Dunyoni kimyoviy qurollardan xalos qilish: KQTT haqida bilishimiz kerak bo‘lgan 4 fakt

Dunyoning 192 davlatini o‘zida birlashtirgan Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkiloti (KQTT — OPCW) 14- aprel kuni Suriyaga qarshi uyushtirilgan hujumdan so‘ng 16-aprel kuni Gaagada yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda «Euronews» xabar bermoqda. Quyida tashkilot faoliyatiga doir 4 ta fakt bilan tanishtiramiz.
KQTT qanday tashkilot?
1997-yilda tashkil etilgan ushbu tashkilotning shtab-kvartirasi Niderlandiyaning Gaaga shahrida joylashgan bo‘lib, u kimyoviy qurollarni taqiqlash to‘g‘risidagi konvensiya shartlarining bajarilishini nazorat qiladi.
Kimyoviy qurollarning ishlatilish tarixi juda uzoqlarga borib taqalsa-da, zamonaviy kimyoviy qurollar ilk bora Birinchi jahon urushida qo‘llangan. Keyinchalik ikkala jahon urushi oralig‘ida ham bir necha marta ulardan janglarda foydalanilgan. Jumladan, 1921 — 1927-yillarda Afrikadagi ispan armiyasi Marokashdagi Abdulqodir Xattobiy boshchiligidagi qo‘zg‘olonchilarga qarshi kimyoviy qurol ishlatgan. 1935 — 1936-yillarda Italiya armiyasi ikkinchi Italiya-Efiopiya urushida 350 tonna kimyoviy qurol ishlatgan. 1937 — 1938-yillarda xitoy-yapon urushida Yaponiyaning o‘sha paytdagi imperatori Shova dushman qo‘shini va mahalliy aholiga qarshi kimyoviy qurollardan foydalanishga ruxsat beradi.
Ikkinchi jahon urushida ham kimyoviy qurol keng qo‘llangan. Urushdan keyin kimyoviy quroldan foydalanish cheklangan miqdorda davom etgan. Jumladan, Vetnamdagi urushda hamda Yaqin Sharqdagi urushlarda kimyoviy qurollar ishlatilgan.
Nihoyat, 20 yillik muzokaralardan so‘ng 1997-yilning 29-aprel kuni kimyoviy qurollarni taqiqlash to‘g‘risidagi konvensiya kuchga kirdi. 192 davlatni qamrab oluvchi KQTT 2013 yilda kimyoviy qurollarni yo‘q qilishdagi harakatlari uchun tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga loyiq ko‘rildi. Hozir faqatgina uchta davlat — Isroil, Misr va Shimoliy Koreya tashkilotga a’zo bo‘lmagan.
Oxirgi 20 yilda tashkilot dunyodagi kimyoviy qurollarning 96 foizi yoki 72304 tonna kimyoviy arsenallarning yo‘q qilinishiga erishdi. AQSh ham kelgusi yillarda o‘zining kimyoviy qurollarini yo‘q qilishi kutilmoqda.
2017-yilning sentyabr oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakat o‘zining kimyoviy qurollarini butunlay yo‘q qilganini xabar qilgan edi.
KQTT qanday faoliyat olib boradi?
Kimyoviy qurollarni taqiqlash haqidagi konvensiyani imzolagan davlat o‘zidagi va boshqa davlat hududida qoldirib ketgan kimyoviy qurollarini yo‘q qilish majburiyatini oladi. Shuningdek, u bunday qurollarni ishlab chiqarishdan butunlay voz kechishi lozim.
Tashkilot, shuningdek, kimyoviy qurol ishlatilgan hududda tekshiruv ishlarini olib boradi. KQTT ekspertlari guruhi odatda harbiylar va olimlardan tashkil topadi. Namunalar tashkilotning Gaaga, Reykyavik kabi shaharlardagi laboratoriyalariga chuqur tahlil qilish uchun yuboriladi.
Tashkilot 1997-yildan buyon 6785 ta shunday tekshiruv o‘tkazdi. Ulardan 3170 tasi kimyoviy qurol ishlatilgan hududlarda amalga oshirilgan bo‘lsa, 3615 tasi sanoat hududlarida o‘tkazildi.
2018-yilda Moskva tashkilotni GRUning sobiq polkovnigi Sergey Skripalning zaharlanishiga oid tekshiruv natijalarini soxtalashtirganlikda aybladi.
KQTT Suriyada nima bilan mashg‘ul?
Suriya xalqaro hamjamiyat bosimi ostida 2013-yilning sentyabr oyida tashkilotga a’zo bo‘ldi. Avvalroq Moskva va Vashington Suriyaning kimyoviy qurollarini yo‘q qilishiga doir kelishuvni imzolagan edi. Bunday kelishuv 2013-yilning 21-avgust kuni minglab odamlarning o‘limiga sabab bo‘lgan, Suriya hukumati amalga oshirgan kimyoviy hujum ortidan AQShning Suriyaga ehtimoliy hujumidan qochish uchun imzolangan edi.
Tashkilot hisob-kitoblariga ko‘ra Suriya o‘zidagi kimyoviy qurollarning hammasini, ya’ni 1300 tonna qurolini 2016-yilning yanvar oyigacha yo‘q qilgan. Shunga qaramay, tashkilot bosh kotibi Ahmet Uzumchi doimiy ravishda Suriya hisobotlarida kamchilik borligini aytib keladi.
2014-yilda tashkilot inspektorlari fuqarolar urushi girdobiga g‘arq bo‘lgan Suriyada tekshiruv ishlarini olib bordi. 2014-yil may oyida tashkilot ekspertlari bombardimonlar qurboni bo‘lishdi.
2015-yilda BMT Xavfsizlik kengashi BMT va KQTT a’zolaridan iborat «Joint Investigative Mechanism» (JIM) nomli qo‘shma tekshiruv missiyasini tashkil qildi. Uning vakolati muddati 2017-yilda yakuniga yetdi.
Ushbu missiya Suriya armiyasini 2014 — 2015-yillarda amalga oshirilgan uchta kimyoviy hujumda, jumladan ikki bora xlordan foydalanganlikda aybdor deb topdi. Shuningdek, BMT va KQTT 2017-yilning aprel oyida Xon Shayxunda amalga oshirilgan kimyoviy hujumda ham Suriya armiyasini aybdor deb topdi va shundan so‘ng AQSh Suriya harbiy bazasiga havodan zarbalar berdi.
Qandaydir sanksiyalar ko‘zda tutilganmi?
KQTT ko‘proq nazorat organi hisoblanadi va a’zo davlatlarning hisobotlarida ularning halolligiga tayanib ish ko‘radi.
Suriyadagi fuqarolar urushida ishlatilgan xlor kabi kimyoviy moddalar bunday deklaratsiyalarga kiritilmaydi, chunki ular sanoatda va qishloq xo‘jaligida qo‘llanadi.
Konvensiyada aniq belgilangan jazo choralari mavjud emas. Bugunga kunda qadar Suriyaning kimyoviy qurol ishlatgani haqida ayblovlar bo‘lishiga qaramasdan birorta a’zo davlat konvensiya shartlarining buzilgani haqida ochiq bayonot bilan chiqmadi.
Jahongir Ostonov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter