Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risidagi qonun loyihasida qanday yangiliklar, o‘zgarishlar bor?

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati tomonidan Adliya vazirligi bilan birgalikda «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida»gi Qonunning yangi tahriri ishlab chiqildi.
Bugungi kunda Hukumat faoliyatini tartibga soluvchi 30 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan.
Amaldagi «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida»gi Qonun 2003 yilda qabul qilingan bo‘lib, uning normalari Hukumat faoliyati bilan bog‘liq munosabatlarni to‘liq qamrab olmagan.
Shuningdek, 200 dan ortiq qonun hujjatlarida Vazirlar Mahkamasining mingdan ortiq vakolatlari aks ettirilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar ular to‘liq xatlovdan o‘tkazilgan holda konsolidatsiyalashmagan.
Qonunning yangi tahririda Hukumatning huquqiy maqomi, uning iqtisodiyot, ijtimoiy va madaniy sohalardagi roli aniq belgilanmoqda. Xususan:
VAZIRLAR MAHKAMASI IQTISODIYoT SOHASIDA:
- yagona davlat siyosati amalga oshirilishini va industrial siyosat olib borilishini ta’minlaydi;
- milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish va diversifikatsiya qilishni ta’minlash choralarini ko‘radi;
- iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarini rivojlantirish strategiyalarini shakllantirishni ta’minlaydi;
- iqtisodiyot tarmoqlarini strategik rivojlantirish davlat dasturlarini, davlat rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqadi va amalga oshirishni ta’minlaydi;
- turizm industriyasini rivojlantirish va turizm infratuzilmasini kengaytirish uchun sharoitlar yaratadi;
- erkin iqtisodiy zonalar, texnoparklar, kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtiradi va monitoring qiladi;
- davlat boshqaruvi usullarini takomillashtiradi;
- qishloq xo‘jaligini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha choralar ko‘radi;
- urbanizatsiya jarayonlarini davlat tomonidan tartibga solishni va uy-joy sohasida davlat siyosatini amalga oshirishni ta’minlaydi;
- «xufyona» iqtisodiyot ulushini qisqartirish, iqtisodiy jarayonlarda davlat ishtirokini qisqartirish uchun shart-sharoitlar yaratadi;
- tadbirkorlarning, chet ellik investorlarning murojaatlari bilan ishlash choralarini ko‘radi.
- BUDJET, MOLIYa, KREDIT VA PUL SIYoSATINI AMALGA OShIRISh SOHASIDAGI VAKOLATLARI:
- budjet, moliya, kredit va pul siyosati sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishni ta’minlaydi;
- Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari, soliq va budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari ishlab chiqilishini va ijro etilishini tashkil etadi;
- Davlat budjetining barcha darajalarida mutanosiblikni ta’minlash, mahalliy budjetlarning daromad qismini mustahkamlash choralarini ko‘radi;
- samarali fiskal siyosatni yuritadi;
- pul-kredit siyosatini takomillashtirish, valyuta siyosatini liberallashtirish, valyuta sohasini tartibga solishning bozor mexanizmlarini joriy qilish, milliy valyuta barqarorligini ta’minlash choralarini ko‘radi;
- bank tizimi barqarorligini ta’minlaydi.
IJTIMOIY SOHADA:
- ijtimoiy sohada yagona davlat siyosatini amalga oshirishni ta’minlaydi;
- ta’lim tizimini rivojlantirishni, uning sifati va samaradorligini oshirishni ta’minlaydi;
- ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatini rag‘batlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
- maktabgacha ta’lim tizimini sog‘liqni saqlash tizimini, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish va takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
- ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
- oila, onalik va bolalikni himoyalashga ko‘maklashadi, yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha choralar ko‘radi;
- ijtimoiy yordam davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishni ta’minlaydi.
MADANIY-GUMANITAR SOHADA:
- madaniy-gumanitar sohada yagona davlat siyosatini amalga oshirishni ta’minlaydi;
- ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik sohasida rahbarlikni amalga oshiradi;
- madaniyatni, san’atni rivojlantirishga, madaniy qadriyatlardan keng ko‘lamda foydalanishni ta’minlashga, fuqarolarning ijtimoiy va madaniy hayotda to‘la huquqli tarzda ishtirok etishiga ko‘maklashadi;
- teatr-tomosha, madaniy-ma’rifiy tashkilotlar va muzeylarning faoliyatini rivojlantirish va takomillashtirish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha choralar ko‘radi;
- tarixiy va madaniy merosni muhofaza qilish, davlat tilini rivojlantirish va ijtimoiy hayotning barcha sohalarida mamlakatning butun hududida amal qilishini ta’minlaydi;
- xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish va rivojlanish choralarini ko‘radi.
HUDUDLARNI RIVOJLANTIRISh SOHASIDA:
- hududlarning iqtisodiyotini, tuman va shaharlarni kompleks va mutanosib holda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni ta’minlaydi;
- iqtisodiyot va ijtimoiy sohani rivojlantirish davlat dasturlarini, hududiy rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish choralarini ko‘radi;
- barcha darajadagi hududiy budjetlarning maqsadli ijrosini ta’minlaydi;
- hududlarni rivojlantirishning istiqbolli vazifalarini tashkil etish bo‘yicha davlat boshqaruvi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining muvofiqlashtirilgan ishini ta’minlash choralarini ko‘radi;
- hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish tendensiyalarining kompleks tahlilini yanada chuqurlashtirish, aholi bandligi va turmush darajasini izchil oshirish bo‘yicha islohotlarni amalga oshirish jarayonining monitoringini o‘tkazadi;
- hududlarning investitsiyaviy jozibadorligini yanada yaxshilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;
- hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha Prezident va Hukumat hujjatlari va topshiriqlari ijro etilish holatini maqsadli o‘rganishni amalga oshiradi;
- hududlarning iqtisodiy ko‘rsatkichlarini yaxshilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi.
EKOLOGIYa VA ATROF-MUHITNI MUHOFAZA QILISh SOHASIDA:
- atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik xavfsizlikni ta’minlash sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishni ta’minlaydi;
- fuqarolarning qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish, ekologik osoyishtalikni ta’minlash choralarini ko‘radi;
- tabiiy resurslarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish va tabiatdan foydalanishni tartibga solish faoliyatini tashkillashtiradi;
- tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini o‘tkazish hamda respublika va xalqaro ahamiyatga ega yirik ekologik dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
- yirik avariyalar va halokatlarning, shuningdek, tabiiy ofatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish choralarini ko‘radi.
- TAShQI SIYoSATNI AMALGA OShIRISh VA XALQARO ALOQALARNI RIVOJLANTIRISh SOHASIDA:
- O‘zbekistonning tashqi siyosatini amalga oshirishni ta’minlash, hukumatlararo aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
- Respublikaning xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardagi vakilligini ta’minlaydi;
- o‘z vakolatlari doirasida xalqaro shartnomalar tuzadi;
- xorijdagi shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish chora-tadbirlarini ko‘radi;
- O‘zbekiston va xorijiy davlatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyalar faoliyatini tashkil etishni ta’minlaydi.
INVESTITsIYaLAR VA TAShQI IQTISODIY FAOLIYaT SOHASIDA:
- yagona davlat investitsion siyosatini amalga oshirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni muvofiqlashtirishni ta’minlaydi;
- qulay investitsiya iqlimini yaratish va xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
- samarali bojxona-tarif siyosatini olib boradi;
- tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida rahbarlikni amalga oshiradi;
- O‘zbekistonning savdo, iqtisodiy, texnologik, transport va boshqa aloqalarini kengaytirish choralarini ko‘radi;
- o‘z vakolatlari doirasida xalqaro iqtisodiy tashkilotlar, moliya institutlari va boshqa ko‘ptomonlama savdo-iqtisodiy tizimlar doirasida hamkorlikni rivojlantiradi;
- tashqi savdo va xalqaro iqtisodiy hamkorlik sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishni ta’minlaydi;
- oliy va yuqori darajadagi tashriflar yakunlari bo‘yicha investitsion loyihalar va amaliy tadbirlar rejalari («yo‘l xaritalari»)ni sifatli amalga oshirishni ta’minlaydi;
- O‘zbekistonning to‘lov balansini ishlab chiqadi;
- chet eldan olinadigan kreditlar uchun Hukumat kafolatlarini beradi;
- O‘zbekistonning chet eldagi mulkiga egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi.
AXBOROT TEXNOLOGIYaLARI VA KOMMUNIKATsIYaLARINI RIVOJLANTIRISh SOHASIDA:
- axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishni ta’minlaydi;
- «Elektron hukumat» tizimini joriy qilishni ta’minlash, aholi, biznes va davlat o‘rtasida samarali o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun zarur sharoitlarni yaratadi;
- elektron davlat xizmatlari va telekommunikatsiya xizmatlari spektrini kengaytirish, telekommu-nikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish choralarini ko‘radi;
- axborot xavfsizligi va axborot muhofazasini ta’minlash, tarmoqlar, dasturiy mahsulotlar, axborot tizimlari va manbalari muhofazasining zamonaviy texnologiyalarini joriy qilish choralarini ko‘radi.
JAMOAT TARTIBINI SAQLASh, DAVLAT XAVFSIZLIGINI VA MUDOFAA QOBILIYaTINI TA’MINLASh SOHASIDA:
- davlat xavfsizligini va mudofaa qobiliyatini ta’minlash, davlat chegaralarini qo‘riqlash, davlat manfaatlarini himoya qilish, jamoat tartibini saqlash chora-tadbirlarini amalga oshirishga ko‘maklashadi;
- huquqbuzarliklar profilaktikasiga doir davlat dasturlarini ishlab chiqish, tasdiqlash va amalga oshirishni ta’minlaydi;
- huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlarning o‘zaro hamkorligini ta’minlaydi;
- mudofaa vazifalarini hal etish uchun zarur moliyaviy, moddiy va boshqa resurslarga bo‘lgan talab-ehtiyojlarini har tomonlama ta’minlash, mudofaa manfaatlarini ko‘zlab mamlakat hududini tezkorlik bilan jihozlash masalalarini hal etadi;
- Qurolli Kuchlarning qurol-yarog‘, harbiy texnika va boshqa moddiy-texnika vositalari bilan jihozlanishi hamda ta’minlanishini tashkil etadi;
- davlat harbiy buyurtmalarini shakllantirish va mudofaa ahamiyatiga molik ishlab chiqarishlarni tashkil etish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirishilini ta’minlaydi;
- xorijiy davlatlar bilan xarbiy va xarbiy-texnikaviy hamkorlikni kengaytirish choralarini ko‘radi;
- mamlakat iqtisodiyotining safarbarlik tayyor-garligini tashkil etadi, fuqaro muhofazasiga rahbarlikni amalga oshiradi.
Bundan tashqari yangi loyihada Hukumat faoliyatini tashkil etishning yangi ish uslublari, shu jumladan, HUDUDLARDA VAZIRLAR MAHKAMASINING MAVZULI SAYYoR MAJLISLARINI O‘TKAZISh tartibi nazarda tutilmoqda.
Bosh vazir o‘rinbosarlari va maslahatchilari, Hukumat a’zolarining vakolatlari va javobgarligi, shuningdek, ularni lavozimga tayinlash va ozod etish tartibi belgilanmoqda.
Vazirlar Mahkamasining Prezident va uning Administratsiyasi, sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlar hamda siyosiy partiyalar bilan o‘zaro munosabatlarining xususiyatlari belgilab berilmoqda.
Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarini o‘tkazish tartibi, Hukumat va uning Rayosati majlislarida ko‘rib chiqiladigan masalalar ro‘yxati mustahkamlanmoqda.
Hukumat a’zolari va Vazirlar Mahkamasi apparati xodimlarining ijtimoiy himoyasi kafolatlari belgilanmoqda.
Vazirlar Mahkamasi faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, xususan, Hukumat faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritish tartibi belgilanmoqda.
Yana bir muhim yangilik – Vazirlar Mahkamasining qarorlari va u yerda ishlaydigan mansabdor shaxslar harakati (harakatsizligi) ustidan belgilangan tartibda sudga murojaat qilish mumkinligi qayd etilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter