘lmagan hududlar hozirda tarmoqdan uzilgan va propan balonlar yetkazib berish yo‘lga qo‘yilgan. Mana shu hududlar aholisi talabini o‘rgangan holda ko‘mir bilan ta’minlashga harakat qilmoqdamiz. Viloyatimizda uchta tumanni ko‘mir bilan ta’minlaydigan baza mavjud. Qaysi hudud qachon ko‘mir olib ketishini jadvalga olganmiz. Ta’lim va tibbiyot muassasalari ta’minlanib bo‘lgandan so‘ng aholiga ham to‘liq yetkazib beramiz.
— Tumanning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini oshirish uchun qaysi sohalarni rivojlantirish kerak?
— Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish kerak. Mening sektorimning o‘zida 9 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Natijada aholining jon boshiga to‘g‘ri keladigan sanoat ulushi oshiriladi. Masalan Varaxsha hududini oladigan bo‘lsak, suv bormagani tufayli ilgari ekin ekilgan yerlar oborotdan chiqib ketgan. Boshqa viloyatlar tajribasini o‘rgangan holda shu yerlarni foydalanishga qaytarmoqchimiz. Xususan, 300 gektar yerga surxondaryolik dehqonlar jalb qilinib, bog‘ yaratildi. Shunday loyihalarni ko‘paytirishni maqsad qilganmiz. Nasib qilsa, ko‘rsatkichlar yil oxiriga qadar yaxshilanadi.
— Tadbirkorlik ko‘paygani yaxshi, ammo infratuzilma masalasi ham ko‘rib chiqilyaptimi? Masalan, yangi korxona ochilsa elektrga ehtiyoj ham oshadi.
— Darhaqiqat 89 ta sarmoya loyihasini amalga oshirish uchun elektr kerak. Ammo bu borada xavotirga hojat yo‘q, sanoat zonasi uchun kerak bo‘lgan kommunikatsiyani Respublikadan kelib, o‘rnatib berishmoqda. Quvvat yetmaydigan joylarga yangi transformatorlar o‘rnatilyapti, yangi liniyalar tortilmoqda. Tabiiy gaz kerak bo‘lgan taqdirda, 15 kilometrgacha bo‘lgan masofaga yangi gaz quvurlari tortiladi. Quvvat yetmaydigan joylarga qo‘shimcha quvvat beriladi.
— Aholining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji qachon to‘liq qanoatlantiriladi? Masalan, Yangiobod va Aminobod hududlaridan ko‘p e’tiroz bo‘lmoqda..
— Tumanda elektr energiyasida uzilishi mumkin bo‘lgan 24 ta aholi punkti bor. Bu yerlardagi transformatorlarni yangisiga almashtirishni rejalashtirganmiz. Transformator eski, qishloqlar esa kengaymoqda, yangi imoratlar qurilyapti. Shu sababli ancha oldin qurilgan transformatorlarning quvvati yetmayapti. Yil oxiriga qadar yangisiga almashtirib beramiz.
— Hozir bu yerda ko‘p va’dalar berilmoqda. Ammo bu aytilganlar quruq gap bo‘lib qolmaydimi?
— Ushbu kengashda deputatlar ishtirok etmoqda, qolaversa, Oliy Majlis qonunchilik palatasi vakili bor. Aytilayotgan har bir gap yozib borilmoqda. Agar va’dalarim quruq gap bo‘lib qolsa, men ham, qo‘l ostimdagi xodimlar ham lavozimimiz bilan javob berishga tayyormiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter