Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Arab olamidagi eng yaxshi universitet nomi ma’lum qilindi

Arab olamidagi eng yaxshi universitet nomi ma’lum qilindi

Podshoh Abdulaziz universiteti (Saudiya Arabistoni) xalqaro QS  reytingiga ko‘ra arab olamidagi eng peshqadam oliy ta’lim muassasasi deb topildi. Buyuk Britaniyaning Quacquarelli Symonds shirkati tomonidan yuritiladigan reyting ilmiy tadqiqotlar, akademik nufuz, xalqaro izlanishlar tarmog‘i, chet ellik o‘qituvchi va talabalarni jalb etish kabi mezonlarga ko‘ra tuziladi. 

Arab dunyosining yetakchi oliy ta’lim dargohlari reytingida keyin o‘rinlarni Qatar universiteti (Doha), Podshoh Fahd nomidagi Neft va mineral resurslar universiteti (Dahram), Podshoh Saud universiteti (Riyoz) hamda Bayrutdagi Amerika universiteti egallagan.

Podshoh Abdulaziz universiteti ketma-ket to‘rtinchi bor mintaqadagi birinchi oliy ta’lim muassasi deb tan olinmoqda. Universitet rasmiy vakili, doktor Mus’ab al-Harbiy Saudiya Arabistonining «Nigoh–2030» strategiyasi doirasida ta’lim sifatini oshirishga ham katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidlagan.

Podshoh Abdulaziz universiteti 1967 yilda Jidda shahrida xususiy oliy ta’lim maskani sifatida tashkil etilgan. 1974 yilda Saudiya podshohi farmoni bilan davlat universitetiga aylantirilgan. Muhandislik, tabiiy fanlar, matematika, kimyo, tibbiyot, informatika, ijtimoiy fanlar va  menejment kabi yo‘nalishlarda malakali kadr tayyorlashi bilan tilga tushgan universitetda 80 mingdan ziyod talaba tahsil oladi.

E’tiborga molik jihati, Podshoh Abdulaziz universiteti bilan O‘zbekiston innovatsion rivojlanish vazirligi o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonovning joriy yil avgust oyida ushbu universitetga tashrifi davomida ikki davlat olimlari hamkorligida qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, tadqiqotchilarni yuborish va o‘zaro tajriba almashishga kelishilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring