Urush suv ostiga ko‘chmoqda: nishon — kommunikatsiya kabellari (video)
Dunyoning turli hududlarida keskinlik tobora ortib bormoqda. Urush deganda, odatda, ko‘z oldimizga tanklar, raketalar va samolyotlar keladi. Ammo masalaning boshqa, ancha murakkab tomoni ham bor. Nishonda dunyoning deyarli butun aloqa infratuzilmasini ta’minlab turgan suv ostidagi optik tolali kabellar turibdi. Bu kabellarning uzilishi global miqyosda tartibsizlik va jiddiy izdan chiqishlarga olib kelishi mumkin.
Rossiya va Ukraina urushi, Eron–Isroil–AQSh uchburchagidagi voqealar, Saudiya Arabistoni va Husiylar o‘rtasidagi inqiroz... Bularga jahon dengiz yo‘llarining eng muhim nuqtalari qatoriga kiruvchi Qizil dengiz va Ho‘rmuz bo‘g‘ozining amalda yopilishi, Xitoy va uning atrofida ro‘y berayotgan voqealar, Afrikadagi jarayonlarni ham qo‘shish mumkin.
Ehtimol, Ikkinchi jahon urushidan beri global keskinlik ilk bor bunchalik keng hududda bir vaqtning o‘zida kuchaymoqda. Shu bois davlatlar yoki nodavlat tashkilotlar yangi davrda o‘z mavjudligini saqlab qolish va o‘z ta’sirini kuchaytirishga intilayotgani ko‘rinib turibdi.
Bu jarayonda jangovor samolyotlar, tanklar, zarbdor uchuvchisiz apparatlar va yuqori texnologiyali raketalar asosiy e’tiborda. Kimning bu sohada imkoniyatlari ko‘proq bo‘lsa, u raqib ustidan ustunlikka erishadi, degan qarash mavjud.
Biroq mutaxassislar bunday yondashuv har doim ham to‘g‘ri bo‘lmasligi mumkinligini ta’kidlamoqda. Ayniqsa, suv ostida yotgan va butun sayyora bo‘ylab aloqa hamda ma’lumotlar oqimini ta’minlaydigan optik tolali kabellar masalani bir zumda o‘zgartirib yuborishi mumkin. Bu esa barcha tomonlar zarar ko‘rishi mumkin bo‘lgan o‘ta murakkab jarayonni boshlab berishi ehtimolini oshiradi.
Yaqinda Norvegiya ommaviy axborot vositalarida tarqalgan bir xabar ham e’tiborni tortdi. Xabarlarga ko‘ra, Rossiya kuchlari Norvegiya qirg‘oqlari yaqinida muhim suv osti kabellarini ishdan chiqarish imkonini beruvchi yangi texnologiyani sinab ko‘rishga uringan. AQSh va NATO kuchlari hududga yuborilgan.
Rossiya nishonga olgan bo‘lishi mumkin, deb taxmin qilingan umumiy uzunligi 1400 kilometr bo‘lgan ikkita optik tolali kabel hozircha zarar ko‘rmagan. Ammo ma’lumki, kelgusi davrda bu masala haqida yana ko‘p gapirishimizga to‘g‘ri keladi.
Suv ostidagi optik tolali kabellar zarar ko‘rsa, qanday oqibatlarga olib keladi?
Kiber diplomatiya va razvedka tadqiqotlari markazi koordinatori Kubro O‘zden jarayonni yaqindan kuzatayotgan mutaxassislardan biri. Uning ta’kidlashicha, suv ostidagi optik kabellar aslida Amerika, Yevropa, Afrika, Osiyo va Avstraliyani bir-biriga bog‘laydigan global tarmoqni tashkil etadi.
Dunyodagi ma’lumotlar almashinuvi va internet aloqasining taxminan 99 foizi dengiz ostidagi optik tolali kabellar orqali uzatiladi.
O‘zdenning fikricha, ushbu kabellarga jismoniy yoki kiber aralashuv amalga oshirilsa, vaziyat juda jiddiy tus olishi mumkin.
Internetdan foydalanish imkoniyatining uzilishi, bank va to‘lov tizimlarining ishdan chiqishi, transport hamda tibbiy xizmatlarning izdan chiqishi — bunday holatda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan dastlabki oqibatlardan ayrimlari.
Albatta, masalaning davlatlar va razvedka xizmatlari bilan bog‘liq tomoni ham bor.
O‘zdenning ta’kidlashicha, kabellarning qirg‘oqqa chiqish stansiyalari va ma’lumot yo‘laklari passiv tinglash, signal razvedkasi va ma’lumotlar almashinuvini tahlil qilish orqali strategik ma’lumotlarni qo‘lga kiritish imkonini beradi.
Shu sababli suv osti kabellari nafaqat aloqa infratuzilmasining, balki iqtisodiy va xavfsizlik tizimlarining ham muhim tarkibiy qismiga aylangan.
Demak, bu yerda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan har qanday jiddiy hodisa deyarli butun insoniyatga ta’sir qiladigan oqibatlarga olib kelishi bilan birga, razvedka va harbiy aloqalarga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Ataylab zarar yetkazish xavfi yuqori
Kubro O‘zdenning ta’kidlashicha, bu masala faqat Shimoliy Yevropada emas, balki global miqyosda dolzarb bo‘lib qolmoqda.
Geosiyosiy raqobatning muhim nuqtalaridan bo‘lgan Qizil dengiz va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi kabi hududlardagi vaziyat ham alohida e’tiborga loyiq. Har ikki hudud ham qurolli to‘qnashuv va sabotaj xavfiga juda ochiq.
O‘zdenning eslatishicha, tarixda ilk bor Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ham, Qizil dengiz ham bir vaqtning o‘zida tijoriy harakat uchun amalda yopilgan.
Uning aytishicha, Qizil dengiz orqali o‘tadigan 17 ta suv osti kabeli Yevropa bilan Osiyo va Afrika o‘rtasidagi ma’lumotlar almashinuvining katta qismini tashiydigan tarmoqqa aylangan.
Bu hududlardagi zaiflikning aniq misoli sifatida 2024 yilda Qizil dengizda Husiylar hujumlari natijasida uchta yirik kabel uzilgani va ularni to‘liq ta’mirlash taxminan olti oy davom etganini keltirish mumkin.
Shu nuqtai nazardan, kabellarni himoya qilishni faqat jismoniy xavfsizlik choralari bilan ta’minlab bo‘lmaydi. Yo‘nalishlarni doimiy kuzatib borish, shubhali dengiz harakatlarini aniqlash, tezkor ta’mirlash imkoniyatini yaratish va muqobil yo‘nalishlarni shakllantirish — infratuzilmaning barqarorligini ta’minlaydigan asosiy omillardir.
«Turkiya ham bu sohada muhim rol o‘ynaydi»
So‘nggi vaqtlarda tez-tez eshitayotgan atamalardan biri — «dreyfing», ya’ni kemaning nazoratsiz yoki shubhali tarzda suvda suzib yurishi bilan bog‘liq holat.
Bu atama optik tolali kabellar yoki muhim quvur tarmoqlari o‘tgan hududda kemaning shubhali tarzda sekinlashishi yoki harakatini o‘zgartirishiga nisbatan qo‘llanadi.
Bunday harakatlar «xaritalash» jarayoni bo‘lishi mumkin, deb baholanadi va shunga o‘xshash harakatlarni amalga oshirayotgan kemalarga zudlik bilan aralashiladi.
Hozirgi ma’lumotlarga ko‘ra, Shimoliy dengizdagi bunday voqealar faoliyati avvalgi yillarga nisbatan 52 foizga oshgan.
Xitoy dengizida esa 18 mingdan ortiq kema shunday holatda ekani haqida ma’lumotlar keltirilmoqda. Bu esa nazoratsiz kemalar harakati 88 foizga oshganini anglatadi.
Bu barcha jarayonlar orasida masalaning Turkiyaga daxldor jihati ham bor.
Aslida Turkiya raqamli texnologiyalar, ma’lumotlar, internet infratuzilmasi va kiberxavfsizlik sohalarida chet davlatlarga qaram bo‘lmasdan, o‘z nazorati va milliy manfaatlari asosida qaror qabul qilish masalasini milliy xavfsizlik masalasi sifatida ko‘radi. U mintaqadagi davlatlar bilan tuzilgan dengiz yurisdiksiyasiga oid kelishuvlar va suv osti loyihalariga e’tibor qaratmoqda.
Asosiy xavf — muhim infratuzilmalar sabotaj va gibrid tahdidlardan yetarli darajada himoya qilinmasligi ehtimoli. Shuning uchun infratuzilmalarni milliy imkoniyatlar asosida kafolatlash, muqobil yo‘nalishlarni rivojlantirish va tezkor aralashuv salohiyatini oshirish hayotiy ahamiyatga ega.
Agar bu uddalansa, Turkiya Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi ma’lumotlar oqimida kuchli tranzit markaziga aylanishi mumkin. Bu, albatta, boshqa sohalarda ham Turkiya ustunligini kuchaytiradi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter