Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Amerika, Turkiya, Fransiyadagi arzongarchilik yoxud quyoshi ko‘p O‘zbekistonda esa... nega shunday?

Amerika, Turkiya, Fransiyadagi arzongarchilik yoxud quyoshi ko‘p O‘zbekistonda esa... nega shunday?

«Fransiya Yevropadagi musulmonlar eng ko‘p yashaydigan davlat, – deydi hamyurtim Shodiyobegim Sharofiy. – Bu yerda musulmonlar iste’mol qiladigan maxsus mahsulotlar odatiy kunlarda juda qimmat. Ammo Ramazon, hayit ayyomlari boshlanmasidan oldin katta-katta do‘konlardan tortib supermarketgacha aynan musulmonlar iste’mol qiladigan mahsulotlarga katta chegirmalar beriladi. 25, 50, 75 foizgacha narxlar tushiriladi...»

Demak, Fransiyada  bir kilo pomidor 3 yevro, ya’ni 37 ming. Ushbu mahsulotni 50 foiz chegirma bilan sotilsa 18,5 ming so‘m bo‘lar ekan. Agar go‘sht 120 ming bo‘lsa, 50 foiz chegirmasi bilan bizning so‘mimizga 60 ming bo‘ladi. Ammo u yerdagi oyliklar bilan bizning oylikni solishtirsak-chi? Fransiyada o‘rtacha oylik 3 ming dollar (35 million so‘mdan oshadi bizning pulga) oylik oladigan odam 60 ming so‘mga bir kilo go‘sht oladi. Bizda esa o‘rtacha 3 million so‘m oylik oladigan odam 70-80 ming so‘mga bir kilo go‘sht oladi. 

Shoraxmat Qurbonov Facebook sahifasida yozayapti: – Istanbuldan salom!

Bugun Istanbulda 1$=19,4 TL ( turk lirasi ) bo‘lyapti. Bodring ham, pomidor ham, qulupnay ham bizning pulga 10-11 ming so‘m atrofida! Aytgandek, Istanbul hozir sovuq, kecha yomg‘ir aralash qor yoqqan, odamlar kurtka, paltolarda yurishibdi.

Ushbu postdan keyin ko‘pchilik hamyurtlarimiz kuni kecha sotib olgan mahsulot narxlarini izohda qoldirishdi:

S.Shohimardanov: – Qulupnayni 90 ming dedi, maydasini 50 ming so‘m.

K.Asqarova: – Bodringni 25 ming so‘mdan oldik, pomidor 40 ming – mazasi karton.

K.Qodirov: – Bugun, 30 mart kuni Chorsu bozorida bodringning kilosini 15 ming, pomidorni 32 ming so‘mdan oldim. Kahraton sovuq teplitsalarni urib ketgan shekilli?

D.Jumaniyozova: – Bugun  pomidorni Nukus bozoridan o‘rtachasini 38 ming so‘mdan oldim, qimmatiyam bor.

A.Xodjayev: – Hozir iftorga pomidor, bodring olib keldim. Pomidorning bir kilosi 31-37ming so‘m, bodring 15 ming, limon 16 ming so‘m.

Mustafa Muslim: – Turkiyada kechga yaqin yana ham arzonlab ketadi narxlar, bugun pomidor oldim 10 liradan.

Aspiyaxonova Abbosxon qizi: – Bugun Qo‘qon bozoridan 12-15 so‘mgacha bodring, pomidor 30-35 ming so‘m.

 N.Irmatova: – Bizda 40 ming pomidor, bodring 25 ming so‘m edi, bugun 15 ming so‘mga tushibdi.

O.Niyozova: – Turkiyada sabzavot va ko‘katlar qishin-yozin narxi birday bo‘lgani uchun qishga banka yopishni o‘ylamaysiz, mevalar ham shunday. Xalqning ham nazari to‘q.

 N.Karimova: – To‘g‘ri aytasiz, o‘zbek bozorlari insofsiz, ekobozordan kecha bir kg.qulupnayni 250-300 minga oldim.

A.Hamidov: – Bozordagi narx-navoni, mahsulotning ko‘p yoki kamligi belgilaydi...

Azamat Toshtemirov Facebook sahifasida yozayapti: – Nyu-Yorkda ham sabzavot va mevalar arzon ekan. Bu yerda, hatto, shotut, shaftoli, qaroli ham yeyapmiz. AQShda og‘irlik (vazn) paundda (funt) o‘lchanadi. Bir paund – 450 grammdan ziyodroqdir. Sizlarga tushunarli bo‘lishi uchun quyidagi ro‘yxatdagi bir paundlik mahsulot va uning narxini ikkiga ko‘paytirib, bir kilo uchun o‘zimizning milliy valyutaning hozirgi kursida (11438 so‘m) bahosini ko‘rsatdim).

Demak, narxlar bilan tanishamiz: (bir kg/so‘m)

Banan 16-17 ming so‘m.

Baqlajon 23-24 ming so‘m

Olma (qizil) 27-28 ming so‘m

Shaftoli 23-24 ming so‘m

Pomidor 27-28 ming so‘m

Bulg‘or qalampiri 45-47 ming so‘m

Qulupnay 45-46 ming so‘m

Shotut 68-70 ming so‘m

Boshqa shtatlarda narxlar bundan ancha arzon, chunki, Nyu-York megapolis bo‘lganligi uchun qimmat shahar hisoblanadi. Ammo bu yerda ish haqi boshqa joylardan ko‘ra ancha yuqori. Shaharda o‘rtacha oylik 7300 dollarni (84 mln so‘m) tashkil etadi.

Demak, AQShda 84 mln oylik oladigan odam uchun qulupnay narxi 45 ming, bizda o‘rtacha 3 million oylik oladigan odam uchun qulupnay narxi 100 mingdan 300 minggacha.

Kuni kecha Xabar.uz saytida  EastFruit  monitoring tahlili bilan tanishtirgandik. Bir hafta davomida issiqxonada yetishtirilgan qizil yumaloq pomidorning o‘rtacha ulgurji narxi 29 foizga oshdi va bu o‘tgan yildagi narxdan deyarli ikki baravar yuqori. 

EastFruit  monitoring tahlillariga ko‘ra, 2023 yilning 17 martidan 24 martigacha O‘zbekistonda bir kilogramm pomidorning o‘rtacha ulgurji narxi 28 ming so‘mdan 36 ming so‘mga oshdi.

 24 mart holatiga ko‘ra, pomidorning o‘rtacha ulgurji narxi o‘tgan yilning shu sanasiga nisbatan 1,8 baravar va 2020-2021 yillarning shu sanasiga nisbatan 2,4 baravar yuqori bo‘ldi, ya’ni o‘tgan hafta yurtimizda ushbu mahsulotning ulgurji narxlari boshqa mamlakatlarga qaraganda eng yuqori bo‘lib chiqdi (1 kg):

O‘zbekiston – 3,16 dollar

Polsha  – 2,79 dollar

Ukraina – 2,60 dollar

Tojikiston – 2,29 dollar

 Moldova – 1,61 dollar

 Gruziya – 1,16 dollar.

Tahlilchilar oldinroq O‘zbekistonda pomidor narxining bunday tez ko‘tarilishiga anomal sovuq sabab bo‘lganini yozishgan edi. Tadbirkorlar ushbu ekinning vegetatsiya davrini hisobga olgan holda, yaqin kelajakda ushbu mahsulot narxining pasayish ehtimoli yo‘q deb hisoblashmoqda.

Yuqoridagi hamyurtlarimiz ham ta’kidlab o‘tganidek anomal sovuqda issiqxonalarda yetishtirilayotgan pomidorlarni sovuq urishi sababi aytib o‘tilmoqda. Lekin bizni yana bir savol qiynaydi. Kamyob narsa qimmat bo‘ladi, ammo har qadamda bozorda pomidor bor-ku, agar rostdanam issiqxonalarda pomidorlarni urib ketgan bo‘lsa topilmaydigan «matah»ga aylanish kerakmasmidi?

Anomal sovuq bo‘ladimi, bo‘lmaydimi azaldan shu, hayit, Ramazon kabi ayyomlarda doimo tansiq narsalar shunaqa qimmatlashgan. Mahsulotlarning qimmatlashishiga hech qanday sabab yo‘q. Shunchaki hamyurtlarimiz shunday paytda ko‘proq, ko‘proq va yana ko‘proq foydani ko‘zlaydi vaholanki, boshqa musulmon davlatlarida aynan shunday qutlug‘ kunlarda xayrli ishlar qilinadi.

Masalan, bayram paytida pokistonliklar muhtojlarni unutmaydilar va Ramazon oyini xayriya, hamkorlik oyiga aylantiradilar. Ishbilarmonlar kambag‘al va kam ta’minlanganlarga shu oyda daromad olishlari uchun yordam berishga hissa qo‘shadilar – asosiy mahsulotlar, sabzavot, go‘sht va boshqa buyumlar narxini pasaytirishadi. Suriyada «O‘nta oziq-ovqat» deb nomlangan birinchi o‘n kunlikda muhtojlarni oziq-ovqat bilan ta’minlashga e’tibor qaratiladi. Oyning ikkinchi qismi «o‘nta kiyim» deb nomlanadi – ular hayitni nishonlashga kiyim sotib olishadi va kambag‘allarga yordam berishadi. Oxirgi o‘n kunlik esa «o‘nta shirinlik», bozorlarda mashhur shirinliklarni sotib olish va sotish vaqti.

Ramazon oyi Shobon oyining o‘rtalarida Qatarda maxsus marosim bilan boshlanadi. Ushbu oyni nishonlash xalqning urf-odatlari va ijtimoiy madaniyati bilan ajralib turadi, oziq-ovqat do‘konlarida Ramazon uchun maxsus chegirmalar o‘tkaziladi.

Malayziyadagi aksariyat musulmonlar masjidlarda ibodatda bo‘lishadi va u yerda oilalari bilan iftor qilishadi. Masjidlarda Ramazonning mashhur taomi qo‘zichoq yoki tovuqli guruch, ba’zan esa turli xil sabzavotlar muhtojlar orasida bepul tarqatiladi.

                                                              Barno Sultonova tayyorladi

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring