Toshkent shahar suv ta’minoti tizimidagi mansabdorlar ushlandi

2021-yil 16-mart kuni IIVga fuqaro A.E. ariza bilan murojaat qilib, u o‘z arizasida tadbirkorlik qilish maqsadida Yunusobod tumani Markaz-6 dagi bekatni ijaraga olib, bekatga o‘tgan suv quvuriga ulanib, hisoblagich o‘rnatganligini va hujjatlashtirish uchun Toshkent shahar «Suvsoz» boshqarmasiga murojaat qilganida, korxonaning «Mirolim» ismli xodimi suv quvurini o‘zboshimchalik bilan ulaganligini ro‘kach qilib, jarimaga tortmaslik evaziga 3 mln so‘m berishini talab qilayotganligini ma’lum qilib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan. Bu haqda IIV JQBB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xabar bermoqda.
Mazkur arizaga asosan, shu kuni IIV JQBB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi IJQK Departamenti Toshkent shahar Yunusobod tumani bo‘limi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, «Toshkent shahar suv ta’minoti» MChJ bo‘lim boshlig‘i H.M. Toshkent shahar Uchtepa hokimligi yaqinida ariza muallifi A.E. dan 3 mln so‘m olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Ushlangan shaxs ushbu pullarni «Toshkent shahar suv ta’minoti» MChJ direktor o‘rinbosari P.R.ning topshirig‘iga asosan olganligini va pullarning bir qismini unga berishi lozimligini ma’lum qilgan.
2021-yil 17-mart kuni tezkor tadbir davom ettirilib, P.R. xizmat xonasida H.M.dan 3 mln so‘m miqdoridagi pullardan, 1 mln 800 ming so‘mini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Mazkur holat yuzasidan, 2021-yil 17-mart kuni Bosh prokuratura huzuridagi IJQK Departamenti Toshkent shahar Yunusobod tumani bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi «g» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, P.R. va H.M.lar Jinoyat protsessual kodeksning 224-moddasi tartibida ushlanganlar. Jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter