Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Vazirlik Oliy sud raddiyasiga qo‘shilmadi, uzr nasiyaga qoldi

Vazirlik Oliy sud raddiyasiga qo‘shilmadi, uzr nasiyaga qoldi

Foto: «Xabar.uz»

Yaqinda saytimizda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Ichki ishlar vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i aytgan gaplariga munosabati e’lon qilingandi.

Unda IIV bosh boshqarma boshlig‘ining ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan suhbatda poytaxt propiskasiga o‘tish masalasining ayrim qirralari haqida mulohazalariga e’tiroz bildirilar ekan, pirovardida, Oliy sud vazirlik mutasaddisi aytgan gaplari uchun uzr so‘rashi lozimligi ta’kidlagandi.

Oliy sud raddiyasiga nisbatan vazirlik tezda o‘z munosabatini bildirdi. Munosabatki, xatoni tan olib, uzr so‘rash haqida gap-so‘z yo‘q. Aksincha,  rasmiy munosabatni «raddiyaga raddiya» deyish mumkin.

Albatta, og‘riqli muammo bo‘lib turgan propiska masalasi, bu boradagi huquqiy hujjatlar nainki xalqaro me’yorlarga, balki Bosh qomusimiz talablariga mos ekani katta so‘roq ostida qolayotgani, qisqasi, fuqarolarning jiddiy e’tiroz va noroziliklariga «dahanaki jang» orqali yechim topib bo‘lmaydi. Biz esa haqiqat bahslarda tug‘iladi, degan hikmatga va xolislik me’yorlariga monand saytimizda IIV rasmiy munosabatiga ham joy berishni lozim deb bildik.

***

Shu yilning 10-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «Jinoyatchilik profilaktikasi va unga qarshi kurashish, shuningdek, propiska masalalari» yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining bir qator mutasaddi rahbarlari qatorida qatnashgan IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i polkovnik B.Shariksiyevga Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga doimiy propiska qilinishidagi muammolar bo‘yicha tadbirda ishtirok etgan jurnalistlar tomonidan bir qator savollar berilgan edi.

Muloqot jarayonida, tadbir ishtirokchilariga respublikaning boshqa mintaqalarida doimiy propiskaga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida qiymati eng kam oylik ish haqining 2500 baravaridan kam bo‘lmagan narxdagi yangi qurilgan ko‘chmas mol-mulkni sotib olishlari mumkinligi to‘g‘risidagi cheklov olib tashlanganligi, bugungi kunda Qonun hujjatlaridagi bo‘shliqlardan foydalangan holda, respublikaning boshqa mintaqalarida doimiy propiskaga ega bo‘lgan bir qancha fuqarolar (4 va undan ortiq) tomonidan birgalikda Toshkent shahrida bir xonadan iborat yangi qurilgan uylarni sotib olib, oila a’zolari bilan birga Toshkent shahriga doimiy propiskaga o‘tish holatlari kuzatilayotganligi, ushbu holatlar tahlillar asosida o‘rganib chiqilib, tartibga solish uchun tegishli vazirlik va idoralarga ma’lumot taqdim etilganligi, ushbu toifa shaxslarni doimiy propiska qilish masalasi vaqtincha to‘xtatib turilganligi sababli, ular sud idoralariga murojaat qilayotganliklari bildirib o‘tilgan edi.

Ushbu aytib o‘tilgan holatda, faqat yuqoridagi toifa shaxslar o‘z vaqtida propiska qila olmaganliklari sababli, xodimlarning xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib, doimiy propiska qilish majburiyatini yuklashni so‘rab sud idoralariga murojaat qilayotganligi nazarda tutilgan.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, ushbu fuqarolarni Toshkent shahridan uy sotib olishga ehtiyojlari yo‘q, ular Ro‘yxatning 1-bandiga muvofiq, doimiy propiskadan o‘tganlaridan so‘ng, davlat notarial idoralari orqali o‘z ulushlaridan voz kechib, boshqa hududga doimiy propiskadan chiqib ketishgan. Sababi, Ro‘yxatning 1-bandiga ko‘ra propiska qilingan fuqarolar uchun qarindoshlarini doimiy propiska qilish va ikkilamchi bozordan uy sotib olish uchun Qonun bilan belgilangan ta’qiqlar mavjud emas.

Oliy sud matbuot xizmati tomonidan taqdim etilib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan ma’lumotda, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida propiska qilish bilan bog‘liq normativ-huquqiy hujjatlarda Toshkent shahrida sud qaroriga asosan propiska qilish va propiskadan chiqarish haqida birorta qoida mavjud emasligi qayd qilingan.

Ammo, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 16-fevraldagi «Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo‘lgan shaxslar – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida»gi 41-sonli Qarorida, sudning qaroriga ko‘ra turar joy olgan fuqarolar Qonun bilan tasdiqlangan Ro‘yxatning 1-bandiga kirishligi qayd qilingan. Bu esa ularni Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga Ro‘yxatning 1-bandi bilan doimiy propiska qilish uchun asos hisoblanadi.

Bundan tashqari ushbu qarorda, propiskadan o‘tish yoki ro‘yxatdan chiqarilganlik, sud qaroriga ko‘ra, shuningdek, qonunda ko‘zda tutilgan boshqa hollarda ham bekor qilinishi mumkinligi qayd qilingan.

2019 yil 16 may kuni Toshkent shahar, Yashnobod tumani ma’muriy sudi tomonidan hal qiluv qarori qabul qilinib, unda Toshkent shahar, Yashnobod tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi zimmasiga uch nafar shaxsni Toshkent shahar, Yashnobod tumani, 58-harbiy shaharcha 35-uy, 24-xonadonga «Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo‘lgan shaxslar – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni»ning 1-bandi bilan doimiy propiska qilish majburiyati yuklatilgan.

Ko‘rinib turibdiki, Oliy sud matbuot xizmatining 2019-yil 16-may kuni Toshkent shahar, Yashnobod tumani ma’muriy sudi sudyasi Z.X.Irsaliyev tomonidan chiqarilgan hal qiluv qaroridan xabari yo‘q.

Bugungi kunda shunga o‘xshash propiska bilan bog‘liq holatlar Toshkent shahrining bir qancha tumanlarida sudlar tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi
IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring