Toshkentda ilk «sport» bekati paydo bo‘ldi
Poytaxtning Sergeli tumanidagi avtomobil bozori yaqinida joylashgan va 12 ta avtobus yo‘nalishi xizmat ko‘rsatadigan bekatda ilk «sport» bekati tashkil etildi.
Yo‘l harakatini tashkil etish markazi tashabbusi bilan bekat hududida vorkaut maydonchasi barpo etilib, qisqa muddatli jismoniy mashg‘ulotlar uchun mo‘ljallangan sport elementlari o‘rnatildi.
Endilikda yo‘lovchilar avtobus kutish vaqtida yengil mashqlar bajarish, turnikda tortilish yoki boshqa jismoniy faollik bilan shug‘ullanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, mazkur loyiha jamoat transporti infratuzilmasini nafaqat harakatlanish, balki aholining salomatligi va qulayligi uchun ham xizmat qiladigan muhitga aylantirishga qaratilgan.
Qayd etilishicha, Seul, Pekin, Singapur, Parij, Bogota va Kali kabi shaharlarda ham avtobus bekatlari sport elementlari bilan jihozlanib, aholining kundalik jismoniy faolligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, kelgusida bunday sport-bekatlar aholi zich yashaydigan hududlar, serqatnov yo‘nalishlar va yetarli bo‘sh maydonga ega bekatlarda ham tashkil etilishi mumkin. Bunda xavfsizlik, yo‘lovchilar uchun qulaylik va piyodalar harakatiga xalaqit bermaslik asosiy mezon sifatida belgilanadi.
Shahar aholisi va yo‘lovchilar yangi sport-bekatlar uchun manzillar bo‘yicha o‘z takliflarini Yo‘l harakatini tashkil etish markazining Telegram-boti orqali yuborishlari mumkin.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter