Tabib — badanning shohi

2020-yil 8-noyabr — O‘zbekistonda tibbiyot xodimlari kuni
2006-yil 12-sentyabrda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi tibbiyot xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida» qonunga muvofiq yurtimizda noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi shifokorlarning kasb bayrami kuni sifatida har yili keng nishonlanadi.
Tabib o‘z fanining mohir bilimdoni bo‘lishi; bemorlarga rahm-shafqat bilan muomala qilishi; asli tib ilmiga tabiati kelishmog‘i, donishmandlar so‘ziga rioya qilib, ularga ergashmog‘i; muloyim so‘z va bemor ko‘nglini ko‘taruvchi, andishali, xushfe’l bo‘lmog‘i kerak.
Alisher Navoiy
***
Tangri kimniki xush ko‘rsa, uni hamma uchun kerakli qilib qo‘yadi.
Hadisdan
***
Shoir tilning amiri bo‘lganidek, tabib badanning shohidir. Tabibning vazifasi hastani davolash, u kim bo‘lishidan, qanday mashabga, dinga mansubligidan qat’i nazar, yoshmi-qarimi, erkakmi-ayolmi, o‘g‘ilmi-qizmi, uni oyoqqa turg‘azishi, dardiga shifo berishi, o‘zgalarga begona yoki xirs ko‘zi bilan qaramasligi, xasta qiz bo‘lsa, o‘z qizini, o‘g‘il bo‘lsa, o‘z o‘g‘lini, ayol bo‘lsa, o‘z onasini, erkak bo‘lsa, o‘z otasini, iniga akasini ko‘rayotgandek bo‘lishi shart. Xastaga shirin so‘z, xushhulq, xushmuomalalik bilan yondashmog‘i, uning dardini o‘z dardi deb bilmog‘i, og‘risa-og‘rib, yig‘lasa-yig‘lab, ingrasa-ingrab davolashi kerak. Ammo so‘kinsa-so‘kinmasligi, dodlasa-dodlamasligi, yomon ko‘ngilga bormasligi lozim.
Abu Ali ibn Sino
***
Shunday bemorlar borki,
To‘shakda mixlanib yotar benajot,
Uyalib ketasan tuzalganingdan.
Shunday shifokorlar borki,
Tug‘ishgan akangday qaraydi senga,
Tuzalib ketasan uyalganingdan...
Muhammad Yusuf
***
Shifokorlik kasbi — jasorat. U fidokorlikni, qalb tozaligini va ezgu niyatlar ulug‘ligini talab qiladi. Har kim ham bunga qodir emas.
Anton Chexov
***
Shifokorning el suyar va qadrli mutaxassis sifatida shakllanishida unda 3 ta xosiyat: tibbiy bilim, tibbiy mahorat, shifokor fikri bo‘lishi kerak.
Odiljon Salohiddinov, tibbiyot fanlari doktori
***
Shifokor ahloqan kamolotga erishgan, hamisha burchiga sadoqatli, insonga yaxshilik qilishga intiluvchi, odamlar dardiga malham bo‘luvchi, yuqori madaniyatli, ziyoli bo‘lmog‘i lozim.
Ne’matjon Mamasoliyev, tibbiyot fanlari doktori, professor
***
Agar shifokor suhbatidan keyin bemor o‘zini yengil his etmasa, u shifokor emas.
V.M.Bexterov, ruhshunos olim
***
Shifokor odobliligining asosi chuqur bilimdir. U boshqa har qanday mutaxassislikdan farqli o‘laroq, o‘z sohasining eng so‘nggi yutuqlaridan xabardor bo‘lishi zarur. Masalan, yaqindagina tibbiy adabiyotda bayon etilgan kasallikning kechish xususiyatlari, yangi diagnostik usullari, yangi dori-darmonlardan bexabar qolish bemor sog‘lig‘iga jiddiy ta’sir etuvchi salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
V.X.Vasilenko, akademik
***
Shifokor davolash bilan band bo‘lib qolmay, tibbiyotga oid adabiyotlarni ham o‘qib borishi kerak. Minglab shifokorlar, ehtimol ming yildirki, tibbiyotni takomillashtirish ustida mehnat qilib kelganlar. Shu bois ularning asarlarini o‘qib, mazmuniga tushunib yetishga intilgan kishi ming yil davomida bemorlarni davolab kelgandan ko‘ra o‘zining ozginagina umri davomida ko‘proq narsani kashf etadi.
Abu Bakr Ar Roziy
***
Bemor sog‘lig‘ini shaxsiy manfaatlarimdan yuqori qo‘yishga, kamtar va halol bo‘lishga, o‘z bilimim va mahoratimni doimo oshirib borishga qasamyod qilaman.
O‘zbekiston Respublikasi shifokorining qasamiyodidan
***
Bemorlarga o‘z aql-zakovatimga tayangan holda faqatgina ularga foydali bo‘ladigan tavsiyalar beraman, turli vijdonsizliklar va ularga zarar keltirishdan o‘zimni tiyaman.
Gippokrat qasamyodidan
***
Qayerda insonlar sevilsa, o‘sha yerda tibbiyot san’ati ardoqlanadi.
Gippokrat
***
Agar insonlar bir-birlari bilan kurashishga sarflagan mablag‘larini birlashtirib, undan salomatlik yo‘lida foydalanishganida, olamda hech bir kasallik qolmasdi.
V.I.Siolkovskiy, kosmonavt olim
Durdona to‘pladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter