Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

UNICEF: BMT Xavfsizlik kengashining sanksiyalari KXDRdagi gumanitar vaziyatni nihoyatda og‘irlashtirdi

UNICEF: BMT Xavfsizlik kengashining sanksiyalari KXDRdagi gumanitar vaziyatni nihoyatda og‘irlashtirdi

UNICEF 2018-yilda KXDRda 60 ming bola to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekishini taxmin qilmoqda.

Foto: «LiveJournal»

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) KXDRda faoliyatini davom ettirayotgan kam sonli gumanitar tashkilotlardan biri bo‘lib, doimo qiyinchiliklarga duch kelmoqda. UNICEF ijrochi direktori o‘rinbosari Umar Abdi so‘zlariga ko‘ra, insonparvarlik yordamiga BMT sanksiyalarining daxli yo‘q, lekin tovarlarning pulini to‘lash va ularni tashish bilan shug‘ullanadigan banklar va kompaniyalar ehtiyotkorlik bilan ish tutmoqda. Bu haqda TASS xabar berdi.

Tijoriy tuzilmalar keyinchalik qonunbuzarlikda ayblanishni istashmayapti. Bolalarni oziq-ovqat, suv va tibbiy yordam bilan ta’minlash maqsadida UNICEF bu yil homiylardan 16,5 million dollar so‘ragan, ammo bu pulni to‘plashning haligacha iloji bo‘lmadi. «Bolalar o‘limining asosiy sabablari to‘yib ovqatlanmaslik hamda yomon holatdagi sanitariya va gigiyenadan kelib chiqadigan o‘tkir diareyadir», — dedi Umar Abdi.

UNICEF 2018-yilda KXDRda 60 ming bola to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekishini taxmin qilmoqda. «Oqsil va kaloriyaning yetishmasligi o‘limga olib kelishi mumkin», — deya ogohlantiradi Abdi.

Vaziyat KXDRga yoqilg‘i yetkazib berish cheklanishi bilan og‘irlashib boradi, bu uning yetishmovchiligi va narxining o‘sishiga olib keladi.

KXDRning BMTdagi doimiy vakili BMT Xavfsizlik kengashining Pxenyanga qarshi qaratilgan sanksiyalarini Shimoliy Koreya jamiyatini «qorong‘i o‘rta asrlarga» qaytarish va respublika aholisini «yashash va rivojlanish huquqidan» butunlay mahrum qilish deya baholab, ularni qamalga tenglashtirdi. Bu mamlakatning BMTdagi doimiy vakili Cha Son Namning tashkilotdagi yozma bayonotida qayd etilgan.

Shimoliy Koreya diplomati BMT Xavfsizlik kengashining sanksiyalari KXDRni barcha sohalarda, jumladan, iqtisodiyot, fuqarolarning farovonligi, sog‘liqni saqlash, sport sohasida siquvga olishga hamda insonparvarlik yordamini to‘xtatishga qaratilganini ta’kidladi.

Fevral oyining boshida BMT Xavfsizlik kengashida so‘zlagan nutqida Rossiyaning KXDRdagi elchisi Aleksandr Matsegora ham mamlakatdagi gumanitar vaziyat yomonlashayotganini ta’kidlagan edi. «Bugungi kunda Shimoliy Koreyaning azob chekayotgan aholisiga insonparvarlik yordami, jumladan, oziq-ovqat yetkazib berishning deyarli imkoni yo‘q», — dedi Rossiya elchisi.

2017-yilning dekabr oyida BMT Xavfsizlik kengashi bir ovozdan KXDRga qarshi sanksiyalarni og‘irlashtirish to‘g‘risidagi navbatdagi qarorni qabul qildi. Hujjatda neft xomashyosi va qayta ishlangan mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha yangi cheklovlar joriy etilgan, shuningdek barcha mamlakatlardan 24 oy mobaynida KXDR mehnat migrantlarini chiqarib yuborish talab qilingan. Qarorda KXDRga sanoat uskunalari, og‘ir uskunalar va transport yetkazib berish, shuningdek, respublikadan asosiy eksport tovarlarini xarid qilish bo‘yicha boshqa cheklovlar ham nazarda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yilda Xavfsizlik kengashi ballistik raketalar va yadroviy qurollar sinoviga javoban Pxenyanga nisbatan cheklovlarni uch marta kuchaytirdi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring