Shavkat Mirziyoyevdan ta’ziya: O‘zbekiston Qahramoni vafot etdi

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi tizimida ko‘p yillar samarali mehnat qilib, soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan va xalqimiz hurmatiga sazovor bo‘lgan O‘zbekiston Qahramoni Avaz Ergashev shu yil 25-dekabr kuni vafot etdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
A.Ergashev so‘nggi yillarda nafaqada bo‘lishiga qaramasdan, jamoat ishlarida faol ishtirok etib, qishloq va mahallalarni obod qilish, yoshlarni vatanparvarlik va istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, agrar tarmoqni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda yuqori hosildorlikka erishish borasida o‘zining maslahat va yordamini ayamay, aholi o‘rtasida yuksak obro‘-e’tiborga ega edi.
Uning ko‘p yillik samarali mehnati davlat tomonidan munosib taqdirlanib, O‘zbekiston Qahramoni unvoni bilan mukofotlangan edi.

Foto: O‘zA
O‘zbekiston Qahramonining vafoti munosabati bilan O‘zbekiston hukumati — Sh.Mirziyoyev, N.Yo‘ldoshev, N.Ismoilov, A.Aripov, Z.Mirzayev, B.Yusupov, T.Jo‘rayev marhumning yaqinlari va oila a’zolariga hamdardlik bildirdi.
Ma’lumot uchun, A.Ergashev 1949-yilda Jomboy tumanida tug‘ilgan. Faoliyati davomida Jomboy tumanidagi jamoa xo‘jaligida brigada boshlig‘i, bosh agronom va xo‘jalik raisi vazifalarida, shuningdek, «Jomboy don» aksiyadorlik jamiyati, tuman mashina-traktor parkida rahbarlik lavozimlarida mehnat qilgan. 2009-2015-yillarda Jomboy tumanidagi «Avaz agro hosil» fermer xo‘jaligi boshlig‘i sifatida samarali faoliyat olib borgan.
Tahririyatimiz nomidan A.Ergashevning yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etamiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter