Sudlar faoliyati: karantin va karantindan keyin...

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining majlisi bo‘lib o‘tdi.
Oliy mahkama matbuot xizmati rahbari Aziz Obidovning ma’lum qilishicha, videokonferensaloqa rejimida o‘tkazilgan majlisda Oliy sud sudyalari, jinoyat va fuqarolik ishlari bo‘yicha hamda ma’muriy, iqtisodiy va harbiy sudlar raislari va sudyalari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Unda Oliy sud Plenumining «Sudlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududida koronavirus infeksiyasi (COVID-19) tarqalishiga qarshi choralar joriy etilishi sharoitida qonun hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida»gi qaror loyihasi muhokama qilindi.
Qayd etildiki, mamlakatimizda karantin joriy etilgach, sudlar faoliyati to‘xtab qolgani yo‘q. Faqat fuqarolar va yuridik shaxslarning murojaatlari borasida sudlarda ish tartibi o‘zgardi. Fuqarolarni shaxsiy va sayyor qabullarini vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘lindi. Biroq sudlarda kechiktirib bo‘lmaydigan toifadagi ishlar ko‘rib kelinmoqda, boshqa ishlarni ko‘rish esa, ma’lum muddatga qoldirildi.
Karantin tartibi tugagach, sudlarga murojaatlar soni keskin oshib ketishi ehtimoli yuqori. Bu esa hozirdan jiddiy tayyorgarlik ko‘rishini taqozo etadi.
Aynan shunday holatlar e’tiborga olinib, bugun muhokama etilgan Plenum qarori loyihasi tezkorlik bilan ishlab chiqildi. Azkur huquqiy hujjatda epidemiologik vaziyatlarda sudlar qanday faoliyat tartibi o‘z ifodasini topgan.
Plenum qarori bilan karantin amal qilishi davrida da’vo muddati O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 156-moddasi (da’vo muddati o‘tishining to‘xtatilishi) birinchi qismining 1 va 2-bandlariga asosan to‘xtatilishi tushuntirilmoqda. Unga ko‘ra, karantin da’vo muddatining oxirgi olti oyida joriy etilgan yoki amal qilishni davom etib turgan bo‘lsa, da’vo muddatining o‘tishi to‘xtatiladi.
Karantin bekor qilingan kundan boshlab da’vo muddatining o‘tishi davom etadi, bunda muddatning qolgan qismi olti oygacha, da’vo muddati olti oydan kam bo‘lsa, da’vo muddatiga qadar uzaytiriladi.
Plenum qarorining yana bir e’tiborga molik nuqtasi shundaki, unga ko‘ra, karantin shartlari joriy etilgunga qadar qonuniy kuchga kirgan, biroq ijroga qaratilmagan sud qarorlari, shuningdek, karantin davrida chiqarilgan va karantin shartlari joriy etilishi munosabati bilan apellyasiya tartibida shikoyat qilinmagan sud qarorlari karantin amal qilishi bekor qilingandan so‘ng ijroga qaratiladi.
Shuningdek, Plenum qarorida Iqtisodiy sudlarga muayyan ishlar ko‘rilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 martdagi «Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmonining qoidalarini inobatga olinishi lozimligi ham tushuntilmoqda. Bunda Farmon qabul qilingunga qadar qo‘zg‘atilgan chet eldan xorijiy valyutadagi tushum tushishi kechiktirilishiga yo‘l qo‘ygan eksport (import) qiluvchilarga moliyaviy jarimalar qo‘llash, shuningdek soliq qarzdorlikni undirish to‘g‘risidagi ishlarga alohida e’tibor qaratilgan.
Ko‘rib chiqilgan masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Plenum majlisida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori N.Yo‘ldoshev ishtirok etdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter