Toshkent viloyati 600 dan ziyod sirdaryolikni qabul qildi

Kuni kecha Sirdaryo viloyati, Sardoba tumanidagi suv omborida falokat kuzatilgandi. Natijada 60 mingdan ziyod kishi uyini tark etishga majbur bo‘ldi.
Toshkent viloyati birinchilardan bo‘lib Sirdaryoga yordam qo‘lini cho‘zdi. Yangiyo‘l, Chinoz va boshqa tumanlardan bir necha avtomobillarda oziq-ovqat mahsulotlari beg‘araz yordam sifatida jo‘natildi. Suvni to‘sishda foydalanish uchun katta hajmda yuk tashiydigan avtomobillar, beton to‘siqlar ham yuborildi.
Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi Axborot xizmati xabar berdi.

Sirdaryolik 600 nafardan ziyod fuqaro Toshkent viloyatiga o‘tdi. Chinoz, Bo‘ka, Oqqo‘rg‘on, Bekobod tumanlari va Bekobod shahar hokimlari hamda sektor rahbarlari mehmonlarni ochiq yuz bilan kutib olishdi. Sirdaryoliklar uchun barcha shart-sharoit yaratib berildi. Yashash joyi, oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlandi. Shifokorlar mehmonlarga zarur tibbiy yordamni ko‘rsatib, ularning salomatligini nazoratga olishdi.
Bugun Sirdaryodan tashrif buyurganlarning ayrimlari vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarayotganini qo‘rib, viloyatiga qaytish taraddudini ko‘rishmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter