Deputatlar faqat chapak chalmasligi lozim — Kengash hisoboti

Kecha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Nukus tumanida Xalq deputatlari kengashi bo‘lib o‘tdi. Kengash davomida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichlari muhokama qilindi. Avvaliga tuman hokimi Omirbay Usnatdinov tumandagi vaziyat haqida hisobot berib o‘tdi. Shundan so‘ng deputatlar o‘z savollari bilan hokimga murojaat qilishdi.
Ko‘tarilgan masalalar ichida murojaatlar bilan ishlash, tadbirkorlarga kredit ajratish, o‘rta ta’lim maktablariga malakali o‘qituvchilarni ishga olish, Yer kodeksiga ko‘ra fermerlarga yer berish shartlari, tabiiy gaz ta’minoti va yo‘l ta’miri ko‘rib chiqildi. Barcha savollarga tuman hokimi batafsil javob berdi. Garchi Omirbay Usnatdinov tumanga besh oy muqaddam hokim etib tayinlangan bo‘lsa-da 2019 yilgi ko‘rsatkichlarga ham javobgar ekanini bir necha bor ta’kidlab o‘tdi.
— Tan olish lozim, tumanda ba’zi muammolar bor va ularni hal qilish uchun astoydil harakat qilyapmiz. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev eng avvalo xalqni rozi qilishni talab etmoqda. Mana shu talab asosida ishlashga intilyapmiz. Agar qayerdadir yetarlicha harakat qilmagan yoki e’tiborsizlikka yo‘l qo‘ygan bo‘lsak, aybimizni tan olamiz. Tuman uchun men va mening jamoam javobgar. Buni yoddan chiqarib qo‘yganim yo‘q. Ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlarni yaxshilash uchun harakat qilmoqdamiz. Nasib qilsa, shu yilning oxiriga qadar qizil hududdan sariq hududga, kelasi yilda esa yashil hududga o‘tishga va’da beraman, — deya aytib o‘tdi hokim.
Eslatma: Joriy yilning may oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni reyting baholash tizimini joriy etish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan edi. Unga ko‘ra, har yili hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanganlik bo‘yicha reytinglari e’lon qilinishi ko‘zda tutilgan. Reyting tuzishda yangi ish o‘rinlarini yaratish, ishsizlikni kamaytirish, aholi turmush sifatini yaxshilash kabilarga alohida e’tibor qaratiladi.
Reyting asnosida ko‘rsatkichlari o‘ta past bo‘lgan tumanlar «qizil», o‘rtacha natija qayd etganlari «sariq» va yaxshi ish olib borilgan tumanlar «yashil» hudud sifatida belgilab olinadi.
Omirbay Usnatdinovning ta’kidlashicha, tumandagi yo‘llarni ta’mirlash uchun allaqachon 20 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan, ammo karantin tufayli ish to‘xtab qolgan edi. Yaqinda ta’mirlash ishlari qayta tiklandi va tez orada yo‘llar sozlanadi.
Nukus tumanini rivojlantirishda asosiy drayverlardan biri qishloq xo‘jaligi hisoblanadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev yaqinda Qoraqalpog‘istonga qilgan tashrifi chog‘ida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning o‘nta ustivor yo‘nalishi belgilangandi. Shunga monand Nukus tumanida yetarlicha samara keltirmayotgan yerlarni paxtadan ozod qilinib, meva-sabzavot yetishtirishga yo‘naltirilish ko‘zda tutilgan. Ayni vaqtda tumanda beshta klaster tashkil etilgan bo‘lib, dehqonchilik bilan bir qatorda chorvachilik va sut mahsulotlarini yetishtirish ham yo‘lga qo‘yilmoqda. Yana bir istiqbolli soha esa issiqxona bo‘lib turibdi.
— Men tuman boshqaruviga kelganda bor-yo‘g‘i ikki yarim gektar issiqxona bor edi, —deydi tuman hokimi. — Ayni vaqtda ko‘lamni 200 gektarga yetkazish maqsad qilingan. Dastlabki ishlar bajarilgan, tadbirkor o‘z hisobidan yerni tekislab, issiqxona qurishga tayyor qilib berilgan. Bu yog‘i endi banklardan kredit ajratishga borib taqalyapti.
Kengash davomida ma’lum bo‘lishicha, tumandagi Xalq banki va Mikrokredit bank filiallari tomonidan tadbirkorga o‘z vaqtida kredit ajratilmagan. Deputatlar ushbu masalani nazoratga olishga qaror qilishdi.
E’tiborli tomoni, Nukus tumaniga tabiatdan ajoyib sovg‘a berilgan. Bu yerlarda qizilmiya o‘simligi juda ko‘p o‘sadi. Uning ildizi esa farmatsevtika va parfyumeriya uchun asosiy xom-ashyolardan biri hisoblanadi. Tumanda mana shu xom-ashyoni tayyorlab beradigan ikkita korxona bor. «Nukus Ekoplant ekstrat» MChJ ana o‘sha korxonalardan biri hisoblanadi.
— Biz qizilmiya tomirini aholidan 1000-1200 so‘m atrofida sotib olamiz va uni qayta ishlaymiz. Qayta ishlash jarayonida bir tonna ildizdan 75 kilogramm atrofida kukun olinadi. Mana shu kukunning bir kilosini 5 AQSh dollari evaziga Xitoyga sotamiz. Bu yilgi rejamiz 150 tonnadan iborat edi, ammo nasib bo‘lsa 200 tonna mahsulot yetkazib berishni maqsad qilganmiz, — deydi korxona ish boshqaruvchisi Qurbonboy Xolbekov.

«Nukus Ekoplant ekstrat» korxonasida 68 kishi ikki smenada faoliyat olib boradi. Bundan tashqari, tomir terish mavsumida yana 200 kishi qo‘shimcha daromadga ega bo‘lishi mumkin. Xabar.uz muxbiri korxona mutaxassislari bilan birgalikda hisoblab chiqdi — 200 tonna mahsulot olish uchun korxonaga bir yilda 2-2.5 ming tonna qizilmiya ildizi kerak bo‘larkan. Ushbu xom-ashyoning bir kilogrammi aholidan 1000-1200 so‘mdan sotib olinadi. Qizilmiya ildizi dekabr-yanvar oylarida terib olinadi. Demak, 200 nafar mavsumiy ishchining har biri ikki oy davomida 25 million so‘mdan ishlab olishi mumkin bo‘ladi.
Ammo bu o‘rinda bir muammo yuzaga kelishi mumkin — qizilmiya ildizi ko‘plab yig‘ib olinishi natijasida ekologiyaga zarar yetmaydimi? O‘simlik yo‘q bo‘lib ketmaydimi? Korxona rahbarining aytishicha, hammasi o‘ylab qo‘yilgan — 150 gektar yer maydonida qizilmiya plantatsiyasi tashkil etilmoqda. Nasib etsa, yaqin yillarda asosiy xom-ashyo o‘sha yerdan olinadi. Boz ustiga fermerlar ham qizilmiya yetishtira boshlaydi. Yerdan maqsadli foydalanmaganlar esa fermerlikdan mosuvo etiladi.

— Qizilmiyani qayta ishlash bo‘yicha to‘liq tizim yaratilgan. Bu borada ekologiya qo‘mitasining ham xulosasi olingan va fermerlarga o‘simlik yetishtirish bo‘yicha reja berilgan, — dedi kengash davomida tuman hokimi Omirbay Usnatdinov. — Afsuski qizilmiya yetkazib berilishi lozim bo‘lgan hamma fermerlar ham ko‘ngildagidek ishlay olmayapti. Ayni vaqtda ularning faoliyatini o‘rganish jarayoni boshlangan. Yerdan o‘rinli foydalanmagan va qizilmiya ildizi olingan hududlarda qayta ekish ishlarini olib bormagan fermerlardan yer o‘rnatilgan tartibda olib qo‘yiladi.
Tuman Xalq deputatlari kengashi davomida yana bir qator masalalar ko‘rib chiqildi. E’tiborli tomoni, bunday jonli muloqot kengash tarixida birinchi marta kuzatilmoqda. Buni mahalliy jurnalistlar ham qayd etib o‘tishdi.
— Deputat degani hokim nima desa ma’qullab, chapak chalib ketavermasligi lozim. Bunga qadar qabul qilingan qarorlarni deputatlar faqat qo‘llab-quvvatlagan. Demak, qayd etilgan kamchiliklarda ularning ham aybi bor. Prezidentimiz talabiga ko‘ra, deputatlar o‘z tashabbusi bilan chiqishi lozim. Hozircha bunaqa deputatlarni ko‘p uchratmayapmiz. Demak, ular ham o‘zini isloh qilishi lozim, — jurnalistlar tomonidan mana shunday tanqidiy munosabat bildirildi.
Nukus tuman xalq deputatlari bundan so‘ng ham kengash yig‘ilishiga jurnalistlarni taklif etishga kelishib olishdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter