Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Tepag‘on» kelin

«Tepag‘on» kelin

Foto: «Pinterest»

Haydarqul mol-holni yig‘ishtirgach, choyini ichib, endi choyxonaga – chollar yoniga bormoqchi bo‘ldi-yu, darrov fikridan qaytdi. Hozir borganimdan Shermat buva kelinimdan gap ochadi. «Bu deyman, Haydarqul, o‘g‘lingga olayotgan kelining Osiyo chempioni emish, tag‘in kampiringni tepib, og‘zini qiyshiq qilib qo‘ymasin» deydi. Boshqa chollar ham «xo-xo»lashib, jig‘imga tegadi. Keyin meniki «tutib», etagimni qoqib, qaytib kelaman. Undan ko‘ra bormaganim yaxshi deya o‘yladi. Lekin o‘sha chollarni ko‘rmasa, bir zum ham tura olmaydi. O‘shalarga bog‘lanib qolgan. Qishloqda nima bo‘layapti, kim o‘g‘il uylayapti, kim qiz chiqarayapti, hammasini bilishadi bu chollar.

Ayniqsa, Haydarqulning o‘g‘li Anvarqul qo‘shni qishloqdagi Do‘stmamat muallimning qizi Sanam bilan ko‘ngil berishganini, Sanam taekvondo bo‘yicha Osiyo chempioni ekanligini ham ipidan-ignasigacha biladi-yey, qoyil qolasiz. Qodir buva degani baloning o‘zi. Hatto o‘sha Sanamning finalda arabistonlik qizni tepib, gilamdan chiqarib yuborganini ham gapirib yuradi. Nima kerak ekan shu chollarga bu gaplar? Undan ko‘ra achchiqqina ko‘k choyni ichib yuraversa bo‘lmaydimi?

Haydarqul tars etib yorilib ketayotgandek. Choyxonaga bormasa bo‘lmaydi. Qishloqda nima gap ekan? Kim-kim bilan arazlashdi, kimning sigiri  tug‘di yoki kim to‘y qilayapti, shularni eshitmasa, xuddi bir joyi kamdek bo‘laveradi. Kampirining hay-haylashiga qaramasdan choyxonaga yo‘l oldi.  Chollar allaqachon kelishgan, uni ko‘rib, davrada qattiq kulgi ko‘tarildi.

— Haydarqul, eshitdingmi, bo‘lajak kelining qo‘shni qishloqdagi barcha bezori yigitlarning dodini bergan emish, — dedi chollardan biri. – Aslida janjal yigitlarning o‘zidan chiqqan ekan.

— Bu deyman, ichingdan zil ketayapti-ya, o‘g‘ling shuni olaman deb turganidan keyin ilojing qancha. Kelin keldi ham deylik, keyin u sportchi bo‘lsa, kampiringning qo‘lidan ishini olarmikan? – tag‘in eski gapni qo‘zg‘adi Shermat buva. – Shunisiga hayronman-da. Osiyoda eng kuchli sportchi bo‘lsa, bir qo‘l silkib, qaynonasini yerga qulatsa-ya. Yo‘q, Haydarqul, bu fikringdan qayt. O‘g‘ling olaman desa qishlog‘imizda ham qizlar ko‘p.

— Namuncha menga yopishib oldilaring? — Haydarqulning jahli chiqdi. – O‘g‘lim shu qizni olaman dedimi, gap tamom. Shu qizni kelin qilaman. Buyog‘ini bizga qo‘yib bering, kampirim tayoq yeydimi, menmi, o‘g‘limmi, buni vaqt ko‘rsatadi. Keyin Do‘stmamat muallim ham, xotini ham juda yaxshi odamlar. Qizi Sanam ham odabli, axloqli qiz. Polvonligi bor. Bu yaxshi-ku. Nabiramiz ham polvon bo‘ladi. Undan ko‘ra kelgusi hafta hammalaring to‘yga boringlar, birgalikda bir yayraymiz.

— Baribir ko‘nglim xijil, — dedi Shermat buva. – Ishqilib oxiri baxayr bo‘lsin-da. Nima bo‘lganda ham senga sabr-toqat bersin, Haydarqul.

— E, boring-yey, — Haydarqul qo‘lidagi sovub qolgan choyni ho‘plab, piyolani chappa qilib dasturxonga qo‘ydi-da yuziga fotiha tortdi. –  Mayli, men boray, to‘yda ko‘rishamiz.

To‘ydan bir-ikki oylar o‘tgach, o‘sha Shermat buva bashorat qilgan voqea ro‘y berdi. Hammaning og‘zida Haydarqulning kelini – Sanam. U osmonga cho‘pchib tepgan emish, ham qo‘li, ham oyog‘i chaqqon ekan, bir zarb bilan yerga qulatibdi degan gaplar bolalab ketdi.

Aslida voqea bunday bo‘libdi. Sanam do‘kondan ul-bul xarid qilib uyga qaytayotsa, Shermat buvaning o‘g‘li shirakayf holda unga gap otibdi. Keyin yo‘lini to‘sib, «hunaringni menga ham ko‘rsat-chi, o‘zing bir qiltiriq bo‘lsang, qanday qilib Osiyo chempioni bo‘lding?» deb uning jahlini chiqaribdi. Sanam esa «yo‘limdan qoching, erkak kishisiz, birovning xotinining yo‘lini to‘sishga uyalmaysizmi?» debdi. Shunda ham u yo‘ldan qochmabdi. Sanam osmonga bir sakrab, shunday zarba beribdiki, Shermat buvaning o‘g‘li Ergash yerga yuztuban yiqilibdi, keyin o‘rnidan turib Sanam tomonga yugurgan ekan, ikkinchi zarba uni adoi tamom qilibdi. Hushidan ketibdi. Qodir buvaning o‘g‘li esa sherigining ahvolini ko‘rib, qochib qolibdi.

Bu voqeadan keyin Shermat buvaning ham so‘zlari muloyim bo‘lib qoldi. Lekin darakchi chollarning og‘zi tingani yo‘q. Ular yana bir yangilik haqida gapirishayapti. Emishki, qishloqdagi xotinlar Sanamdan taekvondoni o‘rganayotgan emish. Endi erlarga qiyin bo‘ladi-da deyishayapti chollar xavotirlanib.

Faxriddin Bozorov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring