31-mart – Turkiya siyosiy hayotida muhim kun

31-mart, yakshanba kuni Turkiyada mahalliy hokimiyat organlari saylovi bo‘lib o‘tadi. Turkiya prezidenti huzuridagi Kommunikatsiya boshqarmasi boshlig‘i Faxriddin Altun ertangi ovoz berish tadbiri nafaqat milliy, xalqaro miqyosda ham ahamiyatli hodisa ekanini aytadi.
«1946-yilda ko‘ppartiyaviylik joriy qilinganidan beri Turkiya muntazam, adolatli va shaffof saylovlar o‘tkaziladigan mamlakatlar ro‘yxatining boshida kelmoqda. Mamlakatimizda saylovlar Oliy saylov kengashi (YSK) kabi muassasalar orqali mustaqil sudyalar nazorati ostida o‘tkaziladi. Binobarin, Turkiya saylov xavfsizligi va fuqarolarning saylov jarayoniga ishonchini ta’minlash nuqtai nazaridan ilg‘or siyosiy madaniyatga ega», – deydi professor F.Altun.
Kommunikatsiya boshqarmasi boshlig‘iga ko‘ra, mamlakatda saylov va ovoz berish jarayoniga ishonchni elektorat ishtiroki ko‘rsatkichida ham ko‘rish mumkin. Masalan, 2023-yil 14-may kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik va parlament saylovlarida davomat 88,92 foizni tashkil qilgan. Bu esa Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) davlatlari orasida saylovda qatnashish darajasi bo‘yicha uchinchi natijadir.
«Xalqning talab va ehtiyojlarini qondirishda birlamchi bosqich bo‘lgan mahalliy hokimliklar zamonaviy standartlarga mos dunyoqarash va istiqbolga ega bo‘lishini ta’minlashga katta e’tibor qaratayotganimizni alohida ta’kidlamoqchiman. Bu jarayon xalqning demokratik faolligi, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan muloqotini kuchaytirishda katta ahamiyat kasb etayotgani ayon haqiqatdir», – deydi rasmiy mulozim.
Ta’kidlanishicha, Turkiyada ko‘p yillardan buyon amalda bo‘lgan innovatsion munitsipalitet yondashuvining o‘ziga xos jihati shundaki, u texnologiya va barqaror rivojlanish loyihalari bilan bir qatorda aholining turmush sifatini yaxshilash, shaffoflik va har qanday sharoitda javobgarlikni his etishga asoslangan. Qolaversa, prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on ilgari surgan xizmat siyosati va qarashlari munitsipalitetlarning asosiy nizomini tashkil etadi.
Ertangi umummilliy munitsipal saylovning yana bir muhim jihati shuki, mamlakatda keyin 4 yil ichida boshqa saylov bo‘lmaydi.
Kommunikatsiya boshqarmasi rahbariga ko‘ra, kelgusi to‘rt yilda Erdo‘g‘on boshchiligida taraqqiyot tashabbuslarini davom ettirish, xususan, «Turkiya asri» g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish asosiy vazifa bo‘ladi. Bundan tashqari, Turkiy davlatlar tashkiloti maqomini yanada oshirishga e’tibor qaratiladi.
«Turkiya bundan keyin ham saylovlarni demokratik tamoyillar doirasida o‘tkazadi. Amaldagi hukumat ham, muxolifat ham saylov natijalariga birdek hurmat bilan qaraydi va eng muhimi xalqaro maydonda barqarorlashtiruvchi kuch sifatida «Turkiya asri»ni barpo etishda davom etadi. Shu bois ham mahalliy boshqaruv organlariga saylovlarni ichki va tashqi dinamikasi jihatidan Turkiyaning kelajakdagi o‘n yillik marralariga eltishga qodir bir saylov deb atash mumkin», – deb xulosa yasaydi professor Faxriddin Altun.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter