Xalqaro ona tili kuni: Bangladesh elchixonasi hamkorligida O‘zDJTUda tadbir bo‘lib o‘tdi
21-fevral, chorshanba kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Bangladesh elchixonasi va universitet hamkorligida Xalqaro ona tili kuni munosabati bilan madaniy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Hindiston, Turkiya va Malayziyaning O‘zbekistondagi elchilari, shuningdek, professorlar, tadqiqotchilar, talabalar va OAV xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda universitet rektori (v.b) professor Muhammad Chutpo‘latov, Bangladesh elchisi doktor Muhammad Monirul Islom, YuNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sara Nashad xonim va O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘jalar so‘zga chiqdi.
Elchi doktor Islom janoblari o‘z so‘zida Bangladesh ulug‘vor Til harakatining tarixiy mazmuni va ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tdi. U til shahidlari xotirasiga chuqur hurmat bajo keltirar ekan, Bangladesh millatining otasi shayx Mujibur Rahmonning Bangladesh tili huquqi va qadr-qimmatini himoya qilishdagi yetakchiligi va xizmatlarini minnatdorlik bilan yodga oldi. U 21 fevralning YuNESKO tomonidan Xalqaro ona tili kuni sifatida e’tirof etilishi dunyodagi barcha ona tillarini asrab-avaylash va targ‘ib qilishga, turli tillar va madaniyatlar o‘rtasidagi do‘stlik va bog‘liqlik rishtalarini chuqurlashtirishga xizmat qilishiga umid bildirdi.
Madaniy tadbir yakunida «Havas» guruhi hamda O‘zDJTU talabalari O‘zbekiston, Bangladesh, Hindiston, Xitoy, Turkiya, Rossiya, Fransiyaning an’anaviy kuy-qo‘shiqlari va raqslarini ijro etishdi.
Ma’lumot uchun, mazkur sana YuNESKO tomonidan 1999-yili 21-fevral – Xalqaro ona tili kuni deb e’lon qilingan. Har yili dunyoda bu sana keng nishonlanadi. Bangladeshliklar ushbu sanani Shahidlar kuni va Xalqaro ona tili kuni sifatida nishonlashadi. Sababi 1952-yilning 21-fevralida bangladeshlik talablar mamlakat poytaxti – Dakkada davlat tilini himoya qilib namoyish o‘tkazishadi. Ammo namoyishchilar politsiya tomonidan o‘qqa tutiladi. Bir necha kishi halok bo‘ladi. Bu harakat izsiz ketmadi, 1956 yili bengal tili davlat tili maqomini oldi. Namoyishda halok bo‘lgan talabalar xotirasiga Dakkada Shahid Minor haykali o‘rnatilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter