Gaz, elektr, 300 dollar maosh — Hokim Andijonni qanday rivojlantirish mumkinligini aytdi

Andijon shahar hokimi Bahromjon Haydarov 2020 yilda amalga oshirilgan asosiy ishlar yakuni va 2021 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha xalqqa hisobot berdi. Ma’ruza davomida kambag‘al oilalar, iqtisod, jamoat transporti va mehnat muhojirlari haqida ma’lumot berildi.
— 2020 yil davomida aholining muhtoj qismi bilan ko‘p muloqotda bo‘ldik. Tan olish lozim, Prezident temir daftar, ayollar daftari va yoshlar daftarini tuzish topshirig‘ini bermaganda, o‘zimiz beparvo bo‘lib yuraverardik. Shu vaqtga qadar muhtojlar holidan xabar olish tizimli yo‘lga qo‘yilmagan edi. Bu ham bo‘lsa bizning aybimiz. Aholining barcha qatlamini qamrab olish maqsadida tuzilgan daftarlar tufayli aholi bilan yaqindan muloqot qilish ham yo‘lga qo‘yildi.
Shu o‘rinda bir qator misollar keltirsam. Temir daftarga tushib qolgan oilalardan biridan xabar olish jarayonida ularning qizi Turkiyada mehnat qilayotgani aniqlandi. Ona bilan suhbat vaqtida qizi bilan telefon orqali aloqaga chiqishni so‘radik. Aniqlanishicha, Turkiyada mehnat qilayotgan fuqaromiz mahalliy aholi vakillaridan birining uyida oqsochlik qilib, 300 dollar maosh olayotgan ekan. Biz undan O‘zbekistonga aytib, shu yerda mehnat qilishni so‘radik. «Kuniga ishga olib borib, olib keladigan transport va ikki mahal ovqat bilan ta’minlanasiz. O‘zbekistonda ishlab ham oyiga 300 dollardan ko‘proq pul topish mumkin», — degandim, o‘sha qizimiz yig‘lab yubordi.
Bunaqa suhbatlar ko‘plab o‘tkazildi. Shuningdek Rossiyadan ham bir qator fuqarolarimizni qaytarishga muvaffaq bo‘ldik.
OAV, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa resurslarda Andijon shahrining turizm potensialini targ‘ib qilishni rejalashtirganmiz. Oddiygina tungi Andijonni ko‘rsata olsak, qiziqadiganlar ko‘payadi, ichki turizm ham rivojlanadi.
Jamoat transporti tizimini rivojlantirish uchun Xitoydan 236 ta yangi avtobus olib kelinadi. Shahar ko‘chalarida avtobus marshrutlari tashkil etiladi. Turistlar aylanishi uchun to‘rtta usti ochiq avtobus olib kelishni rejalashtirganmiz.
2020 yilda asosiy drayverimiz qurilish sohasi bo‘ldi. 2021 yilda qurilish ko‘lamini 10 barobarga oshirish, turizm bo‘yicha katta loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Buning uchun xorijdan investitsiya jalb qilinadi.
Hisobotdan so‘ng deputatlar turli masalalar bilan hokimni savolga tutishdi. Ta’kidlash joiz, tadbirning savol-javob qismi ancha qizg‘in kechdi.
— Shaharda bir qator maktablar ta’mirdan chiqarildi. Ta’lim sohasida mayda-chuyda jihat bo‘lmasligi lozim. Oddiy xojatxonalar masalasini ham hal qilib qo‘yishimiz shart. Bu borada qanday tadbirlar rejalashtirilgan?
— Kelasi yilda maktablardagi kamida 50 ta xojatxona ta’mirlanadi. Shu bilan birga ta’lim maskanlaridagi sport-sog‘lomlashtirish sohasini yangilash ham katta e’tibor talab qiladi. Shu vaqtga qadar hokimlikka 20 ta tadbirkor tashabbus bilan keldi. Ular maktablarda stadion qurib berish taklifi bilan chiqishgan. Nasib qilsa keyingi kengashda bu masalani deputatlar bilan birga muhokama qilamiz.
— Tibbiyot muassasalarida sharoitni yaxshilash, axborot texnologiyalari bilan ta’minlash masalasi qanday ketyapti?
— Shahrimizdagi tibbiyot birlashmalariga 500 ta konditsioner o‘rnatiladi va 1000 ta kompyuter bilan ta’minlanadi. Tibbiyot ishini zamonaviy yo‘nalishga o‘tkazishimiz lozim. Barcha kerakli asbob-anjomlar tibbiyot muassasalariga yetkazib beriladi. Bu borada vaziyat ancha yaxshilangan. Ilgari bemorlar uchun oddiy krovatni ham chetdan olib kelardik. Hozir nafaqat bemorlar uchun mo‘ljallangan krovatlar, balki jarrohlik amaliyoti o‘tkaziladigani ham o‘zimizda ishlab chiqarilmoqda. Biz barchasini shifokorlarga yetkazib beramiz.
— Xalqni qiynab turgan masala elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minoti bo‘lib turibdi. Ba’zi mahallalarda tadbirkor transformatorga ulanib olgani uchun aholiga energiya yetarlicha yetib bormayapti. Bu masalada nima qilmoqchisiz?
-Savol uchun katta rahmat, bugungi kunimiz uchun dolzarb bo‘lib turgan masalani ko‘tardingiz. Bugungi kunga kelib Andijon shahri 100 foiz elektr energiyasi bilan ta’minlangan. Agar biror joyda uzilishlar uchrab turgan bo‘lsa, bunga sabablar mavjud. Xususan, shaharga elektr energiyasi ikkita yo‘nalishda olib kelingan. Texnik zaruriyat tufayli birini ikkinchisiga o‘tkazayotganda bir soatga chiroq o‘chayotgan bo‘lishi mumkin.
Gaz masalasi biroz muammoliroq. Gap shundaki, Andijonga tabiiy gaz Buxorodan tortib kelinadi. Oxirgi ikki hafta gaz bosimi pasayib ketgan edi. Dovondagi ikkita nimstansiya ta’mirlangandan so‘ng gaz bosimi oshirildi. 2021 yilda ichki yo‘llar ta’mirini ikki barobarga oshirish, simyog‘ochlar almashtirish va 100 kilometrdan ortiq yangi liniyalar tortib, 50 ga yaqin nimstansiyalar almashtirilishi rejalashtirilgan.
— Aholini ipoteka krediti bilan ta’minlash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi. Ammo ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim fuqarolar kreditning 10 foizini ham to‘lay olmaydi. Nogironlar, ijtimoiy og‘ir holatga tushib qolgan ayollar bor. Ularni qanday qo‘llab-quvvatlamoqchisiz?
— To‘g‘ri va dolzarb mavzu. Ayollar va yoshlar temir daftarlari bekorga tuzilmagan. Joriy yilda shahar budjetiga 17 milliard so‘m orttirib, tushirgan bo‘lsak, kelasi yilda 30 milliard so‘m topish rejalashtirilgan. Shu mablag‘ning 30 foizi temir daftarga yo‘naltirilishi lozim. Biz bir yilda 6 ta oilaga 10 foiz boshlang‘ich badalini to‘lab berishimiz mumkin. Bundan tashqari, shaharning ichki imkoniyatidan kelib chiqib, yana qo‘shimcha oilalarga yordam ko‘rsata olamiz. Kelasi yil muhtoj oilalardan ko‘proq topib, kengash muhokamasiga qo‘yishni rejalashtirganmiz. Buning uchun chorakma-chorak ko‘rsatkichlarni bajarib borishimiz lozim. Shunda qo‘shimcha mablag‘ shakllanadi. Agar joriy yil 20 ta oilaning boshlang‘ich badalini to‘lab bergan bo‘lsak, kelasi yil 50 ta oilani ta’minlashimiz mumkin.
— Hisobotingiz keng qamrovli bo‘ldi va barcha ko‘rsatkichlarda o‘sish kuzatilgani aytilmoqda. Unda aytilishicha, 9402 ta oila temir daftarga kiritilgani va barchasi chiqarilgan. Qaysi mezonlar asosida bu oilalar temir daftardan chiqarildi? Masalan, 4 kishilik oila temir daftardan chiqishi uchun qanday daromad minimumi belgilangan?
— Bunday oilalar uchun 3 million so‘m daromad belgilab olingan. Temir daftardan chiqarilgan oilalarning mehnatga yaroqli har bir a’zosi ish bilan ta’minlandi. Ular ish joyiga borib-kelishi uchun transport joriy etilgan va 1 300 000 so‘mdan 2 000 000 so‘mgacha maosh olishi ta’minlandi. Temir daftardagi oilalarning har bir a’zosi necha yoshda ekani batafsil yozilgan. Ishga joylashgan odamlar kamida ikki oy INPSga pul o‘tkaza olgach, ro‘yxatdan chiqarilgan.
— Shunday oilalar borki, ularni temir daftardan chiqarish mumkin emas. Nogironlar va himoyaga muhtojlar bilan qanday ish olib borilyapti?
— 600 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga homiy biriktirilgan. Ular ro‘zg‘or harajatlarini qilib berishmoqda. Bu oilalar temir daftardan chiqarilishi mumkin emas. Ularning har biri nazoratimiz ostida.
— Hisobotingizda mehnat muhojirlarini ish bilan ta’minlash haqida gap ketdi. Statistikaga ko‘ra muhojirlar xorijdan yuborayotgan pul mamlakat yalpi ichki mahsulotining 6 foizini tashkil etadi. Mehnat muhojirlarini O‘zbekistonga qaytarishga urinish qay darajada to‘g‘ri?
— Biz mehnat muhojirlarining xorijga ketishini qonuniylashtirish bo‘yicha ish olib bormoqchimiz. Muhojirlarni ortga qaytargan yaxshi, biroq shu bilan birga faoliyatini qonuniylashtirish ham shart. Masalan, qishloqlardan Rossiyaga ketayotgan bolalarimiz na tilni biladi, na malakasi bor. Bunday malakasiz ishchilarni qaytarib kelsak, yoki ularni o‘qitib, malakali qilib, so‘ngra xorijga yuborsak, ularni himoya qilgan bo‘lamiz. Hozir ular hech qanday himoyaga ega emas. O‘zlari joy topib, amallab yotib-turib, ishlab yuribdi. Ayniqsa pandemiya vaqtida ishsiz qolganlarning himoyasiz bo‘lib qoldi. Shuning uchun biz xorijga ketayotgan fuqarolarimizga til o‘rgatib, qonuniy yo‘l bilan ishlashini ta’minlab berishimiz kerak.
— Turkiyada ishlayotgan qiz 300 dollar maosh olganini aytdingiz. Andijon shahridagi tekstil korxonalaridan birida ishchi ayollar 1 yarim million so‘m maosh olar ekan. O‘sha qizga qanday qilib 3 million so‘m maoshli ish topib berdingiz?
— Malakali xodimlar yaxshi maosh olishadi. Biz aytib o‘tgan oila ilgari kasanachilik bilan shug‘ullangan ekan. Uni qo‘rqmasdan chaqirganimga sabab shundaki, buyurtma bo‘lsa, bemalol chevarchilik bilan oyiga 5 million so‘m topa oladi. Biz kerakli korxonalar bilan maslahatlashib, hisob kitob qildik, ona-bola bemalol 5 million topa olar ekan. To‘g‘ri, Andijonda hozircha ish kuchi juda arzon. Ammo bu ham vaqtincha. Masalan, qurilish bizning asosiy drayverimiz bo‘lsa, malakali yoshlarimiz shartnoma imzolab, yaxshi maosh olishlari mumkin. Biz tadbirkorlikning boshqa sohalarini ham o‘ylashimiz kerak. Andijon tez rivojlanishi uchun bitta yo‘l bor — YaTT, oilaviy tadbirkorlik va ishlab chiqarishni kuchaytirishimiz kerak. Andijonda aholi juda zich joylashgan. Shuning uchun, har bir fuqaromizni band qila olishimiz lozim.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter