Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident «Yangi O‘zbekiston» universitetiga tashrif buyurdi

Prezident «Yangi O‘zbekiston» universitetiga tashrif buyurdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida «Yangi O‘zbekiston» universitetiga tashrif buyurib, ta’lim sohasidagi islohotlar va kelgusi rejalarga bag‘ishlangan ko‘rgazma bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Dastlab ta’limning uzviyligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan natijalar va rejalar taqdim etildi. «Maktabgacha ta’lim», «Maktab ta’limi», «Iqtidorli maktab o‘quvchilari», «Professional ta’lim» va «Oliy ta’lim» pavilonlarida ta’limning turli bosqichlaridagi islohotlar namoyish qilindi.

Taqdimotda bolaning ilk yoshidan boshlab kasb egallashiga qadar bo‘lgan ta’lim jarayonidagi o‘zgarishlar aks ettirilgan.

Prezident universitetning o‘quv va ilmiy infratuzilmasi bilan ham tanishdi. «Kelajak muhandislari» maydoni, «Bloomberg» laboratoriyasi, fizika o‘quv laboratoriyasi, muhandislik fanlari o‘quv zali va «Apple Training Center»da talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida axborot berildi.

Shuningdek, «Idrock» sun’iy intellekt klasteri, biotexnologiya va bioinformatika laboratoriyasi, materialshunoslik, lazer va nanotexnologiyalar hamda «ADM» mashinasozlik laboratoriyalari faoliyati namoyish etildi.

Bu infratuzilmalar talabalarning nazariy bilimlarini amaliy mashg‘ulotlar, ilmiy tadqiqotlar va loyihalar bilan bog‘lashga qaratilgan.

Tashrif davomida davlat rahbari universitet professor-o‘qituvchilari, talabalari hamda xalqaro ta’lim dasturlarini joriy etishda hamkorlik qilayotgan xorijlik hamkorlar bilan suhbatlashdi.

Uchrashuvlarda ta’lim sohasidagi islohotlar va zamonaviy o‘quv muhitini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Prezident, shuningdek, faol va tashabbuskor o‘qituvchi hamda murabbiylar bilan esdalik uchun suratga tushdi.

Ta’lim sohasidagi islohotlarning keyingi bosqichida zamonaviy ko‘nikmalar, axborot texnologiyalari va mustaqil fikrlashga e’tibor kuchaytirilayotgani rasmiy taqdimotlarda ham qayd etilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring