Dunyodagi eng antiqa qonunlar

«Mahallada duv-duv gap» badiiy filmidagi «tinib-tinchimagan odamlar-ey, nimalarni o‘ylab topishmaydi-ya?!» degan iborani har birimiz tabassum bilan eslaymiz. Bir so‘z bilan aytganda, original chiqqan ushbu iborani turli davrlarda amalda bo‘lgan qonunlar misolida ham ko‘rish mumkin: «tinib tinchimagan qonunchilar-ey, qanaqa qonunlar ishlab chiqishmaydi-ya?..».
• Qadimgi yunonlar o‘zlarining go‘zallik va muhabbat ma’budasi Afroditani hurmat qilmagan va uning sharafiga bunyod etilgan ibodatxonaga tez-tez qatnab turmagan fuqarolarga katta miqdorda jarima solishardi. Agar bu hol yana bir bor qaytarilsa, huquqbuzar kohinlarga ketma-ket uch oy jarima to‘lashi shart edi.
• XVIII asr oxiriga qadar Peterburgdagi mehmonxonalarda hammom bo‘lmasa, mehmonxona sohibi yaxshigina jarima to‘lashga majbur edi. Mazkur jarima shaxsan Petr I(1672-1725)ning buyrug‘i bilan joriy qilingan. Uning o‘zi bir gal Peterburgdan Moskvaga safar qilganida, shahar mehmonxonalaridan birida tunab qolishga majbur bo‘lgan. Bu yerda hammom yo‘qligini ko‘rib, podshohning rosa jahli chiqqan ekan.
• Devorlarga turli yozuvlarni bitish yomon odat ekanini bilamiz. Buyuk Britaniya qirolichasi Viktoriya (1837-1901) maxsus farmon chiqarib, Vestminster ko‘prigi devorlariga biror-bir yozuv yozgan kishini olti oy qamab qo‘yishni buyurgan.
• Germaniyaliklar XX asrga qadar pichan yaqinida tamaki chekadiganlarni haqiqiy jinoyatchi deb hisoblashgan. Agar biror kishi pichan g‘arami yonida gugurt chaqsa bormi, mavsumga qarab uch oydan ikki yilgacha qamalib ketishi turgan gap edi!
• Ispaniya va Italiyada XIX asrning ikkinchi yarmida imzosiz do‘q-po‘pisa maktublarini yozish taqiqlab qo‘yilgan.
• Angliyada kumush qoshiqlarni o‘g‘irlagan har qanday odam yetti yilga uzoq o‘lkalarga surgun qilinardi.
• Londonning asosiy ko‘chalari bo‘ylab foytunda sayr qilayotgan har bir jentlmen sayohatga chiqishidan oldin albatta yuzini sovunlab yuvishi shart edi. Chunki XIX asrda kir yuz bilan Londonning markaziy ko‘chalarida yurganlar uchun 3 yil qamoq jazosi belgilangandi.
• O‘rta asrlarda Ispaniyada yashagan badavlat senorlar, xudo ko‘rsatmasin, qirol janobi oliylarining libosiga o‘xshash kiyim tiktirsa bormi, shu zahoti darra bilan savalanib, so‘ng bir umrga mamlakatdan badarg‘a qilinardi!
• Qadimgi Novgorod knyazligida esa aholi uylarining oldidan katta yo‘l o‘tmagan bo‘lsa, yaxshigina jarima to‘lagan.
• Qadimda yashab o‘tgan portugaliyalik katta savdogarlar ovozi past bo‘lgan mayda savdogarlardan jarima undirishardi. Chunki past ovozli savdogarni bozorda hech kim eshitmaydi, binobarin, savdosi ham kamayadi.
• Afrika qit’asining janubida joylashgan Svazilend qirolligida uzoq vaqtlar mobaynida antiqa qonun amalda edi: turmushga berayotgan qizini to‘ydan oldin yaxshilab boqib, semirtirmagan oilalardan katta mikdorda jarima undirilgan! Axir cho‘pdek ozg‘in kelin kimga ham kerak?
• Pyotr I hukmronligi davrida Rossiyada o‘lim jazosi qo‘llanadigan jinoyatlar soni 123 taga yetgan. Ular jumlasiga xudoni, diniy marosimlarni haqoratlash, butparastlik, jodugarlik, shayton bilan aloqada bo‘lish, muqaddas hisoblanadigan buyumlarni tahqirlash, shoh buyruqlariga o‘zgartirish kiritish yoki ular yozilgan qog‘ozni yirtib tashlash, sudda adolatsiz hukm chiqarish, yolg‘on guvohlik berish, talon-toroj qilish, poraxo‘rlik, nomusga tegish, besoqolbozlik, zino, kissavurlik, dengiz floti uchun zarur bo‘lgan emanzordagi daraxtlarni noqonuniy yo‘l bilan kesish kabi jinoyatlar kirgan.
Abdumajid Ahmedov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter